Logo

Oliy sud raisi ishdan olindi, 3 mashina selda oqib ketdi, Mirziyoyeva narkojinoyatlarga qarshi kurashni o‘z nazoratiga oldi — hafta dayjesti

Bugun 18:426 daqiqa

O‘tayotgan hafta ichida sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.

Narkojinoyatlarga qarshi kurashish masalasini o‘z nazoratimga oldim – Saida Mirziyoyeva 

20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi, muddatidan oldin ozodlikka chiqish imkoniyatining bekor qilinishi va narkojinoyatchilikka qarshi keskin choralar — o‘tayotgan hafta aynan shu yangiliklar bilan boshlandi. Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva narkojinoyatlarga qarshi kurash masalasini shaxsiy nazoratiga olganini ma’lum qildi.

Shu kunlarda qabul qilingan yangi qonun narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni sezilarli darajada kuchaytirdi. Endilikda yashirin narkolaboratoriyalar tashkil etish, narkotiklarni internet orqali tarqatish, narkojinoyatlarga homiylik qilish va transmilliy jinoiy tarmoqlarda ishtirok etish kabi qilmishlar uchun qattiq jazo choralari qo‘llaniladi.

Yangi tartiblarga ko‘ra, narkojinoyat sodir etgan ayrim shaxslar jazoni to‘liq o‘tashi talab etiladi. Shuningdek, voyaga yetmaganlarni narkotik vositalar iste’moliga jalb qilish yoki ularni narkojinoyatlarga tortish uchun ham jazolar og‘irlashtirildi.

Debyut: munosib o‘yin, tarixiy gol va mag‘lubiyat

O‘tgan hafta O‘zbekiston uchun tarixiy voqea bo‘lib o‘tdi. Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etayotgan «oq bo‘rilar» Kolumbiyaga qarshi o‘yinda maydonga tushib, yuqori darajadagi raqiblarga munosib qarshilik ko‘rsatdi va o‘z tarixidagi birinchi mundial golini urdi.

Mexikodagi «Atsteka» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kolumbiyaliklar birinchi bo‘limda hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘lim boshida O‘zbekiston milliy jamoasi hisobni tenglashtirishga erishdi. Abbos Fayzullayev mualliflik qilgan ushbu gol terma jamoa uchun Jahon chempionatlari tarixidagi ilk gol sifatida qayd etildi. Biroq uchrashuv yakunida raqib yana ikki bor aniq zarba berib, 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.

O‘yindan so‘ng terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro futbolchilarning harakatini yuqori baholab, Kolumbiya kabi kuchli raqibga qarshi bahs oson kechmaganini aytib, futbolchilaridan faxrlanishini bildirdi va jamoa xatolar ustida ishlashini qayd etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham terma jamoa futbolchilarining o‘yiniga munosabat bildirib, ularning kuchli xarakter ko‘rsatganini ta’kidladi. Davlat rahbariga ko‘ra, birinchi jahon chempionatida urilgan tarixiy gol jamoa uchun ham, mamlakat uchun ham muhim yutuq sifatida baholanadi.

Robaxon Mahmudova Oliy sud raisi etib saylandi

Bu hafta O‘zbekiston sud-huquq tizimida muhim kadrlar o‘zgarishi bilan yakunlanmoqda. Prezident tomonidan Baxtiyor Islomovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimidan ozod etish hamda ushbu lavozimga Robaxon Anvarovna Mahmudovani saylash bo‘yicha Oliy Majlis Senatiga taqdimnomalar kiritildi.

Qarorlar Senat majlisida ko‘rib chiqilib, nomzodlar bo‘yicha tegishli muhokamalar o‘tkazildi. Natijada Robaxon Mahmudova O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi etib besh yil muddatga saylandi. Qaror Konstitutsiya va amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq qabul qilingani ta’kidlandi.

Eslatib o‘tish joiz, Baxtiyor Islomov 2022 yil avgust oyidan bu lavozimda faoliyat yuritib kelgan bo‘lib, ungacha sud tizimi va ijro hokimiyatining turli bosqichlarida ishlagan. Robaxon Mahmudova esa sud-huquq tizimida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, ilgari Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari va boshqa mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Urush tugadi: AQSH va Eron kelishib oldi

O‘tayotgan hafta xalqaro maydonda AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlikni yumshatishga qaratilgan muhim kelishuv bilan boshlandi. Tomonlar urush holatini yakunlash va strategik ahamiyatga ega Hormuz bo‘g‘ozida harakatni qayta tiklash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan.

Eron TIV matbuot kotibi Ismoil Bag‘oiyga ko‘ra, elektron shaklda imzolangan hujjatni AQSH prezidenti Donald Tramp va Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon tasdiqlagan. Ma’lum qilinishicha, memorandum kuchga kirgan va Hormuz bo‘g‘ozidagi transport harakatini tiklash jarayoni boshlangan.

Shuningdek, Shveysariyada o‘tkazilishi kutilgan uchrashuvda AQSH va Eron vakillari yadroviy dastur masalasini muhokama qilishi mumkin. Avvalroq, tomonlar Pokiston vositachiligida tinchlik kelishuviga erishgani ham ma’lum qilingan edi.

Jizzaxdagi selda 3 ta mashina oqib ketdi 

Yakunlanayotgan hafta Jizzax viloyatining tog‘li hududlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel kuzatilib, 3 ta yengil avtomobil oqib ketdi. Hodisa 18-iyun kuni Zomin va Baxmal tumanlarining ayrim tog‘ va tog‘oldi hududlarida sodir bo‘lgan, deb xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sel oqimi yo‘l uchastkalaridan o‘tib ketgan va noto‘g‘ri joyda qoldirilgan transport vositalari suv oqimi ta’sirida harakatlanib ketgan. Rasmiylarga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatining ayrim tumanlarida ham kuchli sel oqimi qayd etilib, aholi vaqtincha evakuatsiya qilingan edi.

Imtihonsiz «prava» olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi 

Haydovchilik guvohnomasini olish ko‘pchilik uchun murakkab va uzoq davom etadigan jarayon sifatida baholanadi. Aynan shu holatdan foydalanib, imtihonsiz «prava» olib berishni va’da qilgan shaxs Jizzax shahrida qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1995 yilda tug‘ilgan shaxs fuqarolar ishonchiga kirib, avtomaktabda o‘qimagan shaxslarga ham hujjat rasmiylashtirib berishni va’da qilgan hamda bu xizmat evaziga oldindan 10 million so‘m talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida u Jizzax shahridagi «O‘ratepalik» mahallasi hududida pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi avval ham firibgarlik jinoyati uchun sudlangan.

Hozirda unga nisbatan firibgarlik va pora berishga urinish bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 180 mlrd dollardan oshishi mumkin

O‘tayotgan hafta iqtisodiyot yo‘nalishidagi eng muhim xabarlardan biri O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti bo‘yicha e’lon qilingan yangi prognozlar bilan bog‘liq bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida mamlakat iqtisodiyoti kutilganidan tez sur’atlarda o‘sib borayotganini ta’kidladi.

Davlat rahbariga ko‘ra, avval 2026 yil uchun belgilangan 100 mlrd dollarlik marra joriy yilning o‘zidayoq 180 mlrd dollardan oshishi mumkin. Shuningdek, 2025 yil yakunida YAIM 7,7 foizga o‘sishi, iqtisodiyotga 43 mlrd dollar investitsiya jalb qilinishi hamda xalqaro zaxiralar 70 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda.

Prezident ta’kidlashicha, barqaror o‘sish va yaxshilanib borayotgan investitsiya muhiti natijasida O‘zbekiston xalqaro reytinglarda ham pozitsiyasini mustahkamlab bormoqda. Jumladan, mamlakat «Iqtisodiy erkinlik indeksi»da 14 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, ilk bor «mo‘’tadil erkin iqtisodiyot» qatoriga kirdi.

Lukashenko Zelenskiydan uzr so‘radi

Bu hafta Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko «Al-Arabiya» telekanaliga bergan intervyusida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiydan avvalgi keskin bayonotlari uchun uzr so‘radi. «Balki qayerdadir haddan oshgandirman. Agar Vladimir Aleksandrovich bundan ranjigan bo‘lsa, undan uzr so‘rayman», dedi Lukashenko.

Intervyuda u Belarusning bu urushga qo‘shilib ketishini istamasligini va Belarus tomondan Ukrainaga hech qanday harbiy xavf yo‘qligini ta’kidladi. Lukashenko Vladimir Putin ham Belarusning mojaroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashishidan manfaatdor emasligini bildirdi va «Belarusning urushga kirishi foydadan ko‘ra zararliroq», deya uning so‘zlarini keltirdi.

Shu bilan birga, u Belarus harbiy jihatdan zaif ekanini va agar Ukraina uning hududiga hujum qilsa, asosiy sanoat va logistika ob’ektlari zarba ostida qolishidan xavotir bildirdi. Uning aytishicha, Ukraina harbiylari Belarus hududida 500 ga yaqin ehtimoliy nishonni belgilab qo‘ygan.

Shu sababli Lukashenko Zelenskiyni ehtiyotkor bo‘lishga va keskin bayonotlar bermaslikka chaqirgan.

37 kg narkotik kontrabandasi

O‘tayotgan hafta huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga katta miqdorda giyohvand moddalarni kontrabanda yo‘li bilan olib kirish holatlari fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, jami 37,6 kg giyohvandlik vositalari aniqlangan.

Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida 25 kg 444 gramm «opiy» va 11 kg 86 gramm «gashish» moddalari noqonuniy yo‘llar bilan mamlakatga olib kirilgani ma’lum bo‘lgan. Ushbu moddalarni Samarqand shahrida qabul qilib olish vaqtida ikki nafar mahalliy va ikki nafar xorijlik shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Termiz xalqaro savdo markazida 1 kilogrammdan ortiq «opiy»ni 5 ming dollar evaziga sotishga urinayotgan ikki nafar Afg‘oniston fuqarosi ham qo‘lga olingan. Tekshiruvlarda ular giyohvand moddalarni mamlakat hududiga «jonli konteyner» usulida yashirincha olib kirgani aniqlangan.

Hozirda barcha holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 52

Barchasi

Mavzuga oid

Oliy sud raisi ishdan olindi, 3 mashina selda oqib ketdi, Mirziyoyeva narkojinoyatlarga qarshi kurashni o‘z nazoratiga oldi — hafta dayjesti | Vaqt.uz