Logo

O‘zbekiston ikkinchi va uchinchi AESni qurishni rejalashtirmoqda — Mirziyoyev

«Ertaga yangi hamkorlarimiz va investorlar bilan ikkinchi atom elektr stansiyasini qurish masalasini muhokama qilamiz», — dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston ikkinchi va uchinchi AESni qurishni rejalashtirmoqda — Mirziyoyev

O‘zbekistonda ikkinchi va uchinchi atom elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.

Davlat rahbari O‘zbekistonda uran ishlab chiqarish hajmi oshib borayotgani, ushbu sohaga katta sarmoya kiritilgani va zarur tajriba to‘planganini ta’kidladi. Uning aytishicha, mamlakatda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi boshlangan, ikkinchi va uchinchi stansiyalarni barpo etish bo‘yicha ham rejalar mavjud.

«Birinchi atom elektr stansiyasi qurilishini boshladik. Ikkinchi va uchinchisini qurish bo‘yicha ham rejalarimiz bor. Ertaga yangi hamkorlarimiz va investorlar bilan ikkinchi atom elektr stansiyasini qurish masalasini muhokama qilamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning bayonotiga ko‘ra, ikkinchi stansiya bo‘yicha keyingi bosqichda yangi hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkaziladi. Biroq uning joylashuvi, quvvati, texnologiyasi va qurilish muddatlari haqida hozircha qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.

Birinchi stansiya Jizzax viloyatida qurilmoqda

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasi Jizzax viloyatining Forish tumanida Rossiya bilan hamkorlikda barpo etilmoqda. 2026 yil 4-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin stansiyaning birinchi energiya bloki qurilishiga start bergan edi.

Loyiha integratsiyalashgan stansiyani nazarda tutadi. U kichik quvvatli modulli reaktorlar va yirik quvvatli atom generatsiyasini birlashtirishga asoslangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qurilishda xavfsizlik xalqaro standartlar va Xalqaro atom energiyasi agentligi nazorati asosida ta’minlanishi belgilangan.

2-sentabr kuni Prezidentga loyihaning amalga oshirilishi bo‘yicha hisobot taqdim etilgan. O‘sha vaqtda reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari yakunlangan, bir million kub metrdan ortiq tuproq chiqarilgan edi. Qurilish maydonida 450 nafar ishchi va mutaxassis faoliyat olib borayotgani ma’lum qilingan.

Ikkinchi stansiya uchun hamkorlar izlanmoqda

Ikkinchi atom elektr stansiyasini qurish rejasi avval ham tilga olingan. Jumladan, 2026 yil sentabr oyida Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich O‘zbekistonda ikkinchi stansiyani Xitoy bilan hamkorlikda qurish rejasi borligini aytgan edi. U bu haqda Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lgan suhbat mazmunini bayon qilgan. Biroq bu bayonot Xitoy bilan qurilish bo‘yicha yakuniy kelishuv tuzilganini anglatmaydi.

Teglar

Mavzuga oid