add

Nega ko‘pchilik o‘zbekistonliklarda bosh og‘rig‘i, holsizlik kuzatilyapti?

08.08.2025 | 18:206665

Ikki kundan buyon ko‘pchilikni bezov qilib kelayotgan masala yuzasidan iqlimshunos Erkin Abdulahatov o‘z fikrlarini bildirdi.

Nega ko‘pchilik o‘zbekistonliklarda bosh og‘rig‘i, holsizlik kuzatilyapti?
So‘nggi ikki kun ichida O‘zbekistonda ko‘plab fuqarolar yengil bosh og‘rig‘i, umumiy zaiflik va holsizlikka o‘xshash holatlardan shikoyat qilmoqda. Ayrimlar buni magnit bo‘ronlari bilan bog‘lashga urinmoqda. Ammo bugungi kun ma’lumotlariga qaraganda, Yerning magnit faolligi juda past darajada – «yashil» xavf sathida, ya’ni 0–1 ball atrofida. Demak, magnit bo‘ronlari bu alomatlarga asosiy sabab bo‘lishi mumkin emas. Unda bu holatning haqiqiy sabablari nimalar? Erkin Abdulahatovning fikricha, atmosfera bosimidagi keskin o‘zgarishlar havo sifatiga sezilarli ta’sir o‘tkazmoqda.
«Hozirgi kunda O‘zbekistonda bosimli atmosfera oqimi past bosimli maydon bilan almashmoqda. Bu holat, garchi sog‘lom insonlar uchun katta ta’sir qilmasada, qon bosimi yuqori fuqarolar, xususan kariyalar va yurak-qon tomir xastaligiga ega shaxslar uchun noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Aynan shu toifadagi odamlar og‘riq va zaiflikni ko‘proq his qilmoqda», — dedi u.
Iqlimshunos shuningdek ikkinchi omil sifatida quyoshdagi faollikning oshganini keltirgan.
«Avgust oyi boshidan buyon astronomik kuzatuvlar M-kategoriyali chaqnashlarni qayd etmoqda. Quyoshdagi bu portlashlar fotosferaning Yer tomon qarab turgan qismida yuz berayotgani tufayli, nurlar Yer atmosferasiga juda qisqa vaqtda yetib keladi. Garchi bu nurlanish insonlarga bevosita zarar yetkazmasa-da, organizmning bioritmlariga va uyqu-hushyorlik holatiga ta’sir qilishi mumkin. Bu esa charchoq, uyqusirash va bosh og‘rig‘i kabi holatlarga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari aholi salomatligiga ta’sir qiluvchi yana bir jiddiy omil — bu ovqatlanish madaniyati va turmush tarzi. Ko‘pchilik yoz mavsumida parhez va tanaffusga yetarlicha e’tibor bermaydi. Haddan tashqari yog‘li, tuzli yoki tez tayyorlanuvchi ovqatlarni iste’mol qilish, surunkali stress, uyqusizlik, organizmda vitamin va minerallar tanqisligiga olib keladi. Bu esa bosh og‘riq, asabiylashish, diqqatni yo‘qotishga sabab bo‘ladi» deya ta’kidladi Abdulahatov.
Bundan tashqari keyingi yillarda O‘zbekistondagi ba’zi mintaqalar, xususan markaziy va janubiy hududlar tobora cho‘llanish jarayoniga duch kelmoqda. Suv manbalari siqilishi, yashil hududlarning qisqarishi tufayli havoda kislorod miqdori pasayib bormoqda. Masalan, Toshkent shahrida 2024 yil yozida olib borilgan kuzatuvlarga ko‘ra, havoda kislorod miqdori 0,8–1,2 foizga kamaygan. Bu organizmda gipoksiya (kislorod yetishmasligi) holatini keltirib chiqarib, miyaga qon oqimining susayishi orqali bosh og‘riqka olib keladi.

Teglar

Mavzuga oid