
«Cho‘pon qizning bir kuni» — Javhar Chorshanbiyevadan fotoesse
Surxondaryoning Ko‘hitang tog‘i yonbag‘ridagi do‘ppidekkina qishloqlardan birida yashaydigan cho‘pon qizni haqida fotohikoya

Zamon — tez. Dunyomiz daqiqalar sayin o‘zgarib, taraqqiy etib boryapti. OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali deyarli har kuni sivilizatsiyaga xos qandaydir yangiliklarning guvohiga aylanyapmiz. Shunga qaramay, «parallel olam»da ibtidodan u qadar uzoqlashib ketmagan, «sekinlashtirilgan kadrlar»da yashaydigan insonlar hali-hanuz topiladi.
Mustaqil fotograf Javhar Chorshanbiyeva ana shunday insonlar istiqomat qiladigan makonda bo‘lib, ulardan birining hayot tarzini suratlar orqali yetkazib berishga harakat qilgan. Fotolavhalarda Surxondaryoning Ko‘hitang tog‘i yonbag‘ridagi do‘ppidekkina qishloqlardan birida yashaydigan cho‘pon qizni ko‘rishingiz mumkin. Qahramonimizning xohishiga ko‘ra uning ismini keltirmadik va shartli ravishda Umida deb atadik.

Viloyat markazidan chamasi 70 km uzoqlikda joylashgan bu qishloq odamlarining tirikchiligi asosan dehqonchilik va chorvachilik orqasidan.

Shu sabab bu yerning odamlari qishning sovug‘iyu yozning issig‘iga qaramay, «yer bilan olishib», adirlarda «mol-hol» boqib, umzguzaronlik qilishadi.

Ular orasida poyonsiz qirlarda Mahmud Namozov, Hosila Rahimova qo‘shiqlariyu Xorazm lazgisi, milliy ashulalarni eshitib kunini kech qiladigan, akasining qistovi bilangina telefon tutadigan, Telegramu Instagramlardan ham foydalanmaydigan 34 yoshli Umida kabi qizlar ham bor.

U chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan, 3 o‘g‘il va 4 qiz farzandi bo‘lgan oilaning qizi. Akalari, opa-singillari allaqachon oila qurib, alohida ro‘zg‘or qilishgani, ota-onasining yoshi biroz keksayib qolganligi uchun qaysidir ma’noda og‘ir yumushlar, jumladan cho‘ponlik ham uning zimmasida qolgan.
Oradan 34 yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay haligacha u yashaydigan qishloqqa quvur gazi yetib bormagan. Aholi oy oralab keladigan gaz ballonga ko‘z tikib, «Ishqilib shundan ham ajralib qolmaylik-da», deb yurak hovuchlab, faqat ovqat qilish uchun tejab-tergab ishlatadi.


Boshqa zaruriyatlari uchun unda-munda o‘tin(oxirgi yillardagi qurg‘oqchilik tufayli ko‘p daraxtlar qurigan, bir daraxtning o‘sishi, hosil berishi, umri tugab, o‘tinga aylanishi uchun shu yerliklar shevasi bilan aytganda «Ah-haaa!» yillar kerak bo‘ladi) va asosan mol tappisidan qilinadigan tezak ishlatadi. Darvoqe, qishning izg‘irini-chillasidan ham ularni mana shu tezak olib chiqadi.


Shu yerliklarning aytishicha, bundan 10-15 yillar ilgari yozda ham ariq-soylarda to‘lib suv oqqan ekan.

Ekologiyamizning nochor ahvoli bu yerlarda ham o‘z so‘zini aytgani uchun yil bo‘yi odamlarning «ko‘zi osmonda».
So‘nggi yillarda bahorda yomg‘irga, kuz-qishda qorga intiq kishilarning ko‘zlariga umidsizlik cho‘kib qolgan. Toza ichimlik suvi ham yetib bormagan bu qishloq odamlari tog‘ oralab oqib tushadigan soy suvidan foydalanishadi.


Qurg‘oqchilik sabab yozda soy suvi deyarli qurib bitadi. Krujkaga zo‘rg‘a ilashadigan suv bilan «baklajka» va «satil»larni to‘ldirib, pastdan (soy uylarlarni qiyalab oqib o‘tadi) yuqoriga olib chiqib, ular bilan «bak»larni to‘ldirishning zahmatini aytmaysizmi?
Mana shu «bak» suvi insonlar uchun ham, chorva uchun ham ichishiga, kir-chiri, yuvin-chayiniga hozircha haminqadar yetib turibdi.

Umidaning universitetda o‘qish xohishi oilasi, xususan, otasi tomonidan xushlanmagani, qo‘llab-quvvatlanmagani uchun cho‘ponlik uning taqdiriga aylanib qolgan.


U 150 ga yaqin qo‘y, 15 tacha qoramolga yil davomida cho‘ponlik qiladi.

Cho‘ponlik maktabning oxirgi bosqichlaridan boshlab qisman, so‘nggi 10 yillikda esa asosiy ishiga aylangan.

Albatta, bu uning uchun oson bo‘lmagan. O‘tgan yillar davomida ma’lum xastaliklar tufayli bir nechta terapevtik muolajalar olgan.


Uning kuni hali xo‘roz qichqirmay turib boshlanadi. Uyg‘onishi bilan yuz-qo‘lini yuvib, sigirlarni sog‘ib, ularga yemish beradi. Keyin sog‘ilgan sutni pishirib, nonushta tayyorlaydi.

Apil-tapil nonushta qilib olib, yana molxona tomonga o‘tib, kun yorishmasidan buzoqcha va qo‘zilarni onasidan ajratib qoldirib, qolganlarini dalaga haydab chiqishning taraddudiga tushadi.


Uy hovlisidagi ekinlar, bog‘dagi daraxtlar oralab, ularga zarar yetkazmasdan chorvani qirga olib chiqish ham u qadar oson ish emas.


Uydan o‘zi bilan choy va «hamrohxalta» olib chiqadi.




Chorvani qirning sero‘troq maydoniga haydab borgandan keyin biroz tin oladi.




Kun davomida mollarni yovvoyi hayvonlardan himoya qilish uchun ularga uydagi itlar ham hamrohlik qiladi.


Tinib-tinchimagan Umida kun davomida dalada faqat chorvaga cho‘ponlik qilish bilan cheklanib qolmaydi. «Hamrohxalta»sida o‘zi bilan o‘roq, ip olib chiqadi. Hovli hovli-uylarni tozalash uchun supurgi, tutantiriq uchun shuvoq teradi. Terganlarini bir joyga to‘plab, ip bilan bog‘lab qo‘yadi.


Kun botishiga tomon bir uyum supurgi, shuvoqni eshakka ortib, olib qaytadi.

Daladagi qo‘y va sigirlarni itlarga omonat qilib, tushlik payti tamaddi uchun uyga kelib-ketadi.

Bu orada onasi va yangasiga uy ishlariga qarashishga ham ulguradi.

Ba’zi kunlarini dalaga uni ko‘rish uchun jiyanlari kelib turadi.

Ular bilan o‘ynab, qo‘shiq eshitib ko‘ngil yozadi.


Kun yarmidan og‘ganda chorvani suvlash uchun soyga olib tushadi, soydagi kichikina buloqchadan o‘zi ham suvidishini to‘ldirib oladi.




Uning kuni shu taxlit o‘tadi, kuni bo‘yi yelib-yuguradi, og‘ir mehnat qiladi. Lekin hayotdan noliganini eshitmaysiz.
Cho‘pon qiz bilan so‘zlashib, dillashgan odam tiynatining u qadar tozaligini anglaydi, his qiladi.
«Tabiiy odamning ruhini hech narsa bilan bezovta qilmaydi... Uning ehtiyojlari osongina qondiriladi va ongi hali bizni azoblaydigan behuda bilimlarga intilmaydi. Faqat o‘ziga bevosita kerakli narsalarni his qiladi va qiziqish uni o‘zgartirishga majbur qiladi», - deydi faylasuf Jan Jak Russo «Odamlar o‘rtasidagi tengsizlikning kelib chiqishi va asoslari haqida mulohazalar" (Discourse on Inequality) asarida. Balki, mana shu sabab — insonlardan ko‘ra tabiatga uyg‘unligi tufayli ko‘ngli shunchalik tozadir, deb o‘ylab qolasan kishi.

Umida shu suratlar olinganidan 1 yil o‘tib turmushga chiqqan. O‘sha vaqtga qadar shaharda yoki «dom»da yashaydigan odamlardan turmush qurish taklifi tushgan, ammo u rad etib kelgan.
U – tog‘ning qizi, kenglik farzandi.
«Dom» men uchun emas, odam tanlamasam ham, joy tanlaydiganlardanman», — deydi cho‘pon qiz.
Javhar Chorshanbiyeva





