Eron marhum oliy rahbarining vidolashuv marosimida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etadi
Eron va Iroqda Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan vidolashish uchun olti kunlik motam marosimlari o‘tkaziladi.

Eron va Iroqda mamlakatning marhum oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan vidolashish uchun olti kunlik keng ko‘lamli motam marosimlari o‘tkaziladi. Bu haqda Eronning «Tasnim» axborot agentligiga tayanib, «Dunyo» nashri xabar bermoqda.
Eron ichki ishlar vaziri o‘rinbosari va motam tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha shtab rahbari Ali Akbar Purjamshidiyon Tehronda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida 30 dan ortiq davlat va 90 dan ziyod mamlakatning diniy peshvolari vidolashuv marosimlarida qatnashishga tayyorligini ma’lum qildi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Bog‘oiy ham Oliy rahbar vafoti munosabati bilan tadbirlar o‘tkazilishini hamda mintaqa mamlakatlari va boshqa davlatlarning rasmiy shaxslari ularda ishtirok etishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Eronga boradi
O‘zbekiston TIVdagi manbaga ko‘ra, 3-iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi Eronga boradi va marosimlarda ishtirok etadi.
Motam tadbirlari 4-iyul kuni Tehrondagi «Mosalla» majmuasida boshlanadi. Shu vaqtdan boshlab maydon ommaviy vidolashuv uchun ochiq bo‘ladi. Ertasi kuni, 5-iyulda, o‘sha yerda janoza namozi o‘qiladi. Poytaxtda, ommaviy motam yurishi ham rejalashtirilgan.
Marosimlar mamlakatning boshqa shaharlari, jumladan, Qum va Mashhadda ham bo‘lib o‘tadi. Alohida tadbirlar shia islomi uchun muqaddas sanalgan Iroqning Najaf va Karbalo shaharlarida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Oliy rahbar jasadini dafn etishning yakuniy marosimi 9-iyul kuni Mashhadda bo‘lib o‘tadi.
Ali Akbar Purjamshidiyonning so‘zlariga ko‘ra, tayyorgarlik doirasida Eron ichida va undan tashqarida tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi yagona milliy shtab tuzilgan. Iroq ham motam marosimlarini o‘tkazish va jasadni qabul qilib olish uchun o‘z muvofiqlashtirish markazini tashkil etgan.
Qayd etilishicha, motam tadbirlari ishtirokchilarining umumiy soni millionlab kishiga yetishi mumkin. Ismoil Bog‘oiy anjumanda ushbu marosimlarni yaqin kunlarda Eron, G‘arbiy Osiyo mintaqasi va undan tashqaridagi «eng muhim va tarixiy voqea» deb atadi.
Erondagi vaziyat
Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan rasmiy vidolashuv marosimi uning 28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga bergan ilk zarbalari oqibatida vafot etganidan qariyb to‘rt oy o‘tib o‘tkazilmoqda.
To‘rt oylik kechikish mintaqadagi mojaroning davom etayotgani, o‘t ochishni to‘xtatishga urinishlar va buning ortidan olib borilgan muzokaralar jarayoni bilan bevosita bog‘liqdir. Ushbu muzokaralar natijasida AQSH bilan zarbalarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan edi.
Eron tomoni marosim ayni paytda nisbiy deeskalatsiya davriga belgilanganini bildirdi: vositachilar ishtirokida o‘zaro anglashuv memorandumi bo‘yicha muzokaralar davom etar ekan, Eron va AQSH o‘zaro o‘q uzishni to‘xtatib turadi.
Eron TIV matbuot kotibi anjumanda «AQSHning o‘z majburiyatlariga rioya qilmasligi jarayonning davom etishiga, shubhasiz, salbiy ta’sir ko‘rsatadi», - deya ogohlantirdi. Shuningdek, u«Biz hech bir harakatni javobsiz qoldirmaymiz. Eronga qarshi har qanday harakatga qat’iy va zudlik bilan javob qaytariladi», - deya alohida ta’kidladi.





