IIO xodimlari nega xizmat quroli bilan o‘zini otib qo‘yadi?

Ichki ishlar xodimlari orasidagi o‘z joniga qasd qilish holatlariga izoh berildi.

IIO xodimlari nega xizmat quroli bilan o‘zini otib qo‘yadi?

2026-yil 11-aprel kuni Ichki ishlar organlari faoliyatining joriy yil birinchi choragi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida xodimlar o‘rtasidagi o‘z joniga qasd qilish holatlari yuzasidan savol ko‘tarildi.

Matbuot anjumanida VAQT.UZ jurnalisti nega ayrim ichki ishlar xodimlari xizmat quroli orqali o‘z joniga qasd qilayotgani, bu holatlar xodimning xizmati bilan bog‘liqmi yoki shaxsiy hayoti bilan bog‘liqmi, degan savol berdi.

Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Sultonov mazkur holatlarga rasmiy munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, tizimda xizmat qilayotgan xodimlarning ruhiy holatini nazorat qilish va ehtimoliy bosimlarning oldini olish maqsadida barcha hududlarda psixolog shtatlari joriy etilgan.

Sultonovga ko‘ra, hozirgi kunda qariyb 200 nafar psixolog shaxsiy tarkib bilan ish olib bormoqda.

«Xodimlarning o‘z joniga qasd qilishi aksariyat holatda bu o‘sha shaxsning o‘zi bilan, oilaviy yoki boshqa nizolari bilan bog‘liq holat. Agar xodimga nisbatan bosim bo‘ladigan bo‘lsa, xodim to‘g‘ridan to‘g‘ri shaxsiy xavfsizlik xizmatiga yoki vazirimizga, yoki o‘zining birinchi rahbarlariga murojaat qilish imkoniyati bor, unga to‘sqinlik qilinmaydi», — dedi vazirlik rasmiysi.

Shuningdek, u agar qandaydir rahbar tomonidan noqonuniy bosim bo‘lsa, bu holatni hal qilish uchun institutsional imkoniyatlar mavjud bo‘lib, bu o‘z joniga qasd qilish darajasiga olib bormasligi kerakligini ta’kidladi.

«Qisqacha aytganda, sodir etilayotgan o‘sha o‘z joniga qasd qilish holatlari bu ularning to‘g‘ridan to‘g‘ri ish faoliyati bilan bog‘liq emas»,— dedi Sultonov.

Teglar