Logo

Issiq yoz prognozi. Chillada issiqdan saqlanish uchun nimalar qilish kerak?

Bugun 17:254 daqiqa

25-iyundan O‘zbekistonda yozning eng jazirama pallasi – qirq kunlik chilla boshlandi. Xalqaro iqlim markazlari va «O‘zgidromet» joriy yilgi yoz mavsumi anomal issiq to‘lqinlar hamda haroratning yangi rekordlari bilan yodda qolishidan ogohlantirmoqda. Xususan, 28-iyun kunining o‘zidayoq mamlakat bo‘ylab havo harorati +39…+44 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Xo‘sh, bunday ekstremal sharoitda jaziramadan qanday himoyalanish kerak?

Issiq yoz prognozi. Chillada issiqdan saqlanish uchun nimalar qilish kerak? © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Amerika iqlim prognozlari markazi Tinch okeanida suv haroratining keskin ko‘tarilishi – El-Nino hodisasi boshlanishining birinchi aniq belgilarini qayd etdi. Ushbu hodisa butun sayyoramizda global havo haroratining yanada oshishiga sabab bo‘ladi.

O‘zgidromet agentligining dastlabki baholashlariga ko‘ra, 2026 yilda yozning o‘rtacha harorati ko‘p yillik iqlimiy me’yordan biroz yuqori bo‘lishi taxmin qilinmoqda.  Eng asosiysi, yozgi mavsum davomida ekstremal qiymatlarga yaqin bo‘lgan o‘ta issiq ob-havo davrlari kuzatilishi kutilmoqda.

Mavsumiy prognozlarga ko‘ra, kutilayotgan harorat ko‘rsatkichlari hududlar bo‘yicha quyidagicha taqsimlanadi:

Hududlar


Oddiy kunlardagi o‘rtacha harorat


Eng issiq davrlardagi maksimal harorat

Respublika bo‘yicha (tekisliklar)


+34...+39 daraja


+42...+44 daraja

Shimol, janub va cho‘l hududlari


+40...+42 daraja

+45...+47 daraja


O‘zbekistonda so‘nggi 15 yil davomida yoz faslida o‘rtacha harorat ko‘tarilishining barqaror tendensiyasi kuzatilmoqda. Masalan, 2021-2025 yillar oralig‘ida iyun oyining o‘rtacha harorati me’yordan o‘rtacha +1,3 dan +2,5 darajagacha yuqori bo‘lgan.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishining amaldagi shiddati sababli yaqin yillarda mamlakatimizda mutlaq rekordlar yangilanishi va haroratning +50 darajadan oshishi bilan bog‘liq holatlar qayd etilishi ehtimoli katta.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston meteokuzatuvlari tarixidagi eng yuqori harorat +49,8 daraja bo‘lib, u 1983 yil iyul oyida Buxoro viloyatining «Oyoqog‘itma» punktida ro‘yxatga olingan.

Chilla va «termik depressiya» xavfi

Yoz chillasi taqvim bo‘yicha 25-iyunda boshlanib, 5-avgustga qadar davom etadi va anomal issiq kunlar odatda shu davr ichida to‘planadi. Ko‘p yillik kuzatuvlarga ko‘ra, O‘zbekistonning tekislik hududlarida iyul oyidagi havo harorati iyun va avgust haroratidan +1…+3 daraja issiqroq bo‘ladi.

Biroq global iqlim o‘zgarishi sababli anomal issiqlik to‘lqinlari endilikda chilla davridan tashqarida ham tez-tez kuzatilmoqda. Jazirama issiq kunlarning uzoq vaqt davom etishi termik depressiya (mintaqa ustida past bosimli issiq havo oqimlarining uzoq vaqt saqlanib qolishi) jarayonlari bilan bog‘liq.

Eng xavflisi, yozda issiq kunlar ko‘p kuzatilsa, keksalarda qon bosimi o‘zgarishi bilan bog‘liq asoratlar ortib, yurak-qon tomir xastaliklaridan o‘lim holatlari ham ko‘payishi statistik jihatdan tasdiqlangan.

Jaziramadan qanday saqlanish kerak?

Haddan tashqari yuqori havo harorati qisqa vaqt ichida sog‘liq uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Bu og‘ir kasalliklar, shifoxonaga tushish va hatto o‘limga olib kelishi mumkin. Ayniqsa yoshi kattalar, yosh bolalar, homilador ayollar, surunkali kasalliklarga chalingan insonlar va ochiq havoda mehnat qiladigan insonlar ko‘proq xavf ostida.

Jazirama kunlarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) quyidagilarni tavsiya qiladi:

Issiqdan saqlaning

– Kunning eng issiq paytida ichkarida qoling va og‘ir jismoniy faollikdan saqlaning.

– Imkon qadar soyada bo‘ling. To‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuri ostida havo harorati +10…+15 darajaga issiqroq sezilishi mumkin.

– Har kuni kamida 2–3 soatni salqin joyda o‘tkazing.

– Hech qachon yirik suv havzalarida yolg‘iz suzmang.

– Issiq havo bo‘yicha rasmiy ogohlantirish va tavsiyalarga rioya qiling.

Uyingizni salqin tuting

– Uyda havoni almashtirish uchun, derazalarni kechasi va erta tongda ochib toza havoni ichkariga kiriting.

– Kunduzi deraza, parda, jalyuzilarni yopib, quyosh nurlarini cheklang.

– Iloji boricha foydalanmayotgan elektr jihozlarini tokdan o‘chirib qo‘ying.

– Elektr ventilyatorlardan faqat +40 darajadan past haroratda foydalaning. +40 darajadan yuqori haroratda ventilyator tanani yanada qizdiradi.

Agar konditsionerdan foydalansangiz, uni taxminan +27 darajaga sozlab, bir vaqtni o‘zida ventilatorni ishlatsangiz, bu xonani -4 darajagacha salqinroq his qilishga yordam beradi va elektr energiyasi sarfini kamaytiradi.

– Tashqaridagi soyali joylar ba’zan bino ichidan salqinroq bo‘lishi mumkinligini unutmang.

Tanangizni salqin tuting va tez-tez suv iching

– Kun davomida muntazam ravishda suv ichib turing. Shifokor boshqa tavsiya bermagan bo‘lsa, har soatda bir stakan suv ichishga va kuniga 2–3 litr suv iste’mol qilishga harakat qiling.

– Chanqashni kutmang.

– Tarkibida shakar, kofein bo‘lgan va alkogolli ichimliklarni cheklang.

– Yengil, keng bichimli kiyim kiying va havo o‘tkazadigan choyshablardan foydalaning.

– Salqin dush yoki vanna qabul qiling.

– Teringizni nam mato, purkagich (sprey) yoki ozgina namlangan kiyim yordamida sovuting.

Yaqinlaringizdan va yordamga muhtoj insonlardan xabar oling

– Katta yoshdagilar, ayniqsa, 65 yoshdan oshgan kishilar bilan muntazam bog‘lanib turing.

– Yurak, o‘pka yoki buyrak kasalliklari insonlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yolg‘iz yashovchilar holidan xabar oling.

– Ularning ichimlik suvi va dam olish uchun salqin joyi borligiga ishonch hosil qiling.

Chaqaloqlar va bolalarni himoya qiling

– Bolalar yoki uy hayvonlarini to‘xtab turgan mashina ichida, hatto bir necha daqiqaga ham, hech qachon qoldirmang. Avtomobil ichidagi harorat juda tez hayot uchun xavfli darajaga ko‘tarilishi mumkin.

– Bolalarni kunning eng issiq vaqtida to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh ostida qoldirmang.

– Ularni soyada yoki bino ichida bo‘lishga undang. Soyada harorat +10 daraja salqinroq his etilishi mumkin.

– Bolalar aravachasini hech qachon quruq adyol yoki mato bilan yopmang, chunki bu issiqlikni ichkarida ushlab qolishi mumkin. Buning o‘rniga yengil nam matodan foydalaning va kerak bo‘lganda uni qayta namlab turing.

– Bolalarga terini yopib turadigan yengil, keng bichimli kiyim kiydiring. Keng soyabonli bosh kiyim, quyoshdan saqlovchi ko‘zoynak va quyoshdan himoya kremidan foydalaning.

– Uy ichini salqin saqlash bo‘yicha tavsiyalarga amal qiling.

Nega bu muhim?

Iqlim o‘zgarishi tufayli jazirama to‘lqinlari tobora tez-tez kuzatilmoqda, davomiyligi uzunlashmoqda va darajasi kuchaymoqda. Shu sababli ko‘plab mamlakatlar aholini jaziramadan himoya qilish uchun “Jazirama vaqtida salomatlik bo‘yicha harakat rejalari”ni ishlab chiqmoqda. Bunday choralar favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni kuchaytiradi, sog‘liqni saqlash tizimlariga tushadigan yukni kamaytiradi va insonlar hayotini saqlab qoladi.

Teglar

Mavzuga oid

Issiq yoz prognozi. Chillada issiqdan saqlanish uchun nimalar qilish kerak? | Vaqt.uz