O‘zbekiston seldan daromad olishni rejalashtirmoqda
So‘ngi paytlarda iqlim o‘zgarishi oqibatida qisqa muddatli kuchli yomg‘irlar soni ortib bormoqda. Prezident huzurida ayni shu masala ko‘tarildi.
© prezident.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev suv fondi yerlari hamda sel suvlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi yillarda suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Mamlakatdagi 150 ming kilometr daryo va kanal o‘zanlarini betonlash ishlari boshlangani natijasida yiliga 1,3 milliard kub metr suv tejalmoqda. Bu hajm Navoiy viloyatining bir yillik suv iste’moliga teng.
Shu vaqtgacha 2 ming kilometr magistral kanal betonlashtirildi, 721 kilometr kanal hamda 525 kilometr lotok va yopiq tarmoqlar qurildi. Ushbu ishlar uchun 3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada 858 ming gektar maydonda suv ta’minoti yaxshilanib, 51 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritildi.
Suv bo‘yida turizm va tadbirkorlik
Yig‘ilishda suv infratuzilmasini nafaqat texnik obyekt, balki iqtisodiy aktiv sifatida ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Dunyo tajribasida daryolar, kanallar va suv omborlari atrofida turizm, xizmat ko‘rsatish hamda tadbirkorlik hududlarini rivojlantirish katta iqtisodiy yo‘nalishga aylangan.
Mutasaddilar ma’lumotlariga ko‘ra, suv infratuzilmasi atrofidagi turistik loyihalarga sarflangan har bir dollar sarmoya iqtisodiyotga 3–10 dollargacha qaytim berishi mumkin.
Qayd etilishicha, suv fondiga tegishli hududlarda tadbirkorlik, turistik va ko‘ngilochar obyektlar qurish imkoniyati bo‘lgan 100 ming gektar maydon aniqlangan. Ushbu yerlarda 100 ming aholini ish bilan ta’minlash va yiliga 220 milliard so‘mlik qo‘shimcha daromad yaratish imkoniyati mavjud.
Sel suvlaridan foydalanish imkoniyati
Yig‘ilishda sel-toshqin suvlaridan foydalanish masalasi ham muhokama qilindi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida qisqa muddatli kuchli yomg‘irlar soni ortib borayotgani sel xavfini kuchaytirmoqda.
Hozirda mamlakatda sel xavfi yuqori bo‘lgan 60 ta yirik soy orqali har yili 690 million kub metr suv samarasiz oqib ketmoqda. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu suvdan samarali foydalanish orqali 13 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, suv ta’minotini yaxshilash va baliqchilikni rivojlantirish mumkin.
Davlat rahbari suv infratuzilmasini iqtisodiy faollik manbaiga aylantirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda sel xavflarini kamaytirish bo‘yicha qator vazifalarni belgilab berdi.




