
«Anorbank» bank rahbarining Fransiyada o‘g‘irlanishi bo‘yicha rasmiy bayonot berdi: voqea bankning operatsion faoliyatiga aloqador emas
03.07.2025 | 16:0031684
Ushbu hodisa shaxsiy, korporativ bo‘lmagan xususiyatga ega bo‘lib, bankning operatsion faoliyatiga aloqador emas, deyiladi bankning rasmiy munosabatida.

«Anorbank» aksiyadori ishtirokidagi O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ro‘y bergan voqea to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida tarqalayotgan ma’lumotlar yuzasidan bank quyidagilarni ma’lum qildi:
«Ushbu hodisa shaxsiy, korporativ bo‘lmagan xususiyatga ega bo‘lib, bankning operatsion faoliyatiga aloqador emas. «Anorbank» o‘z ishini odatdagi tartibda davom ettirmoqda — barcha bo‘limlar, xizmatlar va raqamli kanallar barqaror ishlayapti, joriy va strategik loyihalar tasdiqlangan rejalarga muvofiq amalga oshirilmoqda.
«Anorbank» ommaviy axborot vositalari vakillaridan ushbu mavzuni yoritishda axloqiy me’yorlarga rioya qilishni, tekshirilmagan ma’lumotlarni e’lon qilmaslikni va shaxsiy hayot daxlsizligini hurmat qilishni so‘raydi. Bank, shuningdek, ortiqcha muhokamalar yoki tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatish rasmiy tergov jarayoniga ham, jabrlanuvchining shaxsiy hayoti daxlsizligiga hurmat ko‘rsatishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligiga e’tiborni qaratadi.
«Anorbank» barqarorlik, professionallik va mas’uliyatni saqlagan holda har bir mijoz uchun ishonchli moliyaviy hamkor bo‘lish vazifasiga sodiq qolishda davom etadi.
«Anorbank» tarqalayotgan ma’lumotlarga tushunish va hamdardlik bilan yondashgan barcha mijozlar, hamkorlar va hamkasblarga chuqur minnatdorchilik bildiradi. Axborotga nisbatan sezgir vaziyatda bank sizning hamdardligingiz, sodiqligingiz va barqaror hamda ishonchli tashkilot sifatida bankka bo‘lgan ishonchingizni alohida qadrlamoqda.
Bizga ko‘plab iliq so‘zlar va qo‘llab-quvvatlovlar yo‘llanmoqda, bu esa o‘zaro hurmat darajasining yuqoriligini tasdiqlaydi va ochiqlik hamda mas’uliyat tamoyillariga sodiqligimizni yanada mustahkamlaydi», deyiladi bank bayonotida.
Avvalroq «Anorbank» aksiyadori Qahramon Olimov 23 iyun kuni Fransiya poytaxti Parij shahridan o‘g‘irlanib, qariyb ikki kun davom etgan tutqunlikdan tovon puli to‘langandan so‘ng ozod etilgani, Fransiya huquq-tartibot organlari bu holatni jiddiy o‘rganayotgani xabar qilingan edi.





