
«Maqsad — AQSHga yetish»: Xitoy texnostartaplarga milliardlar yo‘naltirmoqda
Xitoy texnologiya sohasida AQSHdan ortda qolmaslik uchun milliy venchur jamg‘armalarini ishga tushirdi va startaplarga o‘nlab milliard dollar sarflashni boshladi.

Xitoy hukumati texnologiya sohasida keskin qadam tashladi. Pekin milliy venchur jamg‘armasi va uchta yirik mintaqaviy fondni ishga tushirib, mahalliy texnostartaplar orqali AQSH bilan raqobatni kuchaytirishni maqsad qilmoqda. Bu haqda «Bloomberg» xabar bermoqda.
Dastur doirasida Milliy moliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan milliy jamg‘armaga 100 mlrd yuan, ya’ni taxminan 14,3 mlrd dollar ajratildi. Bu mablag‘lar uzoq muddatli maxsus davlat obligatsiyalari orqali jalb qilingan. Shu bilan birga, Pekin–Tianjin–Hebey, Yangji daryosi deltasi va «Katta ko‘rfaz» hududlarini qamrab oluvchi uchta mintaqaviy fond ham har biri 50 mlrd yuandan ortiq kapital jamlashni rejalashtirmoqda.
Xitoyning bu yondashuvi an’anaviy venchur modelidan farq qiladi. Davlat «sabrli kapital» strategiyasini tanlagan. Jamg‘armalar 20 yillik davrga mo‘ljallangan: ilk 10 yil — investitsiya kiritish, keyingi 10 yil — aktivlardan chiqish uchun ajratiladi.
Investitsiyalar asosan kichik va erta bosqichdagi kompaniyalarga yo‘naltiriladi. Startap bahosi 500 mln yuandan oshmasligi kerak. Mablag‘larning kamida 70 foizi seed va boshlang‘ich bosqichdagi loyihalarga sarflanadi. Bir kompaniyaga ajratiladigan maksimal mablag‘ 50 mln yuan bilan cheklanadi.
Pekin aniq ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olgan. Ular orasida mikrochiplar, biomeditsina, kvant texnologiyalari, «miya–komputer» interfeyslari va aerokosmik sanoat bor. Maqsad — «kichik gigantlar»ni yetishtirib, ularni global texnologik chempionlarga aylantirish.
Tahlilchilarga ko‘ra, bu strategiya Xitoyga sanksiyalar va texnologik cheklovlar sharoitida o‘z ilmiy va ishlab chiqarish mustaqilligini mustahkamlash imkonini beradi. AQSH bilan texnologik raqobat endi faqat bozor emas, davlat darajasidagi uzoq muddatli kurashga aylanmoqda.





