Markaziy bank fintex xabi, venchur fond va raqamli valuta bo‘yicha rejalarni e’lon qildi
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov O‘zbekistonda fintex uchun innovatsion xab va venchur fond tashkil etilgani, raqamli valuta bo‘yicha eksperimentlarga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi
© vaqt.uzMarkaziy bank fintex startaplar uchun Innovatsion xab va maxsus venchur fond tashkil etdi. Shuningdek, mamlakatda Markaziy bank raqamli valutasi bo‘yicha eksperimentlar boshlanishi mumkin.
Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 24-avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Silk Road Finance and Technology Forum»dagi chiqishida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Vaqt.uz jurnalisti.
Ishmetovning aytishicha, O‘zbekistonda fintex sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi bosqich boshlanmoqda. Markaziy bank buning uchun 2026−2030 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyani joriy etmoqda.
«U sektorni innovatsiyalar, mutanosib tartibga solish, zamonaviy moliyaviy infratuzilma, kadrlar va kapitaldan foydalanish imkoniyatlari atrofida yagona milliy tizimga birlashtiradi», — dedi Ishmetov.
Strategiyaning maqsadlaridan biri O‘zbekistonni butun Markaziy Osiyoda fintex sohasi o‘sishi uchun darvoza sifatida shakllantirishdan iborat.
Fintex loyihalari uchun yangi xab
Markaziy bank Innovatsion xab tashkil etgan. Joriy yilning to‘rtinchi choragidan boshlab u yerga rezidentlarning birinchi guruhi qabul qilinadi.
Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, xab startaplar uchun g‘oyadan bozorga chiqishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni qamrab oladi.
«Inkubatsiya va akseleratsiyadan tortib, regulyator ko‘magi va bozorga chiqish uchun pilot sinovlarigacha bo‘lgan to‘liq yo‘lni ta’minlaymiz», — dedi Markaziy bank raisi.
Shu bilan birga, Markaziy bank maxsus venchur fond ham tashkil etgan. Hozirda uni boshqarish uchun tajribali xalqaro fond boshqaruvchilari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Markaziy bank Innovatsion xabdagi loyihalarni xalqaro bozorga olib chiqish uchun ham alohida mexanizm yaratmoqchi. Bu startaplarning investitsiya cheklarini oshirish va xalqaro haminvestorlarni jalb qilishga qaratilgan.
Raqamli valuta bo‘yicha eksperimentlar
Forum doirasida Markaziy bankning raqamli valutasi — CBDC bo‘yicha «Oq kitob» e’lon qilinishi aytildi.
Unda raqamli valutaning ehtimoliy qo‘llanish sohalari, texnik arxitekturasi, asosiy yechimlar va ularning moliya tizimi uchun oqibatlari ko‘rib chiqiladi.
«Uning xulosalari eng maqbul yondashuvni sinovdan o‘tkazish va raqamli valuta O‘zbekistonda innovatsiyalar hamda raqamli iqtisodiyotni qanday qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini baholash uchun eksperimentlar bosqichini boshlashga xizmat qiladi», — dedi Ishmetov.
Markaziy bank raisi raqamli aktivlar va pulning yangi shakllari sohasida hozircha tadqiqot va ishlanmalar bosqichida ekanini ham ta’kidladi.
«Bizning yondashuvimiz vazmin va dalillarga asoslangan bo‘ladi», — dedi u.
2030 yilgacha 5000 nafar yosh tayyorlanadi
Markaziy bank 2030 yilgacha fintex sohasida 5000 nafar yoshni tayyorlashni maqsad qilgan. Dastlabki guruh joriy yil oxirigacha Singapur universitetlari va «GFTN» ishtirokida ishlab chiqilgan dastur asosida ta’lim olishni boshlaydi.
«Dastur akademik asos va amaliy fintex ko‘nikmalarini birlashtiradi», — dedi Ishmetov.
2030 yilgacha fintex sohasiga 1 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilish ham belgilangan.
Ishmetovning aytishicha, O‘zbekistonda fintex uchun zarur asos shakllanib bormoqda. Hozirda mamlakatdagi to‘lovlarning 57 foizi naqd pulsiz amalga oshiriladi va bu ko‘rsatkich yil sayin o‘smoqda.
Shu bilan birga, ayollarning bank hisobvaraqlariga egalik qilish darajasi 39 foizdan 61 foizga oshgan.
«Biz aniqlagan bo‘shliqlar shunchaki muammolar emas. Ular mas’uliyatli innovatsiyalar eng katta iqtisodiy qiymat yaratishi mumkin bo‘lgan sohalarni ham belgilab beradi», — dedi Markaziy bank raisi.
Ishmetov O‘zbekiston investitsiyalar, texnologiyalar, ekspertiza va uzoq muddatli hamkorlik uchun ochiq ekanini ta’kidladi.
«Mahsulotlarni shu yerda yarating, yangi yechimlarni shu yerda sinovdan o‘tkazing, shu yerga investitsiya kiriting, shu yerda kadrlarni rivojlantiring», — dedi u.
Markaziy bank raisi to‘g‘ri hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa, Markaziy Osiyo yanada bog‘langan, raqobatbardosh va xalqaro moliya tizimiga integratsiyalashgan mintaqaga aylanishi mumkinligini bildirdi.





