Logo

Fitch «Anorbank» reytingini yana pasaytirdi

Bugun 18:563 daqiqa

Xalqaro reyting agentligi bankning asosiy aksiyadoriga nisbatan Interpol «qizil yorliq» e’lon qilganini sabab qilib ko‘rsatdi. Markaziy bank bunday holat bank faoliyatiga ta’sir qilmayotganini bildirdi.

Fitch «Anorbank» reytingini yana pasaytirdi

Fitch Ratings 8-oktabr kuni «Anorbank»ning milliy va xorijiy valutadagi uzoq muddatli reytingini «CCC+» dan «CCC» ga tushirdi. Bankning hayotiylik reytingi ham «ccc+» dan «ccc» ga pasaydi. Ikkala reyting «salbiy» kuzatuv ro‘yxatiga kiritildi. Bu reyting sentabr oyidan beri ikkinchi marta pasayishi.

Agentlik bankning asosiy aksiyadori Kahramonjon Olimovga nisbatan Interpol «qizil yorliq» e’lon qilganini qaror asosi sifatida qayd etdi. Fitch fikricha, bu holat bankning to‘lov qobiliyatiga xavfni oshirgan.

2025 yil oxirida bankning Fitch Core Capital ko‘rsatkichi xavf bo‘yicha tortilgan aktivlarga nisbatan atigi 0,9 foizni tashkil etgan. Bank 2026 yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 5 foizga yetkazish rejasini qabul qilgan. Agentlik buning uchun aksiyadordan sezilarli miqdorda kapital kiritish talab etilishini, reja amalga oshishiga esa ishonchi past ekanini ta’kidladi.
Fitch bankning korporativ boshqaruviga oid ESG omilining ahamiyatini 3 dan 5 ballga oshirdi. Bunga sabab «asosiy shaxs» bilan bog‘liq xavflar va aksiyadorga qarshi da’volardir.

Agentlik hayotiylik reytingini «f» darajasigacha tushirishga imkon qoldirdi. Bu bank faoliyatini davom ettira olmasligi, masalan, zarar ko‘rishi yoki kapitalga bo‘lgan minimal talablarni buzishi holatida sodir bo‘lishi mumkin. Reytingni oshirish ehtimoli juda past deb baholandi. Agar aksiyadorga oid huquqiy jarayonlar bank uchun boshqarilsa bo‘ladigan xavf ekanini ko‘rsatsa, reyting tasdiqlanib, kuzatuv ro‘yxatidan chiqarilishi mumkin.

Davlat qo‘llovi reytingi «qo‘llov yo‘q» darajasida qolmoqda. Fitch buni tizimli ahamiyatga ega bo‘lmagan banklar to‘lovga qodir bo‘lmay qolganda ularni tugatishni nazarda tutuvchi yangi qonun bilan bog‘ladi.

Bankning va Markaziy bankning pozitsiyasi

«Anorbank» xabariga ko‘ra, 5-oktabr kuni aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida 100 mlrd so‘mlik qo‘shimcha aksiyalar chiqarish tasdiqlangan. Bank buning natijasida kapitallashtirish rejasi alohida aksiyador bilan bog‘liq holatlarga bog‘liq bo‘lmay qolishini bildirdi.

Bundan tashqari, 2-oktabr kuni Olimov kuzatuv kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza bergan. Masala 28-oktabr kuni aksiyadorlar yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.

Markaziy bank «Anorbank» faoliyati o‘zgarishsiz davom etayotganini, omonat, kredit va to‘lov operatsiyalari uzluksiz bajarilayotganini bildirdi. Regulyator alohida aksiyadorga oid holatlar bankning kundalik faoliyati va moliyaviy barqarorligini belgilamasligini ta’kidladi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-sentabr holatiga:

• bank aktivlari 21,4 trln so‘m, majburiyatlari 19,8 trln so‘mni tashkil etgan;
• yuqori likvid aktivlar ulushi 16,9 foiz (minimal talab 10 foiz);
• likvidlik qoplash koeffitsiyenti 116 foiz, barqaror moliyalashtirish koeffitsiyenti 128 foiz (minimal talab 100 foizdan);
• kapital yetarliligi 13 foiz (minimal talab 12 foiz).

Regulyator bu ko‘rsatkichlar prudensial talablarga muvofiq ekanini ma’lum qildi.

Aksiyador haqida nimalar ma’lum

Interpol ochiq bazasida Olimov «qizil yorliq» ostida ko‘rsatilgan. Profilda qaysi ayb qo‘yilgani, ish holatlari va yorliqni qaysi davlat so‘raganiga oid ma’lumot yo‘q. Interpol «qizil yorliq» xalqaro qidiruv tartibidagi so‘rov ekanini, uni xalqaro xibsga olish orderi deb bo‘lmasligini tushuntiradi.

The Insider nashri 18-sentabr kuni Olimov yaqinlaridan biriga tayanib, u O‘zbekistonda g‘oyibona qamoqqa olinganini, ish odam o‘g‘irlashni tashkil etishda ayblanishi bilan bog‘liqligini yozgan edi. Huquqni muhofaza qilish organlari bu ma’lumotni rasman tasdiqlamagan.

«Anorbank» bu xabarlarni aksiyadorning shaxsiy ishiga oid deb baholab, ularni bank kapitali va boshqaruviga bog‘lash noto‘g‘ri ekanini bildirgan.

Bank aksiyalarining 49,4 foizi Olimovga, 50 foizi Niderlandiyaning Bekamin B.V. kompaniyasiga, 0,6 foizi «Kapital Sug’urta» sug‘urta kompaniyasiga tegishli.

Oldingi pasayish

Fitch 14-sentabr kuni bank reytingini «B-» dan «CCC+» ga tushirgan edi. Agentlik qarorini kapitalning sezilarli darajada kamayishi va bankning yuqori xavf profili bilan izohlagan. «Anorbank» o‘shanda ham bank xizmatlari odatdagidek ishlashini, likvidlik zahirasi yetarli ekanini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid