«Apple» sun’iy intellekt poygasida yetakchilikdan voz kechdi
«Apple» o‘zning SI tizimi raqobatchilarga yutqazishini tan oldi, deb yozmoqda «Bloomberg». Endi «Siri» barcha chat-botlar uchun ochiq bo‘ladi va «Apple» komissiyadan pul ishlaydi.

«Bloomberg» agentligining xabar berishicha, «Apple» kompaniyasi sun’iy intellekt (SI) poygasidagi yondashuvini tubdan o‘zgartirmoqda. Kompaniya rahbariyati o‘zlarining «Apple Intelligence» tizimi va «Siri» ovozli yordamchisi ChatGPT («OpenAI»), Gemini («Google») va Claude («Anthropic») kabi chat-botlardan ancha kuchsiz ekanligini anglab yetgan. Shu sababli, 8-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan WWDC konferensiyasida «Apple» «qurollanish poygasi» o‘rniga o‘zining asosiy kuchli tomoni — qurilmalar sotuvi va ulardagi servislardan foyda olishga e’tibor qaratishini e’lon qiladi.
Yangi strategiyaga ko‘ra, «Apple» sun’iy intellektni o‘z operatsion tizimiga (iOS) foydalanuvchilarni «Android»ga o‘tib ketishini oldini olish uchungina integratsiya qiladi. Eng muhim yangilik — «Siri» ovozli yordamchisi endi nafaqat ChatGPT, balki boshqa barcha uchinchi tomon chat-botlari uchun ham ochiq bo‘ladi. «App Store»da SI kengaytmalar uchun alohida bo‘lim yaratiladi. «Apple» innovatsiyalar yukini boshqalarga topshirib, o‘zi esa «App Store» orqali SI ilovalaridan 30 foizlik komissiya olish va iPhone sotuvini oshirish orqali yuqori foydani saqlab qolmoqchi.
Bu «Apple» o‘z SI mahsulotlarini butunlay to‘xtatadi degani emas. Ular hamon marketingda va qurilmalarni (AirPods, aqlli ko‘zoynaklar) boshqarishda ishlatiladi. Biroq uchinchi tomon kengaytmalariga ruxsat berilishi «Apple» kompaniyasining «Google» yoki «OpenAI» bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatdan voz kechganini anglatadi. «Bloomberg» talqiniga ko‘ra, kompaniya innovatsiyalar uchun mas’uliyatni boshqalarga yuklab, o‘zi uskunalar bozoridagi dominantlikni saqlab qolmoqchi.
Mutaxassislar «oqimi»
«Apple»ning bunday qarorga kelishiga 2022 yilda ChatGPT paydo bo‘lishi bilan boshlangan «iste’dodlar yo‘qotilishi» sabab bo‘lgan. Ko‘plab iqtidorli muhandislar «OpenAI», «Meta» va «Anthropic» kabi kompaniyalarga o‘tib ketishgan. Hozirda Kupertino giganti o‘z xodimlarini olib qolish uchun har bir muhandisiga 200–400 ming dollarlik rejadan tashqari yirik bonuslar taklif qilmoqda.
Biroq, bunday saxiy takliflar ham startaplar beradigan millionlab dollarlik aksiyalar oldida kamlik qilishi mumkin. Eng muhimi, iqtidorli mutaxassislar uchun «poygadan chiqayotgan eski gigant»da emas, balki soha yetakchilarida ishlash obro‘liroq hisoblanmoqda. «Apple» uchun hozirgi eng muhim vazifa — o‘z 50 yilligi arafasida hali ham dolzarb ekanini isbotlashdir.
Innovatsiyadan foydaga o‘tish
Apple’ning yangi modeli «platforma nazorati»ga asoslanadi. O‘z SI tizimini yaratish uchun milliardlab dollar sarflab, tavakkal qilish o‘rniga, kompaniya boshqalarning muvaffaqiyatli mahsulotlarini o‘z tizimiga joylashtirish orqali pul ishlamoqchi. Bu yondashuv qisqa muddatda kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlarini barqaror ushlab turishga yordam beradi.
Biroq ekspertlar bu strategik xato bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqdalar. Agar sun’iy intellekt kelajakda smartfonlar o‘rnini bosadigan asosiy texnologiyaga aylansa, «Apple» boshqalarning texnologiyasiga qaram bo‘lib qolishi mumkin. Hozircha «Apple» «tirik qolish» uchun eng xavfsiz yo‘lni — innovatorlikdan rieltorlikka (platforma egasiga) o‘tishni tanladi.




