O‘zbekiston kompaniyalari Hongkong birjasiga chiqishi mumkin
O‘zbekiston kompaniyalari uchun Hongkong fond birjasiga chiqish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin. Bu mahalliy biznesga xalqaro investorlarni jalb qilish va jahon kapital bozoriga chiqish yo‘lini ochadi.
© Foto: https://t.me/uzseofficial/58878-may kuni Toshkent Fond birjasi rahbariyati Xitoyning moliyaviy xizmatlar va g‘aznachilik bo‘yicha kotibi Kristofer Xuey boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda birja axborot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Hongkong moliya institutlarining O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirishdagi ishtiroki va ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan.
Tomonlar mahalliy kompaniyalarni xalqaro IPO bozorlariga olib chiqish, aksiyalarni Hongkong fond birjasi (HKEX) orqali joylashtirish hamda ikki tomonlama listing mexanizmlarini ishlab chiqish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, mahalliy investorlar uchun Hongkong moliyaviy vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratish masalasi ham muhokama qilindi. Gonkong tomoni O‘zbekiston kompaniyalarini jahon kapital bozorlariga integratsiya qilishga ko‘mak berishga tayyorligini bildirgan.
Muzokaralarda zamonaviy kapital bozorini shakllantirish uchun investorlar ehtiyojlariga mos moliyaviy instrumentlarni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, HKEX va Toshkent fond birjasi o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Ular qatorida obligatsiyalar, ETF fondlari, tokenlashtirilgan aktivlar, hosilaviy moliyaviy vositalar bozorini rivojlantirish hamda platformalarning texnologik integratsiyasi bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalari ilk bor dual listing doirasida Toshkent RFB birja kotirovkalash varag‘iga kiritilgani haqida xabar berilgan edi.





