«O‘zcharmsanoat» raisi ishdan bo‘shatildi
Prezident «O‘zcharmsanoat» uyushmasi rahbariyati sohaga yangilik olib kirmagani, pastga tushib ishlamagani tanqid qilib, uyushmasi raisi A.Sultonovni lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev poyabzal sanoatidagi muammolarni tanqid qilib, O‘zcharmsanoat uyushmasi raisi A.Sultonovni lavozimidan ozod etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda 13-fevral kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida o‘tkazilayotgan tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda tarmoqdagi past samaradorlik, eksport rejalarining bajarilmayotgani va korxonalar faoliyati izdan chiqayotgani qayd etildi.
Iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashga bag‘ishlangan muhokamada qayd etilishicha, poyabzal ishlab chiqarishda moda va dizayn juda tez o‘zgarmoqda. Agar korxonalar zamon talabiga moslashmasa, ular nafaqat tashqi, balki ichki bozorda ham raqobatbardoshligini yo‘qotadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi 972 ta poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonaning 378 tasi faoliyatini to‘xtatgan. Yana 120 ta korxona ishlab chiqarish quvvatining yarmidan ham foydalanmayapti.
Shuningdek, qolip, bog‘ich va furnitura kabi muhim butlovchi qismlar bo‘yicha importga qaramlik saqlanib qolmoqda. Mahalliylashtirish darajasining pastligi tannarxga bosim o‘tkazib, korxonalar raqobatini cheklamoqda.
O‘tgan yili tarmoq 250 million dollarlik eksportni va’da qilgan edi. Biroq ushbu ko‘rsatkichning hatto 40 foizi ham ta’minlanmagan.
2026 yil uchun belgilangan ishlab chiqarish va eksport rejalari ham qoniqarsiz deb baholandi.
Natijada tarmoqda boshqaruvni yangilash va mas’uliyatni oshirish maqsadida uyushma raisi lavozimidan ozod etildi.





