Logo

O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish qanchaga tushadi?

Bugun 17:207 daqiqa

Kuz — sayohatlar uchun eng qulay fasl, ammo ko‘pchilik xarajatlar sabab dam olishni keyinga suradi. Vaqt.uz ushbu maqolada o‘zbekistonliklar ichki turizm uchun qancha xarajat qilishini Toshkent–Buxoro yo‘nalishi misolida o‘rgandi.

O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish qanchaga tushadi?

Dam olish kunlari yoki ta’tilni O‘zbekistonning boshqa shaharlarida o‘tkazishni rejalashtirganlar uchun safar xarajatlari muhim masalalardan biri. Xo‘sh, mamlakat bo‘ylab bir necha kun sayohat qilish qanchaga tushadi?

Buni aniqlash uchun Vaqt.uz misol tariqasida Toshkentdan Buxoroga ikki kishidan iborat uch kunlik safarni hisoblab chiqdi. Hisob-kitoblarda borib-qaytish chiptalari, ikki kecha tunash, ovqatlanish va tarixiy obidalarga kirish xarajatlari inobatga olingan.

Toshkentdan Buxoroga borish qancha turadi?

Poytaxtdan Buxoroga samolyot, poyezd, avtobus yoki taksi bilan borish mumkin. Yo‘l haqi tanlangan transportga qarab keskin farq qilishini quyidagi jadvalda ko‘rib turibsiz:

1

Transport turini faqat chipta narxiga qarab tanlash yetarli emas. Yo‘lga qancha vaqt ketishi va ba’zi qulayliklar ham safar xarajatiga ta’sir qiladi.

Samolyot Toshkentdan Buxoroga taxminan bir soatda olib boradi. Bu eng tez usul, lekin ro‘yxatdan o‘tish ham alohida vaqt talab etadi va shuning uchun aeroportga oldinroq yetib borish lozim. Shuningdek, «Uzbekistan Airways» reyslaridan tashqari, «Centrum Air», «Silk Avia» kabi kompaniyalar bilan ham borish mumkin.

«Afrosiyob» tezyurar poyezdi yo‘lni taxminan 4 soat 11 daqiqada bosib o‘tadi. Samolyotdan sekinroq bo‘lsa ham vokzalga borib poyezdga chiqish odatda aeroportdagidan oddiyroq. Ammo chiptalarni topish muammo. Shu sababli ularni ertaroq rejalashtirib, olib qo‘yish tavsiya etiladi.

Oddiy yo‘lovchi poyezdlarida ham mazkur yo‘nalishda reyslar bor. Biroq ular «Afrosiyob»dan sekinroq, yo‘l bir necha soatga uzoqroq davom etadi, lekin joy turi va qatnovga qarab arzonroq chipta topish mumkin.

Avtobusda yo‘l taxminan 8 soat davom etadi. Toshkent avtovokzali ma’lumotiga ko‘ra, ayrim avtobuslarda konditsioner, Wi-Fi, USB quvvatlash porti, hojatxona va ovqatlanish xizmati bor. Ammo bu qulayliklar hamma qatnovda bir xil bo‘lmasligi mumkin.

Taksining qulayligi shundaki, jo‘nash vaqtini o‘zingiz kelishib olasiz va to‘g‘ri manzilga borasiz. Avtomobilda yo‘l sharoitiga qarab taxminan 7–9 soat, ba’zan undan ham ko‘proq vaqt ketadi. Alohida mashina buyurtma qilsangiz, xarajat yuqoriroq bo‘ladi, boshqa yo‘lovchilar bilan birga borganingizda esa arzonroq tushadi.

Xullas, tanlov sizga nima muhimligiga bog‘liq. Vaqt qadrli bo‘lsa, samolyot yoki tezyurar poyezd — yaxshi variant. Pulni tejamoqchi bo‘lsangiz, avtobus yoki oddiy poyezd mos keladi. Jo‘nash vaqtini o‘zingiz belgilamoqchi bo‘lsangiz, taksi qulay. Chipta tanlayotganda faqat narxga emas, yo‘lga qancha vaqt ketishini ham e’tiborga oling.

Tunash narxlari

Buxoroga yetib olgandan keyin eng katta masala — bu tunash uchun qulay joy topish. Shaharda premium mehmonxonalardan tortib oddiyroq mehmon uylarigacha topiladi va narxlar tanlangan joyga va xizmat darajasiga qarab ancha farq qiladi.

Agar ikki kishi bitta xonada ikki kecha qolsa, narxlarni үch toifaga bo‘lish mumkin.

Eng arzon variantlardan biri xostel yoki oddiy mehmon uylarida qolish. Tahlillarimizga ko‘ra, bunday joylarda bir kecha uchun taxminan 175–250 ming so‘m atrofida to‘lanadi. Xona sodda, qo‘shimcha xizmat kam bo‘ladi. Ya’ni xostellarda odatda bir xonada bir necha kishi tunaydi va har biriga alohida yotoq joyi (krovat) beriladi. Mehmon uylarida esa alohida xona olish mumkin. Hammom va hojatxonalar esa barcha uchun umumiy bo‘lishi ham mumkin. Nonushtaga kelsak, bu ba’zan narx ichida, ba’zan alohida to‘lanishi talab etiladi.

O‘rta toifadagi mehmonxonalar, xususan ayrim 3 yulduzli joylarda, bir kecha tunash 400–600 ming so‘m atrofida shakllangan. Bu yerda xona qulayroq, ko‘pincha nonushta ham narxga kiradi. Bu toifadagi xonalarda odatda alohida hammom va hojatxona, konditsioner, televizor, Wi-Fi bo‘ladi. Ayrimlarida nonushta ham xona narxiga kiritiladi, xonalar har kuni tozalanadi. Bepul avtoturargoh, bagajni saqlash va kir yuvish kabi xizmatlar ham taklif qilinishi mumkin.

Narxga mehmonxonaning tarixiy markazga yaqinligi, xona kattaligi va bron qilish shartlari ta’sir qiladi. Shu bois mehmonxona tanlashda bir kechalik narx bilan birga, unga qaysi xizmatlar kiritilganini ham aniqlashtirib olish kerak.

Qimmat toifada bir kecha 700 ming so‘mdan boshlanadi, tarixiy obidalarga yaqin yoki qo‘shimcha qulayliklari bor mehmonxonalarda esa 1,7 million so‘mga va undan ham yuqoriga chiqishi mumkin. Bunday joylarda xonalar kengroq, interer zamonaviy bo‘ladi, alohida hammom, konditsioner, televizor va Wi-Fi bor. Ko‘pida restoran, hovuz, spa yoki fitnes zal ham topiladi. Ayrimlarida nonushta xona narxi ichida bo‘lib, mehmonlarni aeroport yoki vokzaldan olib ketishadi, bagajni saqlab turishadi, konserj xizmati ham bor.

Lekin yuqori narx hamma xizmat bepul degani emas: spa, transfer va ba’zi boshqa xizmatlar uchun ko‘pincha alohida to‘lanadi. Shuning uchun mehmonxonalarni solishtirayotganda faqat bir kechalik narxni emas, qo‘shimcha xizmatlar va tarixiy markazgacha bo‘lgan masofani ham hisobga oling.

2

Buxoroda ovqatlanish qancha turadi?

Vaqt.uz 2026-yilning oktabr oyida Buxorodagi kafe va restoranlarning ochiq menyularidagi narxlarni solishtirdi.

Salatlar taxminan 20 ming so‘mdan boshlanadi, ba’zilari 140 ming so‘mdan ham oshadi. Suyuq taomlar, ya’ni sho‘rva, mastava va shunga o‘xshashlar 25–65 ming so‘m turadi. Lag‘mon va boshqa milliy taomlarni 30–70 ming so‘mdan xarid qilish mumkin. Shashlikning ayrim turlari 70–100 ming so‘m atrofida, qimmatroq go‘shtli taomlar esa bitta porsiyasi uchun 250 ming so‘mdan oshadi. Buxoro oshi va boshqa go‘shtli taomlar narxi ham shunday porsiya hajmiga qarab o‘zgaradi.

Quyida o‘rtacha tamaddi qilishga ketadigan xarajatlarni keltirdik:

3

Demak, uch kunlik safarda ikki kishi ovqatga taxminan 720 ming so‘mdan 1,32 million so‘mgacha sarflaydi yoki undan ko‘proq. Shirinlik, qo‘shimcha ichimlik olinganda yoki qimmat restoranlarda ovqatlanganda bu narx ko‘tarilishi mumkin.

Mehmonxonada nonushta narxga kiritilgan bo‘lsa, ovqat xarajatlari biroz kamayadi. Tarixiy markazlar yaqinidagi oddiy oshxonalarni tanlasangiz, yanada arzonroq tushadi.

Buxoro ichida yurish va tarixiy obidalarni ko‘rish qancha turadi?

Shaharning tarixiy markazidagi ko‘plab diqqatga sazovor joylarni piyoda aylanib chiqish mumkin. Bu transport xarajatlarini tejashga yordam beradi. Vokzaldan shahar markaziga yetib olish yoki markazdan uzoqroq manzillarga borish uchun esa avtobus va taksidan foydalanish mumkin. Bunda xarajat tanlangan transport turi va yo‘nalishga qarab farq qiladi.

Buxoro shahar avtobuslarida bir martalik yo‘l haqi naqd pulda 3 ming, elektron to‘lovda 2 ming so‘m. Masalan, ikki kishi kuniga to‘rt martadan avtobusga chiqsa, uch kunda elektron to‘lovda 48 ming, naqd pulda 72 ming so‘m sarflaydi.

Shuningdek mahalliy taksi yoki Yandex xizmatlari ham mavjud. Safarning yakuniy narxi masofa, davomiylik va talabga qarab o‘zgaradi.

Tarixiy obidalar va muzeylarga kirish ham alohida xarajat. Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi saytidagi narxlarga ko‘ra, kattalar uchun Ark qal’asi va Sitorai Mohi Xosa majmuasiga kirish 10 ming so‘mdan, Amirlik zindoni, Chashmai Ayub va Mag‘oki Attor masjididagi gilamlar muzeyiga esa 5 ming so‘mga kirsa bo‘ladi.

Masalan, ikki kishi Ark qal’asi, Sitorai Mohi Xosa va Amirlik zindoniga kirsa, chiptalarga 50 ming so‘m to‘laydi. Bu narxlar 2025-yildan amal qilishi yozilgan, shuning uchun borishdan oldin yana bir bor tekshirib oling.

Buxoro safarini viloyatdagi Yetti pir ziyoratgohlari bilan ham davom ettirish mumkin. Bu yo‘nalishga tasavvuf tarixidagi yetti allomaning qadamjolari kiradi. Ular G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Romitan va Kogon tumanlarida joylashgan. Joylar bir-biridan uzoq, shuning uchun hammasini ko‘rishga alohida transport kerak bo‘ladi, bunda mashina ijaraga olish, taksi chaqirish yoki avtobusdan foydalanish mumkin. Shu sababli Yetti pir safarining xarajatini aniq hisoblash imkonsiz.

Agar Yetti pir ziyoratgohlarini taksida aylanib chiqsangiz, narxni haydovchi bilan kelishasiz, bunga rasmiy tarif yo‘q. Yakuniy narx mashina turiga, safar necha soat davom etishiga, haydovchi kutib turadigan vaqtga va Buxoroga qaytish shartlariga bog‘liq. Shuning uchun mashina buyurtma qilishdan oldin yetti manzilning hammasi uchun umumiy narxni kelishib olgan ma’qul.

Safar budjeti

Toshkentdan Buxoroga uch kunlik safar qancha turishi u yerga qanday borishingiz, qayerda qolishingiz va nima yeyishingizga bog‘liq. Quyida ikki kishi uchun ikki kecha tunash hisobida turli xil transport va turli xil turarjoy varianti taqqoslandi. Eng katta xarajat odatda yo‘l haqi va mehmonxonaga ketadi.

4

Bundan tashqari, suvenir yoki esdalik sovg‘alar sotib olish, qo‘shimcha pulli xizmatlar va boshqa kutilmagan xarajatlar ham yuqoridagi qiymatni yanada oshiradi. Chor Bakr va Yetti pir ziyoratgohlariga borish uchun alohida transport kerak bo‘ladi, shuning uchun bu xarajatlar jadvalga kiritilmadi.

Ichki sayohat xarajatlarining bir qismini qaytarib olish mumkin

Mamlakat bo‘ylab sayohat qilgan o‘zbekistonliklarga ayrim xarajatlarining bir qismi qaytariladi. Buning uchun Cashback Tourist dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Dasturdan foydalanish uchun «Soliq» mobil ilovasini ochib, «Sayohat uchun keshbek» bo‘limiga kiring. Keyin yo‘nalish va safar sanalarini kiriting. Safar paytida transport, turarjoy va madaniyat obyektlari uchun olgan QR-kodli fiskal cheklaringizni ilovada ro‘yxatdan o‘tkazib boring. Sayohat tugagach, summa hisoblanadi va barcha shartlar bajarilgan bo‘lsa, pul bank kartangizga o‘tkaziladi.

Ammo qancha pul qaytishi xarajat turiga bog‘liq. Masalan:

●     aviachiptada borib-kelish narxining 15 foizi qaytariladi (lekin 150 ming so‘mgacha);

●     poyezd yoki avtobus chiptasi hamda turarjoy uchun ham 15 foizdan qaytariladi (80 ming so‘mgacha);

●     muzey, teatr, sirk va badiiy galereyaga kirish chiptasining yarmi qaytariladi, ammo har bir tashrif uchun 20 ming so‘mdan ko‘p emas.

Eslatib o‘tamiz, qonunchilikka muvofiq keshbek olish uchun safar davomida transportdan foydalanish, turarjoyda tunash va kamida bitta madaniyat tashkilotiga borish kerak.

 

 

Teglar

null null

Diyora XabibullayevaMaqolalar soni: 27

Barchasi

Mavzuga oid