Diyor Imomxo‘jayev yana O‘zbekiston Professional futbol ligasi rahbari etib saylandi
U 2026 yilning 19-avgust sanasidan e’tiboran keyingi 4 yil davomida o‘z vazifasini bajarishda davom etadi.
© Foto: zamin.uzDiyor Imomxo‘jayev navbatdagi to‘rt yillik muddatga O‘zbekiston Professional futbol ligasi (Liga) bosh direktori lavozimiga bir ovozdan tasdiqlandi. Bu haqda 19-avgust kuni bo‘lib o‘tgan Liga Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ma’lum qilindi.
Tashkilotning amaldagi rahbari 2026 yilning 19-avgust sanasidan e’tiboran keyingi to‘rt yil davomida o‘z vazifasini bajarishda davom etadigan bo‘ldi.
Nomzodning ilgari surilishi
Bundan avvalroq, 17-avgust kuni Assotsiatsiya prezidenti Bahodir Qurbonov tomonidan imzolangan taqdimnoma Liga Ijroiya qo‘mitasiga yuborilgan edi. Ushbu hujjatda Liga bosh direktori lavozimi uchun aynan Diyor Imomxo‘jayev nomzodi ilgari surilgani xabar qilingandi.
19-avgust kuni Liga Ijroiya qo‘mitasining jami 8 nafar a’zosi mazkur masalani ko‘rib chiqish uchun yig‘ildi.
Yig‘ilishda qo‘mitaning barcha a’zolari to‘liq ishtirok etgan. Jumladan, ular orasidan Odil Ahmedov hamda Alisher Yusupov Kuala-Lumpur shahridan, shuningdek, Elbek Samatov Andijondan turib, ya’ni masofadan onlayn tarzda Liga bosh direktorligi uchun o‘z ovozlarini taqdim etishgani ma’lum qilindi.
«Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, Ijroiya qo‘mitaning barcha a’zosi bir ovozdan Diyor Imomxo‘jayev nomzodini navbatdagi vakolat muddatiga bosh direktor sifatida tasdiqladi», — deyiladi rasmiy xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Diyor Imomxo‘jayev 2020 yildan e’tiboran liga bosh direktori vazifasini bajaruvchisi, 2022 yildan esa bosh direktori sifatida ishlab kelmoqda.


