Logo

2026-yil yozining birinchi oyi qanday ob-havoda o‘tdi?

Bugun 14:402 daqiqa

O‘zbekistonda iyun oyi odatdagidan iliqroq kechdi, ammo kuchli issiq o‘rniga ayrim hududlarda jadal yomg‘irlar va sel hodisalari qayd etildi.

2026-yil yozining birinchi oyi qanday ob-havoda o‘tdi? © smartik.ru

O‘zbekistonda iyun oyida havo harorati hududlarning katta qismida iqlimiy me’yordan 1−2 daraja yuqori bo‘ldi. Bu haqda O‘zgidromet oylik ob-havo tahlilida ma’lum qildi.

Mutaxassislarga ko‘ra, oy davomida rekord darajadagi issiq kuzatilmagan. Kunduzgi harorat asosan +31...+36 daraja atrofida bo‘lgan, eng issiq kunlarda esa ayrim hududlarda +42...+43 darajagacha ko‘tarilgan.

Biroq o‘tgan yilgi qurg‘oqchil iyundan farqli ravishda, bu yil yomg‘irlar tez-tez yog‘di. Ayrim hududlarda qisqa muddatli, lekin kuchli yog‘ingarchiliklar kuzatilib, sutkalik rekordlar yangilandi.

Yomg‘irlar yangi rekord o‘rnatdi

3-iyun kuni Shohimardonda bir kecha-kunduzda 45 millimetr yog‘in qayd etilib, iyun oyi uchun yangi sutkalik ko‘rsatkich o‘rnatildi. 15-iyunda Qoraqalpoq meteostansiyasida 3,5 soat ichida 31 millimetr yomg‘ir yoqqan.

19-iyun kuni Samarqandda 25 daqiqada 25 millimetr yog‘in tushib, yana bir rekord qayd etildi. Shu bilan birga, yaqin hududlarda yog‘ingarchilik umuman kuzatilmagan holatlar ham bo‘lgan.

Kuchli jala Navoiy, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarining tog‘oldi hamda tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlariga sabab bo‘lgan.

Iqlim o‘zgarishi ta’siri

O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyidagi yog‘ingarchiliklar asosan mahalliy xususiyatga ega bo‘lgan. Bir shahar yoki hududning o‘zida ham ob-havo keskin farq qilgan holatlar kuzatilgan.

Oy davomida ayrim joylarda shamol tezligi sekundiga 15−20 metrgacha kuchaygan, Ustyurtda esa 22−25 metrga yetgan. Shimoliy, cho‘l va janubiy hududlarda chang bo‘ronlari ham qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq iyul oyi O‘zbekistonda me’yordan ancha issiq kelishi kutilayotganligi haqida ma’lumot bergan edik. Ayrim hududlarda harorat +45 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid