«OpenAI» investorlari Altmanning o‘rniga boshqa odamni ko‘rib chiqmoqda – WSJ

Bugun 20:104 daqiqa

Kompaniyada manfaatlar to‘qnashuvi va shaxsiy investitsiyalar atrofidagi savollar kuchaymoqda.

«OpenAI» investorlari Altmanning o‘rniga boshqa odamni ko‘rib chiqmoqda – WSJ © Foto: nytimes.com

«OpenAI»ning ayrim aksiyadorlari IPOga tayyorgarlik jarayonida Sem Altmanning kompaniyani samarali boshqarish qobiliyatini xususiy tarzda shubha ostiga qo‘ya boshlagan, deb yozadi «The Wall Street Journal» manbalariga tayanib.

Potensial voris sifatida investorlar direktorlar kengashi raisi va «Salesforce»ning sobiq hamrahbari Bret Teylorni ko‘rib chiqmoqda, deydi nashr manbalari. Teylor esa izoh so‘roviga javoban, Altman «kompaniyani rivojlanishning navbatdagi bosqichida boshqarish uchun zarur bo‘lgan noyob malakalarga ega» ekanini aytgan.

Sem Altman 2025-yil dekabrida ommaviy kompaniya rahbari bo‘lish istiqboli uni «umuman ruhlantirmasligi»ni tan olgan.

«OpenAI»ning ommaviy kompaniyaga aylanishi meni ruhlantiradimi? Bir tomondan – ha, ammo boshqa tomondan – bu juda noqulay bo‘ladi, deb o‘ylayman», – degan u podkastlardan birida.

Altmanga oid savollar

Ommaviy ravishda «OpenAI» rahbariyati va yirik investorlar Sem Altmanni qo‘llab-quvvatlab, kompaniya muvaffaqiyatini unga bog‘laydi, deb yozadi nashr. Biroq maqolada asosiy e’tibor IPO arafasida ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuviga qaratilgan.

«ChatGPT» ishlab chiqaruvchisini boshqarishdan oldin, Altman «Y Combinator» venchur fondiga rahbarlik qilgan va yuzlab startaplarga investitsiya kiritgan. Uning shaxsiy investitsiya portfeli ko‘lami yirik venchur kompaniyalar portfeliga yaqin, deya ta’kidlaydi «The Wall Street Journal».

Altman investitsiya kiritgan ayrim kompaniyalar keyinchalik «OpenAI» bilan foydali kelishuvlar tuzgan, bu esa shaxsan uning o‘ziga ham manfaat keltirgan.

«Helion»ga investitsiyalar

Shunday misollardan biri termoyadro sintezi bilan shug‘ullanuvchi «Helion» startapidir. U o‘z texnologiyasi dunyoga arzon energiya taqdim etishga yaqinlashganini da’vo qiladi. Biroq kompaniya tadqiqot natijalarini oshkor qilmaydi, bu esa uning rivojlanishini mustaqil baholashni qiyinlashtiradi. Ilk rejalarga ko‘ra, «Helion»ning «Polaris» qurilmasi 2024-yilgacha ishlab chiqargan energiyasi iste’molidan ko‘proq bo‘lishi kerak edi, ammo bu muddatga amal qilinmadi va yangilanishlar taqdim etilmadi.

Sem Altman «Helion»ga ilk bor 2014-yilda investitsiya kiritgan va hozir uning boyligining katta qismi shu kompaniyaga bog‘langan, deb yozadi «The Wall Street Journal». 2021-yilda u «Helion»ga 375 mln dollar sarmoya kiritgan – bu o‘sha paytdagi eng yirik shaxsiy investitsiyasi edi. Shu yili «OpenAI»ning yirik investorlaridan biri «Microsoft» 2028-yildan boshlab «Helion»dan elektr energiyasi sotib olishga rozi bo‘lgan.

2025-yilda Altman yangi investitsiya raundida ham ishtirok etdi, unda «Helion» 5,4 mlrd dollarga baholandi. Manbalarga ko‘ra, u «SoftBank»ni ham «Helion»ga sarmoya kiritishga chaqirgan va natijada kompaniya ushbu raundga qo‘shilgan. Bu kelishuv hatto «SoftBank»ning ayrim xodimlari uchun ham kutilmagan bo‘lgan, uni shaxsan «Masayoshi Son» nazorat qilgan.

Yaqinda «Helion» investorlardan yana 1 mlrd dollar jalb qilishni rejalashtirganida, Altman «OpenAI»ga bu mablag‘ning yarmini kiritishni taklif qilgan. «The Wall Street Journal» manbalariga ko‘ra, bu taklif ayrim xodimlarda xavotir uyg‘otgan: Altman o‘zi rahbarlik qilayotgan kompaniyadan shaxsiy manfaat olishi mumkin bo‘lgan startapni qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan, bu esa «OpenAI» uchun bevosita foyda keltirmasligi mumkin edi.

Natijada «OpenAI» investitsiya kiritishdan voz kechdi, ammo kelajakda «Helion»dan elektr energiyasi sotib olish huquqini beruvchi kelishuv tuzdi. Rad javobidan keyin startap o‘z rejalarini qisqartirib, endilikda 250 mln dollar jalb qilishni maqsad qilmoqda. Manbalarga ko‘ra, yangi raundga «Thrive Capital» yetakchilik qilishi mumkin. Altman esa mart oyida «Helion» direktorlar kengashini tark etgan.

Mask bilan raqobat

Sem Altman, shuningdek, «OpenAI» resurslaridan Ilon Maskk loyihalariga raqobat qiluvchi startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanishga uringan, deb yozadi «The Wall Street Journal».

Yanvar oyida «OpenAI» «miya–komputer» interfeyslari ishlab chiquvchi «Merge Labs» startapiga sarmoya kiritdi. U «Neuralink» bilan raqobat qiladi. Altman «Merge Labs» direktorlar kengashiga kiradi, ammo aksiyalarga ega emas, deydi uning vakili.

O‘tgan yili Altman «Stoke Space» bilan hamkorlikda kosmosda data-markazlar qurish imkoniyatini muhokama qilgan. U «OpenAI»ga kompaniyani to‘liq yoki nazorat paketi bilan sotib olishni taklif qilgan – bu esa «ChatGPT» ishlab chiqaruvchisini «SpaceX» bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatga olib kelar edi. Dekabr oyida muzokaralar to‘xtatilgani ma’lum qilindi. Manbalarga ko‘ra, «OpenAI» direktorlar kengashining ayrim a’zolari bu muzokaralardan xabardor ham bo‘lmagan va kosmik data-markazlar g‘oyasiga shubha bilan qaragan.

«The Wall Street Journal» qayd etishicha, Altmanning ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi 2023-yilda uning qisqa muddatga lavozimdan chetlatilishiga sabablardan biri bo‘lgan. O‘shanda «OpenAI» direktorlar kengashi u «doim ham ochiq bo‘lmagan»ini bildirgan.

Altman investitsiya kiritgan xususiy startaplar ma’lumotlarni oshkor qilmagani sababli, direktorlar kengashining ayrim a’zolari uning «OpenAI» nomidan tuzilgan kelishuvlardan shaxsiy foydasi qay darajada ekanini baholash mumkin emas, deb hisoblagan.

Keyinchalik lavozimiga qayta tiklangan Sem Altmandan so‘ng yangi direktorlar kengashi manfaatlar to‘qnashuvi muammosini hal qilishga va’da bergan, ammo «The Wall Street Journal»ga ko‘ra, bu muammo haligacha to‘liq bartaraf etilmagan.

Teglar

Mavzuga oid