O‘zbekiston sun’iy intellektdan foydalanish darajasi past mamlakatlar qatoridan joy oldi
«Microsoft» hisobotiga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida O‘zbekiston aholisining atigi 7,2 foizi generativ sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan.
© about.fb.com«Microsoft» kompaniyasining «Global AI Diffusion Report» hisobotida qayd etilishicha, O‘zbekistonda 15 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan aholining 7,2 foizi generativ sun’iy intellekt mahsulotlaridan foydalangan. Bu jahon miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada past hisoblanadi.
Dunyo bo‘yicha foydalanish ko‘rsatkichi
Hisobotga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida dunyo bo‘yicha generativ sun’iy intellektdan foydalanuvchilar ulushi 16,3 foizdan 17,8 foizgacha oshgan. Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori natija Qozog‘istonda qayd etilgan bo‘lib, u yerda aholining 15,9 foizi sun’iy intellektdan foydalanadi. Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich 9,5 foizni tashkil etgan.
O‘zbekiston esa mintaqada Qozog‘iston va Qirg‘izistondan keyingi o‘rinni egallagan. Tojikiston va Turkmanistonda generativ sun’iy intellektdan foydalanish darajasi 6,1 foizdan qayd etilgan. Tojikiston global reytingda 147 ta iqtisodiyot orasida 145-o‘rinni egallab, Afg‘oniston va Turkmaniston bilan bir qatordan joy olgan.
Jahon reytingida eng yuqori ko‘rsatkich
Jahon reytingida esa Birlashgan Arab Amirliklari yetakchilik qilmoqda. U yerda aholining 70,1 foizi generativ sun’iy intellektdan foydalanadi. Ikkinchi o‘rinda 63,4 foiz natija bilan Singapur qayd etilgan. Kuchli beshlikdan Norvegiya, Irlandiya va Fransiya ham o‘rin olgan.
«Microsoft» mutaxassislari sun’iy intellekt texnologiyalarining joriy etilishi dunyo bo‘ylab notekis kechayotganini ta’kidlamoqda. Bunga internet qamrovidagi farqlar, elektr ta’minoti barqarorligi, raqamli infratuzilma sifati va aholining raqamli ko‘nikmalari darajasi asosiy omil sifatida ko‘rsatilgan.





