O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi JCH yo‘llanmasini muddatidan oldin qo‘lga kiritdi

Bugun 11:191 daqiqa

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo Kubogida Hindistonni yirik hisobda mag‘lub etib, 2026 yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi JCH yo‘llanmasini muddatidan oldin qo‘lga kiritdi © UFA

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo Kubogidagi navbatdagi g‘alabasi orqali 2026 yilgi Jahon chempionati ishtirokchisiga aylandi.

Jamoa 2-tur doirasida Hindiston U-17 termasini 3:0 hisobida taslim qildi. Uchrashuvda hisob 32-daqiqada Laziz Abduraimov tomonidan penaltidan ochildi. Ikkinchi bo‘limda hindistonlik futbolchi o‘z darvozasiga gol kiritdi. 77-daqiqada esa Ahrorbek Ravshanbekov uchinchi golni kiritib, bahsga nuqta qo‘ydi.

Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston bir guruhdan Avstraliya, Hindiston va KXDR bilan joy olgan edi. Ammo KXDR U-17 terma jamoasi musobaqada ishtirok etmagani sababli “oq bo‘rilar” birinchi turni o‘tkazib yubordi. Shu tariqa, Hindiston ustidan qozonilgan g‘alaba jamoaga muddatidan oldin Jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etdi.

O‘zbekistonning keyingi uchrashuvi 13-may kuni Avstraliyaga qarshi bo‘lib o‘tadi. Avstraliya ham birinchi turda Hindistonni mag‘lub etgani uchun Jahon chempionati ishtirokchisiga aylandi.

Musobaqa nizomiga ko‘ra, guruh bosqichida birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar pley-off bosqichiga hamda 2026 yil Qatarda o‘tadigan U-17 Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi musobaqaning amaldagi chempioni hisoblanadi. Jamoa 2025 yil Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida barcha olti uchrashuvda g‘alaba qozonib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi JCH yo‘llanmasini muddatidan oldin qo‘lga kiritdi | Vaqt.uz