
Bitkoin oltindan jozibaliroq va 266 ming dollargacha yetishi mumkin — «JPMorgan»
«JPMorgan» tahlilchilariga ko‘ra, bitkoin uzoq muddatda oltinga raqobatchi aktivga aylanib, narxi $266 minggacha ko‘tarilishi mumkin.

Dunyodagi eng yirik banklardan biri — «JPMorgan» tahlilchilari bitkoinning uzoq muddatli salohiyatini yuqori baholab, uni oltinga muqobil himoyaviy aktiv sifatida ko‘rmoqda. Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, agar bitkoin bozor qiymati xususiy oltin investitsiyalari hajmiga tenglashsa, bitta BTC narxi 266 ming dollarga yetishi mumkin.
Hozircha kriptobozor bosim ostida. Tahlilchilar buni texnologik sektordagi pasayish, «DeFi» sohasidagi xavfsizlik muammolari hamda an’anaviy aktivlardagi korreksiya bilan bog‘lamoqda. Shu bilan birga, bank bitkoinni qisqa muddatli spekulyativ aktiv emas, balki institutsional investorlar uchun strategik instrument sifatida ko‘ra boshlagan.
«JPMorgan»ning ta’kidlashicha, bu prognoz joriy yil uchun emas, balki bozor kayfiyati ijobiy tomonga o‘zgarganda namoyon bo‘ladigan potensialni aks ettiradi.
Volatillik pasaymoqda
Bank tahliliga ko‘ra, bitkoin va oltin o‘rtasidagi volatillik nisbati 1,5 darajaga tushgan. Bu tarixiy minimum hisoblanadi va bitkoinni riskka sezgir institutsional sarmoyadorlar uchun jozibaliroq qiladi.
Shu bilan birga, an’anaviy «xavfsiz go‘sha» hisoblangan oltin va kumush ham so‘nggi oylarda keskin arzonlashdi. Bu esa bitkoinni alohida aktiv sinfi sifatida qayta baholashga turtki bo‘lmoqda.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, bitkoinning asosiy ustunligi — uning cheklangan taklifi va markaziy banklar siyosatiga bog‘liq emasligi hisoblanadi.
Ishlab chiqarish qiymati
«JPMorgan» ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi paytda bitkoin narxi (taxminan 71 ming dollar) uni qazib olish hisobiy qiymatidan past. Bank mayning qiymatini 87 ming dollar atrofida baholamoqda.
Tarixan, bitkoin narxi ushbu darajadan uzoq vaqt pastda qolganda, samarasiz maynerlar bozordan chiqib ketgan. Bu tarmoq murakkabligini pasaytiradi va keyinchalik ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytiradi.
Shu bilan birga, tahlilchilar derivativlar bozoridagi likvidatsiyalar hajmi o‘tgan yil kuzidagi inqirozga nisbatan ancha past ekanini qayd etmoqda. Biroq spot bitkoin va «Ethereum ETF»laridan mablag‘ chiqishi investorlar ehtiyotkorligini saqlab qolayotganini ko‘rsatadi.





