Diplom bor, lekin ish yo‘q: sun’iy intellekt yoshlarning ish topishini qiyinlashtiryapti
Oliygohni tamomlagan yoshlar uchun ilk ish o‘rnini topish tobora murakkablashmoqda. Bu jarayonda sun’iy intellektning o‘rni ham qizg‘in muhokama markazida. Ayrim tadqiqotlarga ko‘ra, sun’iy intellekt keng qo‘llaniladigan sohalarda yoshlarni ishga qabul qilish kamaygan. Biroq xalqaro tashkilotlar bu holatni faqat texnologiya bilan izohlashga hali erta, demoqda. Asosiy savol shundaki: yirik kompaniyalar o‘z ish jarayonlarini avtomatlashtirayotgan bir paytda, yosh mutaxassislar ilk tajribani qayerdan oladi?

«Deutsche Welle» nashrining 16-oktabr kuni e’lon qilingan videomaterialida oliygoh bitiruvchilari ish topishda tobora ko‘proq qiyinchiliklarga duch kelayotgani aytiladi. Nashr buning asosiy sabablaridan biri sifatida sun’iy intellekt (SI) tufayli ayrim boshlang‘ich lavozimlarga bo‘lgan talabning kamayayotganini ko‘rsatgan.
Boshlang‘ich lavozimlar — bu mehnat faoliyatini endigina boshlayotgan, tajribasi kam yoki umuman yo‘q yoshlar uchun mo‘ljallangan ish o‘rinlaridir. Aynan shunday vazifalar bitiruvchilarga nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash, ish jarayonini o‘rganish va kelgusida murakkabroq vazifalarni bajarish uchun poydevor yaratish imkonini beradi.
Masalan, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi kompaniyada yosh mutaxassis dastlab kodni tekshirish, xatolarni topish va hujjatlarni tayyorlash kabi ishlardan boshlashi mumkin. Marketing sohasida esa ma’lumotlarni saralash, hisobot tuzish yoki matnlar ustida ishlash ilk vazifalar qatoriga kiradi.
Bugungi kunda generativ sun’iy intellekt bu vazifalarning bir qismini bemalol bajara oladi. Shu sababli, ish beruvchilar ba’zi jarayonlarni avtomatlashtirib, oddiy vazifalar uchun avvalgidek ko‘p xodim yollamasligi mumkin.
Biroq muayyan bir vazifaning avtomatlashtirilishi butun boshli ish o‘rnining yo‘q bo‘lishini anglatmaydi. Sun’iy intellekt ishning ma’lum qismini bajarsa, xodim uning natijasini tekshirishi, yakuniy qaror qabul qilishi yoki boshqa jarayonlarni boshqarishi mumkin. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) ham sun’iy intellektning ta’sirini kasblarning butunlay yo‘qolishi emas, balki ulardagi vazifalarning o‘zgarishi sifatida baholash zarurligini ta’kidlamoqda.
Stenford tadqiqoti: yosh xodimlar ishga qabul qilishda ortda qolmoqda
Sun’iy intellektning mehnat bozoriga ta’siriga doir e’tiborga molik tadqiqotlardan biri Stenford universitetining Raqamli iqtisodiyot laboratoriyasi tomonidan o‘tkazildi.
2026 yil 12-avgustda yangilangan ushbu tadqiqot AQSHdagi millionlab xodimlarning ish haqi va bandligi bo‘yicha «ADP» ma’lumotlariga asoslangan. Tahlil 2026 yil iyun oyigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.
Tadqiqotchilarning aniqlashicha, sun’iy intellekt ta’siri yuqori bo‘lgan kasblarda 22–25 yoshli xodimlarning bandlik ko‘rsatkichi SI kamroq ta’sir qilgan sohalardagi tengdoshlariga nisbatan 19 foizga past bo‘lgan. Bu raqam yoshlar o‘rtasidagi umumiy bandlik 19 foizga tushib ketganini anglatmaydi. Gap faqat sun’iy intellekt ta’siri kuchli va kuchsiz bo‘lgan sohalardagi yoshlar bandligi o‘rtasidagi tafovut haqida bormoqda.
Tadqiqotda yana bir muhim jihatga e’tibor qaratilgan: bu farq yoshlarning ommaviy ishdan bo‘shatilishi bilan emas, balki ularni yangi ishga qabul qilish kamaygani bilan bog‘liq. Qolaversa, sun’iy intellektdan shunchaki yordamchi vosita sifatida foydalaniladigan kasblarda bandlik ko‘rsatkichlari barqaror saqlanib qolgan yoki tajribali xodimlar hisobiga o‘sgan.
Shunga qaramay, mualliflar bu natijalarni sun’iy intellekt ish o‘rinlarini yo‘q qilayotganini tasdiqlovchi qat’iy dalil sifatida baholamaydi. Ular buni mehnat bozoridagi dastlabki kuzatuvlar va keyinchalik chuqurroq o‘rganilishi kerak bo‘lgan tendensiyalar deb hisoblaydi. Xususan, ayrim tafovutlar generativ SI keng ommalashishidan oldin ham kuzatilgan edi.
AQSHdagi boshqa tadqiqot ham bitiruvchilar uchun xavfni ko‘rsatdi
2026 yil sentabr oyida AQSH Aholini ro‘yxatga olish byurosining Iqtisodiy tadqiqotlar markazi ham maxsus tadqiqot e’lon qildi. Unda sun’iy intellekt ta’siri kuchli bo‘lgan mutaxassisliklarni tamomlagan bitiruvchilarning mehnat bozoridagi holati tahlil qilingan.
Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, SI ta’siri eng yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni bitirgan yoshlarning mehnat bozoriga ilk bor kirib kelganda ishga joylashish ehtimoli 5 foizga pasaygan. Ushbu guruhdagi bitiruvchilarning dastlabki to‘liq ish choragidagi daromadi esa 13 foizga kamaygan.
Mualliflar daromaddagi bunday pasayishni yirik iqtisodiy inqiroz davrida o‘qishni tamomlaganlar duch keladigan yo‘qotishlarga qiyoslaydi. Daromaddagi tafovutning taxminan yarmi bitiruvchilarni ishga olgan tarmoqlar ichidagi maoshlarning pastligiga to‘g‘ri kelgan. Qolgan qismi esa ularning restoran yoki chakana savdo kabi kamroq haq to‘lanadigan ishlarga o‘tib ketgani bilan izohlanadi.
Biroq sun’iy intellektni yoshlar ishsizligining yagona sababi deb bo‘lmaydi
SIning mehnat bozoriga ta’siri borasidagi xavotirlar ortib borayotgan bo‘lsa-da, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) vaziyatga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirmoqda.
Tashkilotning tahlilida a’zo mamlakatlarda yoshlarning mehnat bozoriga kirishi tobora qiyinlashayotgani, ayniqsa, oliy ma’lumotli yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi oshgani qayd etilgan. Ammo bu yomonlashuvni bevosita sun’iy intellekt bilan bog‘lashga hozircha yetarli asos yo‘q.
OECD ta’kidlashicha, yoshlar bandligi bilan bog‘liq muammolar ChatGPT va boshqa til modellari ommalashishidan oldin ham bor edi. Yoshlar ko‘pincha muddati cheklangan shartnomalar asosida ishlaydi yoki mehnat bozoriga umuman tajribasiz kirib keladi. Iqtisodiy faollik pasayganda esa kompaniyalar birinchi navbatda aynan yangi xodimlarni ishga qabul qilishni to‘xtatadi.
Tashkilotning «OECD Employment Outlook» hisobotida ko‘rsatilishicha, tahlil qilingan mamlakatlarda oliy ma’lumotli yoshlarning ish bozoridagi ahvoli pandemiyadan avvalroq yomonlasha boshlagan.
SI qaysi kasblarga ko‘proq ta’sir qilishi mumkin?
Xalqaro mehnat tashkiloti generativ SIning kasblarga ta’siri bo‘yicha tadqiqot e’lon qildi. Unda 29 mingdan ortiq vazifa tahlil qilinib, turli kasblardagi ish jarayonlari SI yordamida qay darajada avtomatlashtirilishi mumkinligi o‘rganilgan.
Hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har to‘rt xodimdan biri sun’iy intellekt ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan sohada ishlaydi. Biroq bu o‘sha ish o‘rinlarining to‘rtdan biri yo‘qolib ketadi degani emas. Tashkilotning xulosasicha, aksariyat kasblarda inson omili talab qilinadigan vazifalar saqlanib qoladi va ish o‘rinlari butunlay yo‘qolishdan ko‘ra ko‘proq transformatsiyaga yuz tutadi.
Yosh xodimlar uchun asosiy muammo shundaki, aynan bir xil, takroriy va standartlashtirilgan vazifalar ko‘pincha boshlang‘ich lavozimlarning asosini tashkil qiladi. Agar kompaniyalar shu vazifalarni avtomatlashtirsa, yangi xodimlarni ishga qabul qilish va ularni amaliyotda o‘qitish usullarini qaytadan ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi.
Jahon iqtisodiy forumining hisobotida ham dunyodagi yosh xodimlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i SI o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan kasblarda band ekani aytilgan.
Ish qidirayotgan yoshlar uchun yana bir muammo — raqobat
SI mehnat vazifalarini o‘zgartirish bilan bir qatorda, ishga qabul qilish jarayoniga ham ta’sir o‘tkazmoqda. Bunda texnologiyaning o‘zi emas, balki ish beruvchi va nomzodlar undan qanday foydalanayotgani ham muhim rol o‘ynaydi.
Buyuk Britaniyadagi Talabalarni ishga joylashtirish instituti (ISE) 2026 yil 14-oktabrda e’lon qilgan hisobotda bitiruvchilar o‘rtasidagi raqobat juda yuqori darajada qolayotgani qayd etilgan. 2025–2026 yillarda bitiruvchilar uchun har bir bo‘sh ish o‘rniga o‘rtacha 141 ta ariza kelib tushgan. Ish beruvchilarning 45 foizi yosh kadrlarni olishni ko‘paytirgan, 40 foizi esa aksincha, qisqartirgan.
Shuningdek, ish beruvchilarning 16 foizi nomzodlarni saralashda SIdan foydalanmoqda. Nomzodlar tomonidan rezyume va arizalarni tayyorlashda SIdan foydalanish holatlari ham keskin ko‘paygan. Biroq ekspertlarning fikricha, nomzodning real ko‘nikma va tajribalarini aks ettirmaydigan bunday «sun’iy» hujjatlar tanlov jarayonini yanada murakkablashtirmoqda.
Yoshlar va ish beruvchilar nimani o‘zgartirishi kerak?
Mutaxassislarning fikricha, bu muammolarga yechim faqatgina xodimlarni yangi texnologiyalarga o‘rgatish emas, balki boshlang‘ich lavozimlarning o‘zini qayta ko‘rib chiqishdir.
Kompaniyalar takroriy vazifalarni avtomatlashtirar ekan, yangi xodimlarga tajriba orttirish va asta-sekin murakkabroq ishlarga tayyorlanish uchun yetarli sharoit yaratib berishlari kerak. Yoshlar uchun esa SI vositalaridan unumli foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish g‘oyat muhim. Ammo ish beruvchilar baribir nomzoddagi real bilim, muammolarni mustaqil hal qilish qobiliyati va kasbiy tayyorgarlikni eng yuqori o‘ringa qo‘yadi.





