Islomobodda 2,5 gektarlik Bobur bog‘i quriladi

Loyiha Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik ramzi sifatida barpo etilib, bog‘ markazida Bobur byusti o‘rnatiladi.

Islomobodda 2,5 gektarlik Bobur bog‘i quriladi

18-fevral kuni O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasida Islomobod shahrida barpo etilishi rejalashtirilgan Bobur bog‘i loyihasi muhokama qilindi. Uchrashuvda loyihaning arxitekturaviy yechimlari, infratuzilmasi va amalga oshirish bosqichlari ko‘rib chiqildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Loyiha tafsilotlari

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bog‘ Islomobodning F-7 sektorida joylashgan 2,5 gektar maydonda quriladi. Hududda bolalar va kattalar uchun ko‘ngilochar zonalar, sport maydonchalari, sayr yo‘laklari, favvoralar va keng yashil hududlar barpo etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, loyiha doirasida O‘zbekiston milliy taomlari taklif etiladigan choyxona tashkil etiladi. Bog‘ markaziga Zahiriddin Muhammad Bobur byusti o‘rnatiladi. Tashabbuskorlar ushbu maskanni madaniy muloqot va turizm nuqtasiga aylantirishni maqsad qilgan.

Muhokama jarayoni

Uchrashuvda O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Xidoyatov, Islomobod shahar hokimligi vakillari hamda mutaxassislar ishtirok etdi. Tomonlar milliy an’analar va zamonaviy arxitektura uyg‘unligini ta’minlash bo‘yicha takliflar bildirishdi.

Bog‘ konsepsiyasini takomillashtirish, qurilish sifatini ta’minlash va amalga oshirish bosqichlarini aniq rejalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ajratilgan maydon ko‘zdan kechirilib, dala tadqiqotlari o‘tkazildi.

Eslatib o‘tish joiz, Bobur bog‘ini barpo etish tashabbusi O‘zbekiston prezidentining fevral oyidagi Pokistonga davlat tashrifi chog‘ida ilgari surilgan edi. Loyiha O‘zbekiston xalqidan Pokiston xalqiga do‘stlik ramzi sifatida taqdim etilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid