Bayram arafasida Toshkent avtovokzalidan 55 ta qo‘shimcha reys yo‘lga qo‘yildi

Bugun 19:481 daqiqa

Talab yuqori bo‘lsa, yana qo‘shimcha reyslar yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi ham ma’lum qilindi.

Bayram arafasida Toshkent avtovokzalidan 55 ta qo‘shimcha reys yo‘lga qo‘yildi © Transport vazirligi

Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan Toshkent avtovokzalidan viloyatlarga qo‘shimcha avtobus reyslari tashkil etildi. Bu haqda YHXX axborot xizmati xabar berdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayniqsa Sirdaryo orqali voha hududlariga qatnovchi avtobuslarga talab sezilarli darajada oshgan. Shu munosabat bilan amaldagi avtobus yo‘nalishlari soni kengaytirilgan.

Hozirda Toshkent avtovokzalidan doimiy ravishda 65 ta avtobus yo‘nalishi xizmat ko‘rsatmoqda. Bayram arafasida ularga qo‘shimcha tarzda yana 55 ta reys qo‘shildi.

Mas’ullarning bildirishicha, fuqarolar chiptalar mavjudligini uydan chiqmasdan tekshirishi mumkin. Buning uchun telefon orqali murojaat qilish yoki maxsus onlayn platformalardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Shuningdek, talab yanada oshib borsa, qo‘shimcha reyslar soni ko‘paytirilishi mumkinligi qayd etildi.

Xavfsizlik choralari

Bayram kunlari xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘llarida YPX xodimlarining kuchaytirilgan tartibdagi xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Ta’kidlanishicha, haydovchilar bilan o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarda yo‘l haqini sun’iy oshirmaslik, safar oldidan yetarli dam olish va harakat xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilishga alohida e’tibor qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2026 yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 27-may – chorshanba kuniga to‘g‘ri keladi va ushbu kun bayram sifatida keng nishonlanadi.

Teglar

Mavzuga oid