Davlat boshqaruvida yagona integratsiyalashgan raqamli platforma joriy etish taklif qilindi
Platforma sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ma’lumotlarni tahlil qilish, hududlar kesimida muammolarni barvaqt aniqlash, qarorlar ijrosini monitoring qilish, resurslarni to‘g‘ri yo‘naltirish va boshqaruv samaradorligini oshirish imkonini beradi.
© Foto: president.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish, startaplar ekotizimini rivojlantirish va telekommunikatsiya sohasini takomillashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda davlat idoralaridagi ma’lumotlar bazalari turli tizimlarda tarqoq shakllangani sabab ularni tahlil qilish va qaror qabul qilish jarayonlarida yagona yondashuv yetishmayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan yagona integratsiyalashgan raqamli platformani bosqichma-bosqich ishga tushirish taklif qilindi. Tizim sun’iy intellekt yordamida hududlar iqtisodiyoti, investitsiya, ekologiya, xavfsizlik va aholini qiynayotgan muammolar bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qiladi.
Raqamli boshqaruv davri
Yangi platforma hududlardagi muammolarni barvaqt aniqlash, qarorlar ijrosini kuzatish, resurslarni samarali taqsimlash hamda davlat boshqaruvi sifatini oshirish imkonini beradi.
Prezident mazkur raqamli boshqaruv tizimini joriy yilda Toshkent shahrida, kelgusi yildan boshlab esa barcha hududlarda joriy etish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekistonni 2030-yilgacha BMTning «Elektron hukumat» reytingida kuchli 30 ta davlat qatoriga kiritish maqsad qilingan. Joriy yilda raqamli xizmatlar soni 880 taga, ulardan foydalanuvchilar esa 15,5 million nafarga yetishi kutilmoqda.





