«Microsoft» sun’iy intellekt va kvant texnologiyalari bo‘yicha yangi ishlanmalarini taqdim qildi

Kompaniya o‘zining alohida identifikatsiyasiga ega bo‘lgan va ofisda raqamli xodim vazifasini bajara oladigan sun’iy intellekt yordamchisini taqdim etdi.

«Microsoft» sun’iy intellekt va kvant texnologiyalari bo‘yicha yangi ishlanmalarini taqdim qildi © Microsoft

«Microsoft» San-Fransiskoda o‘tkazilgan har yilgi «Build» dasturchilar konferensiyasida sun’iy intellekt va kvant hisoblash sohasidagi qator yangi mahsulot hamda texnologiyalarni taqdim etdi. Kompaniya to‘laqonli raqamli xodim sifatida ishlay oladigan «Scout» SI-assistentini namoyish qildi, SI-agentlar uchun mo‘ljallangan yangi qurilmalar platformasi – «Project Solara»ni e’lon qildi va SI modellari hamda veb-agentlarni ishga tushirish uchun komputerlarni taqdim etdi. Shuningdek, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchisi va «Azure» bulutli xizmati egasi bo‘lgan «Microsoft» yangilangan «Majorana» kvant chipini ham tanishtirdi. Kompaniya fikricha, ushbu chip 2029-yilgacha kvant komputerining tijoriy versiyasini yaratish maqsadiga yaqinlashtirishi mumkin.

Yangi sun’iy intellekt ishlanmalari

«Microsoft» o‘tgan yil oxirida tashkil etilgan superintellekt yaratish bo‘yicha jamoasining ishlanmalarini namoyish qildi. «Reuters»ning yozishicha, kompaniya «Anthropic» va «OpenAI» bilan raqobatda orqada qolishni qisqartirish maqsadida yirik bulutli provayderlar orasida eng samarali deb baholanayotgan nutqni tanib olish modelini, shuningdek, «Google» ishlanmasiga raqobatchi bo‘lishi kutilgan tasvir yaratish modelini taqdim etdi.

«Microsoft»ning mulohaza yuritish imkoniyatiga ega birinchi modeli – «MAI-Thinking-1», kompaniyaning sun’iy intellekt yo‘nalishi rahbari Mustafo Sulaymonning so‘zlariga ko‘ra, «Anthropic»ning «Claude Opus 4.6» modeli darajasidagi natijalarni namoyon qilgan. Biroq «Anthropic» o‘tgan haftayoq «Opus 4.8» versiyasini taqdim etgan.

Shuningdek, «Microsoft» «Scout» nomli SI-assistent haqida ham ma’lum qildi. «Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, u «OpenAI»ning «ChatGPT» yoki «Microsoft»ning «Copilot» xizmati kabi emas, balki korporativ elektron pochta va kalendar tizimlarida alohida xodim sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, u jadvalda to‘qnashuv yuzaga kelganda uchrashuvni ko‘chirishni so‘rashi yoki rahbar nomidan xodimlar savollariga javob berishi mumkin.

«Uning o‘z identifikatsiyasi bor, shuning uchun boshqa xodimlar ham uning xizmatlaridan foydalanishi mumkin», – deydi «Microsoft»ning biznes ilovalari va ish jarayonlari uchun SI bo‘limi rahbari Charles Lamanna.

Bundan tashqari, «Microsoft» internetda mustaqil ravishda ma’lumot izlash imkoniga ega bo‘lgan «Web IQ» texnologiyasini ham taqdim etdi.

SI-agentlar uchun «temir»

«Microsoft» «Project Solara» – aqlli kolonka hajmiga yaqin bo‘lgan qurilmalar prototiplari oilasini taqdim qildi. Platforma «Qualcomm» va «MediaTek» chiplari asosida qurilgan.
«Reuters»ning yozishicha, ushbu qurilmalar ekran va mikrofonlar bilan jihozlangan, ammo an’anaviy operatsion tizim va ilovalar o‘rniga muayyan vazifalarni bajarish uchun bulutli tizimlar bilan hamkorlik qiluvchi SI-agentlardan foydalanadi.
Misol sifatida «Microsoft» hamshiraning bemor qabul qilish jarayonini avtomatik tarzda hujjatlashtira oladigan qurilmani namoyish qildi.

«Bu yangi platforma, ammo ehtimol undan ham muhimi – u yangi yechimlar yaratish imkoniyatlarini deyarli cheklamaydigan yangi qoidalarni belgilab beradi», – dedi konferensiyadagi chiqishi chog‘ida «Microsoft» bosh direktori Satya Nadella.

SI uchun foydalanuvchi komputerlari

«Microsoft» sun’iy intellekt vazifalari uchun optimallashtirilgan protsessorga ega «Surface RTX Spark Dev Box» komputerini ham taqdim qildi. Kompaniya ma’lum qilishicha, qurilma murakkab sun’iy intellekt modellarini bevosita shaxsiy komputerda ishga tushirish imkonini beruvchi yangi NVIDIA chipidan foydalanadi.

«Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, taqdimot davomida «Microsoft» 120 milliard parametrli modelning ishlashini ko‘rsatdi. Bunday modelni oddiy shaxsiy komputerlarning aksariyati yuklay olmaydi.

Satya Nadella yangi «Surface RTX Spark Dev Box»ni «orzudagi komputer» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilmaga buyurtma berish uchun kutish ro‘yxati shakllangan va u shaxsan o‘zi ham ushbu ro‘yxatdan joy olgan.
Yangi komputerlar qatori narx jihatidan «Apple»ning premium qurilmalari bilan raqobatlashishi kutilmoqda.

«Majorana» 2 kvant chipi

«Microsoft» yangilangan «Majorana 2» kvant chipini taqdim qildi. Unda kvant komputerining asosiy hisoblash elementlari bo‘lgan 12 ta kubit mavjud. Bu avvalgi versiyadagi 8 ta kubitga nisbatan ko‘proqdir.

Kubitlar sonining ortishi va ularning barqaror ishlash muddatining uzayishi amaliy qo‘llashga yaroqli qudratli kvant tizimlarini yaratish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.

«Microsoft» ma’lum qilishicha, boshqa ishlab chiqaruvchilarda kubitning «yashash vaqti» mikrosoniyalar bilan o‘lchansa, «Majorana 2» kubitning o‘rtacha 20 soniya, ayrim hollarda esa bir daqiqagacha barqaror ishlashini ta’minlaydi.

Kompaniya ta’kidlashicha, bu yaxshilanishni bir kun ishlaydigan telefon akkumulatori zaryadni qariyb uch yil ushlab tura oladigan darajaga yetgani bilan qiyoslash mumkin. «Microsoft» ma’lumotiga ko‘ra, «Majorana 2» asosida yangi materiallar kombinatsiyasi yotadi. Bu texnologiyaning oldingi avlodiga nisbatan kubitlar ishonchliligini 1000 baravar oshirish imkonini bergan.

«Bunday tez sur’atdagi taraqqiyotni hisobga olgan holda, biz kengaytirish mumkin bo‘lgan va amaliy foyda keltiradigan kvant komputerini yaratish bo‘yicha yo‘l xaritamizni tezlashtirmoqdamiz. Biz muddatlarni ikki baravar qisqartirdik va endi ushbu maqsadga 2029-yilga kelib erishishni rejalashtirmoqdamiz», – dedi «Microsoft»ning kvant qurilmalari yo‘nalishi rahbari Chetan Nayak.

Teglar

Mavzuga oid