
Google elektron pochta manzilini akkauntni yo‘qotmasdan o‘zgartirishga ruxsat beradi
Google Gmail manzilini o‘zgartirish imkonini sinovdan o‘tkazmoqda: akkaunt, xatlar va barcha ma’lumotlar saqlangan holda yangi pochtaga o‘tish mumkin bo‘ladi.

Google ko‘p yillardan beri foydalanuvchilarni qiynab kelgan muammoni hal qilishga yaqinlashdi. Kompaniya Gmail manzilini o‘zgartirishga imkon beruvchi yangi funksiyani yashirin tarzda sinovdan o‘tkazmoqda. Endi kulgili yoki noqulay elektron pochta manzili bilan yashashga hojat qolmasligi mumkin.
Yangi imkoniyat orqali foydalanuvchi o‘zining @gmail.com manzilini yangisiga almashtiradi, ammo akkaunt to‘liq saqlanib qoladi. Barcha xatlar, Google Drive fayllari, Google Photos suratlari, kontaktlar va YouTube tarixi o‘z o‘rnida qoladi.
Eng muhimi, eski pochta manzili yo‘qolib ketmaydi. U avtomatik ravishda psevdonimga aylanadi. Ya’ni, eski manzilga yuborilgan xatlar ham yangi pochta qutisiga kelaveradi. Shuningdek, akkauntga kirishda eski manzildan ham foydalanish mumkin bo‘ladi.
Bugungacha Gmail manzilini almashtirishning yagona yo‘li yangi akkaunt ochish edi. Bu esa ma’lumotlarni qo‘lda ko‘chirish, xizmatlarga qayta ulanish va ayrim ma’lumotlarni yo‘qotish xavfini keltirib chiqarardi.
Biroq ayrim cheklovlar ham mavjud. Manzilni o‘zgartirgandan so‘ng, keyingi 12 oy davomida uni yana almashtirib bo‘lmaydi. Yangi tanlangan manzilni butunlay o‘chirish imkoni ham bo‘lmaydi. Shu bilan birga, foydalanuvchi istalgan paytda eski manziliga qaytishi mumkin.
Hozircha ushbu yangilangan qoidalar faqat hind tilidagi Google yordam sahifalarida paydo bo‘lgan. Bu funksiya dastlab Hindiston yoki ayrim bozorlarda ishga tushirilishi, keyin esa boshqa davlatlarga kengaytirilishi mumkinligini ko‘rsatadi. Google rasmiy muddatlarni hozircha ochiqlamagan.

