Logo

Ijtimoiy reyestrdagilar nomidan 1,4 mlrd so‘m keshbek undirganlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bugun 08:301 daqiqa

Ular ushbu pullarni ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar nomidan undirgan.

Ijtimoiy reyestrdagilar nomidan 1,4 mlrd so‘m keshbek undirganlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi © Soliq.uz ilovasi

Toshkent shahrida 3 ta korxona mas’ullari ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar nomidan soxta cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazish orqali 1,4 milliard so‘mlik soliq keshbeklarini talon-toroj qilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi va Soliq qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «E.P.», «M.M.» va «E.S.» MCHJ mas’ullari o‘zaro til biriktirgani ma’lum bo‘ldi. Ular go‘yoki 322,4 milliard so‘mlik mahsulot yetkazib berilgani haqida soxta ma’lumotlar rasmiylashtirgan va nazorat-kassa mashinalari orqali 3 363 ta qalbaki xarid chekini chiqargan.

Ushbu cheklar Ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar nomidan «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilib, 1,4 milliard so‘m budjet mablag‘lari keshbek sifatida o‘zlashtirilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, kuni kecha Jizzax viloyatida ham xuddi shunday firibgarlik sxemasi fosh etilgan edi. Unda fuqarolar korxonalar bilan til biriktirib, 16,6 milliard so‘mlik soxta xaridlar uchun 3 106 ta chek chiqargan va ilova orqali 1,9 milliard so‘m keshbek pullarini o‘zlashtirgan. Ularga nisbatan ham tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Teglar

Mavzuga oid