O‘zbekiston aprelda 1,5 mlrd dollarlik oltin sotdi
Bungacha yarim yildan beri oltin sotuvi amalga oshirilmayotgandi.
© BloombergO‘zbekiston yarim yillik tanaffusdan so‘ng aprel oyida 1 mlrd 503 mln dollarlik oltin eksport qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining tashqi savdo bo‘yicha hisobotidan ma’lum bo‘ldi.
2026-yil yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 26,3 mlrd dollarga yetdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 1,4 mlrd dollarga yoki 5,8 foizga ko‘paydi.
Tashqi savdoda eksport hajmi 9,97 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 16,8 foizga kamroq. Import esa 26,7 foizga o‘sib, 16,4 mlrd dollarga yetdi. To‘rt oy ichida manfiy savdo balansi 6,4 mlrd dolllar bo‘ldi.
2026-yilning dastlabki to‘rt oyida 1,5 mlrd dollarlik oltin eksporti amalga oshirildi. Shunga qaramay, bu o‘tgan yilga nisbatan 72,6 foizga kamroq. 2025-yilning mos davrida 5,5 mlrd dollarlik oltin sotilgandi.
Yarim yildan beri ilk marta oltin sotilgan o‘tgan oyda oltin narxlari martga nisbatan biroz yuqori shakllandi. Oy davomida oltinning troya unsiyasi uchun narxi 4 850 dollargacha ko‘tarildi.
Ammo oy oxiriga kelib global narxlar yana pasaydi va oltin narxi 4 500—4 600 dollar oralig‘igacha tushib ketdi.
Yil boshida esa oltin narxi 5 600 dollarlik tarixiy rekord darajada edi. Biroq, bunday qulay vaqtda O‘zbekiston oltin sotmaslikka qaror qildi.
Ma’lumot uchun, 1-may holatiga ko‘ra mamlakat zaxiralari 70,9 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda zaxiralarda oltin miqdori 61,6 mlrd dollar bo‘lib turibdi.
Aprelda zaxiralardagi oltinning fizik hajmi bir necha oydan beri ilk marta pasaygandi — 416 tonnadan 413 tonnaga.
Avvalroq, oltinga O‘zbekiston sharoitida qanday qilib investitsiya kiritish haqida ma’lumot berilgandi.




