«Insonparvar» deb atalgan Putin va ozod qilingan amerikalik o‘qituvchi: Trampning odamlari Sankt-Peterburgda nimalarga erishdi?
AQSHning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan navbatdagi muzokaralarni yakunladi. Kiyevda Amerikaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishi mumkinligiga doir xavotirlar kuchayayotgan bir paytda o‘tgan uchrashuv ortidan, Rossiyada hibsda saqlanayotgan nafaqadagi amerikalik o‘qituvchi ozod qilindi.
© Kristina Solovyova/Pool Sputnik Kremlin/AP21 oktabr kuni Uitkoff Sankt-Peterburgdagi Konstantin saroyida Putin bilan yuzma-yuz ko‘rishdi. Muzokaralarda Kushner virtual tarzda ishtirok etdi. Ushbu ikki maxsus vakil AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati nomidan Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralarda yetakchi rol o‘ynamoqda. Ular bundan avval sentabr oyida Moskvaga tashrif buyurib, Putin bilan uchrashgan edi.
So‘nggi muzokaralar Tramp ma’muriyati Rossiyaning Ukrainaga qarshi 2022 yil fevralidan beri davom etayotgan urushini tugatish va tinchlik bitimiga erishish harakatlarini jadallashtirayotgan bir vaqtda o‘tkazilmoqda. Biroq Kiyevda Tramp ma’muriyati Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan chekinishi mumkinligi yuzasidan xavotirlar ortib bormoqda. Tramp Putin bilan iliq munosabatlar o‘rnatgan. Tanqidchilar esa u Yevropadagi eng qonli mojaroga barham berish uchun Rossiyaning talablariga yon berishidan xavfsiramoqda.
Putin Ukraina va AQSH bilan tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga rozi bo‘ldi
Rossiya prezidenti chorshanba kuni bir necha oylik tanaffusdan so‘ng ilk bor AQSH vositachiligida Ukraina bilan tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga rozilik bildirdi.
AQSH rasmiylaridan birining «Al Jazeera» telekanaliga ma’lum qilishicha, Uitkoff va Kushner urush tugaganidan keyin Ukraina va Rossiya xavfsizligini kafolatlashga qaratilgan «texnik darajadagi uch tomonlama uchrashuv» o‘tkazishni taklif qilgan. Ukraina tomoni seshanba kuni Norvegiyaning Oslo shahrida amerikaliklar bilan uchrashuvda ushbu taklifni qabul qilgan.
AQSH vositachiligidagi so‘nggi tinchlik muzokaralari fevral oyida — Qo‘shma Shtatlar va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari boshlanishidan bir necha kun avval bo‘lib o‘tgan edi. «Reuters» agentligi xabariga ko‘ra, Kreml Ukraina va AQSH bilan yangi muzokaralar Abu-Dabida o‘tkazilishi mumkinligini va ular kelasi oydayoq boshlanishi ehtimoli borligini ma’lum qilgan.
Rossiya nafaqadagi AQSH o‘qituvchisini ozod qildi
To‘rt yildan ortiq vaqt davomida Rossiyada hibsda saqlangan 74 yoshli nafaqadagi amerikalik o‘qituvchi Stiven Habbard ozod etildi.
Habbard 2022 yilda qo‘lga olingan va ukrainalik yollanma askar bo‘lganlikda ayblanib, olti yildan ko‘proq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Qo‘shma Shtatlar sobiq o‘qituvchining nohaq hibsga olinganini ta’kidlab kelayotgandi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Habbardning ozod etilganini Sankt-Peterburgda AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashuv vaqtida ma’lum qildi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, bu masala Amerika tomonidan bir muddatdan beri ko‘tarib kelingan va Putin uni «insonparvarlik nuqtai nazaridan» ozod qilishga qaror qilgan. Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov esa prezident Habbardni afv etganini bildirdi.
Habbardni ozod qilishni so‘rab Putinga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilgan. Tramp chorshanba kuni «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘ida Rossiya unga nisbatan hurmat yuzasidan mahbuslar almashinuvini so‘ramaganini yozib qoldirdi. Trampning qo‘shimcha qilishicha, Habbardning oilasi uni yana 20–25 yil ko‘rmasligi mumkin deb o‘ylagan.
AQSH rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, Tramp Habbard bilan telefon orqali gaplashgan va xorijda nohaq tutib turilgan barcha amerikaliklarni vataniga qaytarish borasidagi qat’iy irodasini yana bir bor ta’kidlagan. Uitkoff ozodlikka chiqqan Habbard bilan uchrashgan va Putinga minnatdorlik bildirib, Rossiya prezidentini «insonparvar» deb atagan.
Putinni «insonparvar» deb atashdi
Uitkoff Habbardni ozod qilish qarori uchun Putinni «insonparvar» deb atagani ortidan keskin tanqidlarga duch keldi.
«Siz mening prezidentim Trampning insonparvar ekani haqida ko‘p gapirasiz, — dedi Uitkoff chorshanba kungi uchrashuvda Putinga yuzlanib. — Siz ham insonparvarsiz, janob, men buni olqishlayman. Sizga tasanno aytaman».
Rossiya prezidentiga bildirilgan bunday maqtov AQSH qonunchilari va inson huquqlari faollarining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ular Putin rahbarligi davrida inson huquqlari qo‘pol ravishda buzilgani bilan bog‘liq ayblovlarni eslatib o‘tdi.
«Bu nimasi, Stiv?» — deya hayratini yashira olmadi AQSH senatori Tom Tillis ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. Trampning Respublikachilar partiyasi a’zosi bo‘lgan Tillis o‘z so‘zida davom etib, Uitkoffga «insonparvar» so‘zining lug‘aviy ma’nosini ko‘rib chiqishni maslahat berdi.
«Qanday uyatli va g‘azabnok holat, — dedi u. — Siz Ukrainaga borib, Putin tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va o‘ldirilgan bolalarning oilalaridan do‘stingiz Putinning "insonparvar" ekaniga qo‘shilish-qo‘shilmasligini so‘rashingiz kerak».
Tillisning Senatdagi hamkasbi, respublikachi Jon Kornin ham bu fikrlarni qo‘llab-quvvatladi. «Putin — shafqatsiz qotil», — deb yozdi u Uitkoffning so‘zlariga javoban.
AQSH Senatining Razvedka va Qurolli kuchlar qo‘mitalarida faoliyat yurituvchi senator Mark Kelli ham Uitkoffni keskin qoralab, Putinni «harbiy jinoyatchi» deb atadi.
«Qaysi dunyoda Putin "insonparvar" hisoblanadi? U siyosiy raqiblari va jurnalistlarni o‘ldirgan, shifoxonalarni bombardimon qilgan hamda o‘n minglab begunoh odamlar, jumladan, ayollar va bolalarning qasddan o‘ldirilishiga sabab bo‘lgan urushni boshlagan», — dedi arizonalik demokrat Kelli.
Tramp, Putin va Si Jinping uchrashuvi haqidagi muhokamalar jonlanmoqda
Kremlning ma’lum qilishicha, chorshanba kungi muzokaralar davomida Tramp, Putin va Xitoy raisi Si Jinping o‘rtasida ehtimoliy uchrashuv masalasi muhokama qilingan.
Rossiya rasmiylariga ko‘ra, agar uchrashuv tasdiqlansa, u kelasi oy Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida o‘tishi mumkin.
«Uchala davlat rahbari ham Xitoydagi sammitda ishtirok etishi ehtimolini hisobga olib, bunday uchrashuv o‘tkazish mavzusi haqiqatan ham ko‘tarildi», — dedi chorshanba kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Mazkur uch yetakchi shu vaqtga qadar aynan uch tomonlama formatda biror marta ham bir joyga jamlanmagan.





