add

Oltin narxi yana 5 ming dollarga qaytdi: xaridorlar bozorga qayta oralamoqda

Bugun 08:182 daqiqa

Tarixiy qulashi ortidan oltin narxi ikkinchi kun ketma-ket o‘sib, investorlar qimmatbaho metallni arzonroq chog‘ida xarid qilishga o‘tdi.

Oltin narxi yana 5 ming dollarga qaytdi: xaridorlar bozorga qayta oralamoqda

«Bloomberg» ma’lumotlariga ko‘ra, oltin narxi ikki kun ichida keskin o‘sib, yana troya unsiyasi uchun 5 ming dollarlik psixologik chegaradan oshdi. 4-fevral kuni quyma oltin qiymati 2,9 foizga ko‘tarildi, undan oldingi sessiyada esa o‘sish 6 foizdan oshib ketgan edi.

Shu bilan birga, oltin hali ham 29-yanvarda qayd etilgan tarixiy maksimumdan taxminan 500 dollar pastroq savdolashilmoqda. Biroq yil boshidan buyon aktiv 17 foizga yaqin o‘sishni ko‘rsatib, investorlar qiziqishi saqlanib qolayotganini namoyon etmoqda.

 

Qulash sabablari

Tahlilchilar fikricha, bozordagi majburiy sotuvlar bosqichi yakunlandi. Oltindagi keskin qulashi ortiqcha spekulyativ qiziqish oqibatida yuzaga kelgan. Narx tez pasayishi investorlarning stop-loss orderlarini ishga tushirib, dilerlarni risklarni hej qilish uchun aktivlarni ommaviy sotishga majbur qildi.

Bunga qo‘shimcha ravishda, Xitoydagi yirik oltin ETF fondlaridan bir kun ichida 1 mlrd dollar kapital chiqib ketdi. Bu chakana investorlar ishonchi vaqtincha susayganini ko‘rsatdi. «TD Securities» strategi Daniel Galiga ko‘ra, yuqori volatillik qisqa muddatda xususiy investorlarni bozordan chetlatib, maydonni professional o‘yinchilarga qoldirishi mumkin.

 

Uzoq muddatli kutilmalar

Qisqa muddatli qiyinchiliklarga qaramay, oltinning fundamental omillari kuchli qolmoqda. «Deutsche Bank» oltin narxi 6 ming dollargacha ko‘tarilishini kutmoqda. «Goldman Sachs» esa yil oxirigacha 5400 dollarlik mo‘ljal yuqori tomonga qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

«Bank of America» tahlilchilari oltin uzoq muddatli investitsiya sifatida kumushga nisbatan barqarorroq ekanini qayd etmoqda. Shu bilan birga, AQSH va Eron o‘rtasidagi geosiyosiy keskinlik ham investorlarni «tinch go‘sha» aktivlariga yo‘naltirib, oltin narxini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid