Logo

O‘zbekistonda raqamli so‘m qanday ishlaydi va unga ehtiyoj bormi?

Raqamli so‘mni joriy etish bo‘yicha 2026–2029-yillarga mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilgan. U naqd pulni almashtiradimi, budjet xarajatlarini shaffoflashtiradimi va fuqarolarning moliyaviy maxfiyligiga ta’sir qiladimi?

O‘zbekistonda raqamli so‘mni joriy etish masalasi muhokama qilinmoqda. Markaziy bankning ushbu yo‘nalishdagi rejalari, raqamli valutaning oddiy bank kartalaridan farqi va uning iqtisodiyotdagi ehtimoliy o‘rni jamoatchilikda qator savollarni keltirib chiqaryapti.

Vaqt.uz ushbu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti katta mutaxassisi Baxtiyor Murodullayev bilan suhbatlashdi.

Raqamli so‘m nima va u kriptovalyutadan qanday farq qiladi?

— Avvalo, raqamli so‘m nima ekanini tushuntirib bersangiz. U naqd va naqdsiz to‘lovlardan nimasi bilan farq qiladi? Ko‘pchilik uni kriptovalyutaning bir turi deb ham o‘ylashi mumkin.

— Markaziy bankning raqamli valutasi — bu Markaziy bankning bevosita majburiyati hisoblanadi. Oddiy tilda aytganda, u naqd pulning raqamli shaklidir.

Bank kartalari esa bank hisobvarag‘idagi mablag‘larni boshqarish imkonini beruvchi to‘lov vositasidir. Bankdagi mablag‘lar tijorat bankining majburiyati hisoblanadi. Markaziy bankning raqamli valutasida esa majburiyat Markaziy bank zimmasida bo‘ladi.

Raqamli valuta xususiyatiga ko‘ra naqd pulsiz to‘lovlarga yaqinroq. Biroq uning asosiy farqi — kimning majburiyati ekanida.

— Raqamli so‘mni bitkoin kabi kriptoaktivlardan ajratib turuvchi asosiy jihatlar nimalar?

— Kriptoaktivlar, masalan, bitkoinning qiymati bozordagi talab va taklif asosida shakllanadi. Ular Markaziy bank tomonidan emissiya qilinmaydi va odatda markazlashgan tarzda tartibga solinmaydi.

Markaziy bank raqamli valutasi esa milliy valutaning raqamli shaklidir. Uning qiymati so‘mga birga bir nisbatda bo‘ladi. Ya’ni bir raqamli so‘m bir so‘mga teng bo‘ladi.

— Raqamli so‘m joriy etilsa, naqd pul muomalasi qisqarib ketishi yoki qog‘oz pullar asta-sekin yo‘qolishi mumkinmi?

— Hozirgi kunda Markaziy bank asosiy e’tiborni ulgurji raqamli valutaga qaratmoqda. U moliya tashkilotlari, asosan banklar o‘rtasidagi hisob-kitoblar uchun ishlatiladigan to‘lov vositasidir. Shu sababli uni naqd pulning muqobili deb hisoblash to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Jahon tajribasi ham shuni ko‘rsatadiki, chakana raqamli valuta joriy etilgan taqdirda ham u naqd pulni butunlay almashtirishi shart emas.

Ayrim davlatlarda naqd pul muomalasini ta’minlash qiyin bo‘lgani uchun raqamli valutaga alohida e’tibor beriladi. Bunday holatlarda raqamli valuta naqd pulga bo‘lgan ehtiyojni qisman kamaytirishi mumkin.

2026–2029-yillarda qanday ishlar amalga oshiriladi?

— Markaziy bankning 2026–2029-yillarga mo‘ljallangan 36 oylik «yo‘l xaritasi» haqida ma’lumot bersangiz. Raqamli so‘mni joriy etish qanday bosqichlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan?

— O‘zbekiston Markaziy banki Singapurning GFT kompaniyasi bilan birgalikda milliy to‘lov xizmatlari bozorini o‘rganib chiqdi. Natijada raqamli valuta bo‘yicha konseptual hujjat — white paper ishlab chiqildi. Unda bozorning hozirgi holati va raqamli valutani joriy etish bo‘yicha takliflar bayon etilgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda chakana to‘lov xizmatlari bozori ancha rivojlangan. Mamlakatimizda Uzcard va Humo milliy to‘lov tizimlari, to‘lov tashkilotlari hamda banklarning mobil ilovalari mavjud. Yaqinda Uz QR tizimi ham joriy qilindi.

Shuning uchun asosiy e’tiborni ulgurji raqamli valutaga qaratish taklif etildi. Bunda davlat xaridlari va davlat xarajatlari bilan bog‘liq foydalanish ssenariylari ko‘rib chiqilmoqda.

Yo‘l xaritasining birinchi bosqichida izlanishlar olib borish, xalqaro tajribani o‘rganish va mamlakatimiz uchun mos modellarni aniqlash ko‘zda tutilgan. Bu bosqich deyarli yakunlangan.

Keyingi bosqichda xalqaro ekspertlar va ishchi guruh bilan birgalikda texnik jihatlar o‘rganilib, raqamli valuta loyihasi sinov tariqasida joriy etiladi. Pilot loyiha natijalari har tomonlama tahlil qilinganidan keyin uni kengaytirish yoki to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

— Demak, pilot loyihasi muvaffaqiyatli bo‘lmasa, raqamli so‘mni keng joriy etishdan voz kechilishi ham mumkinmi? Nima uchun bunday ehtiyotkor yondashuv tanlangan?

— Xalqaro hisob-kitoblar banki (BIS) va Xalqaro valuta jamg‘armasi davlatlarga raqamli valutani joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqqan. Ularda har bir bosqich yakunlarini o‘rganib, keyingi bosqichga o‘tishdan oldin natijalarni baholash taklif etiladi.

O‘zbekiston ham pilot loyiha natijalarini tahlil qiladi. Birinchi navbatda iqtisodiy samaradorlik ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, ushbu tizimga haqiqiy talab mavjudligi muhim ahamiyatga ega. Ayrim mamlakatlarda raqamli valuta joriy etilgan bo‘lsa-da, undan foydalanishga ehtiyoj yetarli bo‘lmagan.

Samaradorlikni baholash mezonlari loyiha davomida ishlab chiqiladi va aniqlashtiriladi.

— Nima uchun O‘zbekistonda dastlab chakana emas, aynan ulgurji raqamli valutaga ustuvorlik berilmoqda? Masalan, Qozog‘istonda raqamli tengedan ijtimoiy to‘lovlar, maktab o‘quvchilari uchun bepul tushliklar va temir yo‘l chiptalari bilan bog‘liq yo‘nalishlarda foydalanilgan.

— Qozog‘istonning raqamli tenge loyihasi 2021-yilda boshlangan. Unda davlat xaridlari, davlat xarajatlari va ijtimoiy to‘lovlar bilan bog‘liq ssenariylarga e’tibor qaratilgan. Asosiy maqsadlardan biri dasturlashtiriladigan raqamli valuta orqali ushbu sohalarda shaffoflikni ta’minlashdir.

O‘zbekistonda esa so‘nggi besh-olti yil ichida to‘lovlar va to‘lov tizimlari jadal rivojlandi. To‘lov tashkilotlariga litsenziyalar berildi, elektron pul tizimlari va tezkor to‘lov tizimi joriy etildi, QR-to‘lovlar rivojlanmoqda.

Xalqaro ekspertlar ham mamlakatimizdagi chakana to‘lov xizmatlari bozorini o‘rganib, hozircha ulgurji raqamli valutaga e’tibor qaratishni taklif qildi. Chunki chakana to‘lovlar bozorida turli to‘lov vositalari mavjud. Yana bir muqobil vositani yaratishdan olinadigan samara katta bo‘lmasligi mumkin.

Ulgurji to‘lovlar bozorida esa rivojlanish imkoniyatlari ko‘proq. Ayniqsa, davlat xaridlari va xarajatlarida dasturlashtiriladigan pul mexanizmlarini sinab ko‘rish orqali shaffoflikni oshirish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Raqamli so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilinishining oldini oladimi?

— Agar budjet mablag‘lari raqamli so‘m orqali ajratilsa, ularni faqat aniq maqsadlar uchun, masalan, bajarilgan ishlar dalolatnomasi yoki tasdiqlangan shartnoma asosida sarflash imkoni paydo bo‘ladimi? Bu budjet mablag‘larining talon-toroj qilinishi yoki korrupsion sxemalarni 100 foiz bartaraf eta oladimi?

— Biz faqat texnologik yechimni taqdim etamiz. Bu ayrim imkoniyatlarni cheklashi mumkin, ammo texnologiyaning o‘zi muammoni 100 foiz hal qila olmaydi. Bunda boshqa omillar ham mavjudligini inobatga olish kerak.

— Shunga qaramay, bunday tizim nazoratni kuchaytirishga yordam berishi mumkinmi?

— Albatta.

Raqamli so‘m dollar va SWIFT tizimiga muqobil bo‘ladimi?

— Raqamli valutalar xalqaro to‘lovlarni arzonlashtirish va an’anaviy to‘lov infratuzilmalariga qaramlikni kamaytirish vositasi sifatida ham ko‘rilmoqda. Kelajakda raqamli so‘m qo‘shni davlatlar bilan chegaralararo savdo, konvertatsiya jarayonlari yoki dollar va SWIFT tizimiga muqobil hisob-kitoblarda qo‘llanishi mumkinmi?

— Hozirgi mavjud to‘lov tizimlari samarali ishlamoqda. Shu sababli yangi ishlab chiqilayotgan bunday texnologiyalarga mavjud tizimlarning muqobili sifatida qaralmasligi kerak.

— Unda kelajakda raqamli valutalar orqali davlatlararo hisob-kitoblarni yo‘lga qo‘yish mumkinmi?

— Ikki davlat o‘zaro kelishuvga erishib, o‘zlarining raqamli valuta tizimlarini integratsiya qilishi va ayrim hisob-kitoblarni yo‘lga qo‘yishi mumkin.

Internet va elektr uzilishlari raqamli so‘mga to‘siq bo‘ladimi?

— O‘zbekistonning ayrim hududlarida internet tezligi pastligi va elektr energiyasi uzilishlari kuzatiladi. Raqamli valuta butun mamlakat bo‘ylab joriy etilsa, bunday muammolardan qanday chiqish mumkin? Masalan, internetsiz ishlash imkoniyati ko‘rib chiqilyaptimi?

— Raqamli valutaning afzalliklaridan biri oflayn rejimda ishlash imkoniyatidir. Bu xususiyat asosan chakana raqamli valutaga tegishli. Odatda bunday texnologiyalar tabiiy ofatlar tez-tez sodir bo‘ladigan yoki naqd pul muomalasini ta’minlashda qiyinchiliklarga duch keladigan davlatlarda qo‘llanadi.

O‘zbekistonda hozirgi kunda bunday texnologiyaga katta ehtiyoj mavjud emas. Shu sababli oflayn rejim bo‘yicha hozircha alohida o‘rganish ishlari olib borilmayapti.

Raqamli so‘m fuqarolarning moliyaviy maxfiyligiga ta’sir qiladimi?

— Naqd pul insonning moliyaviy erkinligini ta’minlovchi vositalardan biri hisoblanadi. Raqamli valutada esa har bir to‘lov haqida elektron ma’lumot shakllanishi mumkin. Fuqarolar o‘rtasidagi kichik to‘lovlarda yoki kundalik xarajatlarda maxfiylik saqlanadimi?

— Har bir davlat raqamli valutani joriy etishdan oldin unga talab bo‘lish-bo‘lmasligini baholaydi. Ko‘plab davlatlar raqamli valutani joriy etishda to‘lovlarni 100 foiz nazorat qilishga asoslangan yondashuv foydalanuvchilar talabini pasaytirishi mumkinligini hisobga oladi. Shuning uchun ayrim mamlakatlarda maxfiylikni ma’lum darajada saqlashga qaratilgan texnologiyalardan foydalaniladi.

O‘zbekistonda hozir ulgurji raqamli valutaga e’tibor qaratilmoqda. Ulgurji to‘lovlar bank tizimi orqali amalga oshiriladi va bank siri hisoblanadi. Bunday ma’lumotlarga kirish huquqi belgilangan tartibda cheklanadi.

Qaysi davlatlar tajribasidan foydalaniladi?

— Xalqaro tajribani o‘rganishda qaysi mamlakatlar modeliga e’tibor qaratilyapti? Masalan, Xitoyning raqamli yuani yoki Qozog‘istonning raqamli tengesi O‘zbekiston uchun namuna bo‘lishi mumkinmi?

— Hozirgi kunda 160 dan ortiq davlat raqamli valutani joriy etish istiqbollarini o‘rganmoqda. Ularning 77 tasi pilot loyihani joriy qilgan yoki joriy etishni rejalashtirmoqda.

Har bir davlat o‘zining bank-moliya tizimi, mavjud muammolari va ehtiyojlaridan kelib chiqib raqamli valutaning arxitekturasi hamda foydalanish ssenariylarini tanlaydi.

O‘zbekiston ham jahon tajribasini o‘rganadi, ammo bitta davlat modelini to‘liq ko‘chirmaydi. Turli mamlakatlarning tajribasi tahlil qilinib, mamlakatimiz sharoitiga mos yechimlar tanlanadi.

Masalan, Nigeriyadagi eNaira loyihasi 2021-yilda joriy etilgan. Undagi asosiy muammolardan biri talabning yetarli bo‘lmagani edi. Bu holat yangi to‘lov vositasining afzalliklari va foydalanish imkoniyatlari aholiga yetarlicha tushuntirilmagani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun moliyaviy savodxonlikni oshirish va foydalanuvchilarga zarur ma’lumotlarni taqdim etish muhim. Raqamli valutani bosqichma-bosqich joriy etish ham shu nuqtai nazardan maqsadga muvofiq.

Raqamli so‘m loyihasi qachon o‘zini oqlagani ma’lum bo‘ladi?

— Raqamli so‘mni joriy etish uchun resurslar sarflanadi. Loyihaning muvaffaqiyatli bo‘lish ehtimoli qanday baholanmoqda? Uning samaradorligiga hozirdan ishonch bormi?

— 2029-yilning oxirida qanday qaror qabul qilinishidan qat’i nazar, ushbu loyihani muhim deb hisoblayman. Chunki uni amalga oshirish jarayonida katta tajriba va bilim to‘planadi. Keyinchalik yangi to‘lov vositalari va mexanizmlarini ishlab chiqishda bu bilimlar albatta asqotadi.

— Mutaxassis sifatida raqamli so‘m O‘zbekiston uchun qanchalik zarur, deb hisoblaysiz? Unga bozorda haqiqiy talab bormi?

— Bu savolga javob berish uchun ham pilot loyihasini amalga oshirib, uning natijalarini o‘rganamiz. Har bir davlatning moliya tizimi va o‘ziga xos xususiyatlari bor. Shuning uchun raqamli valuta loyihasi turli mamlakatlarda har xil natija berishi mumkin.

2029-yil oxirigacha raqamli valutaning O‘zbekiston sharoitida qanchalik zarur ekaniga javob olishni maqsad qilganmiz.

— Demak, loyiha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va moliya tizimida keskin o‘zgarishlar kutilmaydimi?

— Raqamli valuta konseptual hujjatida loyihani xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgan. Shu sababli keskin va kutilmagan o‘zgarishlar bo‘lmaydi, deb hisoblayman. Bu yondashuv moliya tizimi uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Pilot loyihasi jarayoni va natijalari haqida muntazam ma’lumot berib boriladi. Fuqarolarni noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonmaslikka va Markaziy bankning rasmiy xabarlarini kuzatib borishga chaqiramiz.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 220

Barchasi

Mavzuga oid