Fermer sun’iy intellekt tavsiyasiga amal qilib, 10 gektar ekinidan ayrildi
U dastlab sun’iy intellekt maslahatlariga unchalik ishonmagan. Biroq ba’zi tavsiyalari samarali bo‘lib ko‘ringach, unga ishona boshlagan.
© Ijtimoiy tarmqolarXitoylik fermer sun’iy intellektning noto‘g‘ri maslahatiga ishonib, 10 gektar kunjutdan ayrildi. Bu haqda NDTV xabar berdi.
Xitoy sharqidagi Anxoy provinsiyasining Chuchjou okrugida yashovchi 67 yoshli fermer Vu bir yil avval sun’iy intellektdan maslahat ola boshlagan. Bir necha oy davomida undan foydalanganidan so‘ng, SI unga juda noto‘g‘ri maslahat bergan va bu fermerning 10 gektar kunjut hosili nobud bo‘lishiga olib kelgan.
Tayvanning «Ctwant» kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Vu dastlab sun’iy intellekt maslahatlariga unchalik ishonmagan. Biroq ba’zi tavsiyalari samarali bo‘lib ko‘ringach, unga ishona boshlagan.
Keyinchalik fermer kunjut yetishtirishda begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha SIdan maslahat so‘ragan. Sun’iy intellekt unga bir nechta kimyoviy vositalarni aralashtirib, ekinlarga sepishni tavsiya qilgan. Vu SI tavsiyasiga to‘liq amal qilgan. U ma’lumotni agronomlardan tekshirmagan va boshqa internet manbalari bilan ham solishtirmagan. Natija esa tezda ma’lum bo‘lgan: ertasi kuni nafaqat begona o‘tlar, balki kunjut nihollari ham ommaviy ravishda nobud bo‘lgan.
Vuning aytishicha, ushbu aralashma bilan sepilganidan keyin nihollar bir kun ham yashab qolmagan. Fermer nima sababdan bunday bo‘lganini SIdan so‘raganida, chat-bot ehtimoliy sabablardan biri sifatida kimyoviy vositalardan birini ko‘rsatgan.
Qishloq xo‘jaligi mutaxassislari esa ushbu vosita asosan soya maydonlaridagi keng bargli begona o‘tlarga qarshi qo‘llanilishini aytgan. Shuningdek, uni butun maydonga emas, balki muammoli joylarga mahalliy tarzda sepish kerak.
Fermerning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt unga tavsiyani qo‘llash bilan bog‘liq ehtimoliy xavflar haqida ogohlantirmagan. Biroq SI chat-boti sahifasida neyrotarmoq tomonidan yaratilgan javoblar noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinligi va ularni tekshirish kerakligi haqida ogohlantirish mavjud bo‘lgan.





