Logo

Hindistonga O‘zbekiston urani kerak: yangi bitim imzolanishi kutilmoqda

O‘zbekiston va Hindiston yadroviy yoqilg‘i xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha yangi uzoq muddatli bitimni imzolashga juda yaqin turibdi.

Hindistonga O‘zbekiston urani kerak: yangi bitim imzolanishi kutilmoqda © president.uz

O‘zbekiston va Hindiston uran yetkazib berish bo‘yicha yangi uzoq muddatli bitimni imzolashga juda yaqin turibdi. Bu haqda Hindiston Tashqi ishlar vazirligining G‘arb yo‘nalishi bo‘yicha kotibi Sibi Jorj ma’lum qildi.

«Hindistonga uran yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli kelishuv yuzasidan ijobiy muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Biz yaqin orada bitimni imzolashga juda yaqinmiz», — dedi u bosh vazir Narendra Modining Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazgan muzokaralaridan so‘ng.

Narendra Modi ham O‘zbekistondan uran yetkazib berish bo‘yicha amaldagi uzoq muddatli kelishuv ijrosidagi siljishni ijobiy baholadi. Tomonlar geologiya, tog‘-kon sanoati, atom energetikasi, shuningdek, muhim va strategik minerallar sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.

Uranga talab oshmoqda

Hindistonning amaldagi atom energetikasi quvvati qariyb 7,9 GVtni tashkil etadi. Mamlakatda 24 ta atom energobloki ishlamoqda. Hukumat 2047 yilga borib yadroviy energetika quvvatini 100 GVtga yetkazishni rejalashtirgan. Shu sababli tashqi uran ta’minoti mamlakatning energetika rejalarida muhim o‘rin tutmoqda.

Hozir Hindiston uranni Qozog‘iston, Rossiya, O‘zbekiston va Kanadadan sotib oladi. O‘zbekiston bilan tuzilgan amaldagi uzoq muddatli shartnoma 2026 yilgacha mo‘ljallangan. Shu bois yangi bitim Hindistonning yadroviy yoqilg‘i ta’minotini kafolatlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

Teglar

Mavzuga oid