Qoraqalpog‘istonda maynerlarga o‘z ehtiyojlari uchun neft va gaz qazib olishga ruxsat berilishi mumkin

Bugun 08:302 daqiqa

Mamlakatning shimoliy qismida kripto-aktivlarni qazib olish bo‘yicha yaxlit ekotizim — «Besqala Mining Valley» tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Qoraqalpog‘istonda maynerlarga o‘z ehtiyojlari uchun neft va gaz qazib olishga ruxsat berilishi mumkin

Qoraqalpog‘iston Respublikasining butun hududida kripto-aktivlarni qazib olishga mo‘ljallangan «Besqala Mining Valley» maxsus mayning zonasi tashkil etiladi. Ushbu zona rezidentlariga elektr energiyasi manbayi sifatida past rentabellikka ega neft va gaz konlarini o‘zlashtirishga ruxsat berilishi kutilmoqda. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilib, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan qonun loyihasida ma’lum qilindi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, rezident maqomi faqat Qoraqalpog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslarga 5 yil muddatga beriladi. Ularga umumiy energiya tizimidan tashqari, vodorod stansiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari (quyosh va shamol), shuningdek, uglevodorodlarni yetkazib berish infratuzilmasi eskirgan yoki mavjud bo‘lmagan past rentabelli neft va gaz konlaridan foydalanish huquqi taqdim etiladi.

Asosiy talablar va cheklovlar

Maxsus zonada ishtirok etish uchun kompaniya mayning uskunalarini o‘rnatishga mo‘ljallangan alohida xonaga ega bo‘lishi, xavfsizlik va sanitariya qoidalariga rioya qilishi hamda umumiy tarmoqqa ulanganda ASKUE tizimiga mos elektr hisoblagich o‘rnatishi shart.

Shuningdek, kompaniya muassislari yoki rahbarlari iqtisodiy jinoyatlar, korrupsiya, giyohvand moddalar savdosi va kiberjinoyatlar bo‘yicha sudlanmagan bo‘lishi talab etiladi.

Zona hududida yashirin mayning, anonim kriptovalyutalarni qazib olish va oldin muomalada bo‘lgan kripto-aktivlarni aylanmaga kiritish qat’iyan man etiladi. Qoidalarni bir marta qo‘pol ravishda buzish, jumladan, ro‘yxatdan o‘tmagan manzilda mayning qilish, alohida hisoblagichning yo‘qligi yoki muassislarning sudlanganlik holati aniqlanishi ruxsatnomaning bekor qilinishiga olib keladi.

Ro‘yxatga olish va sotish tartibi

Rezident maqomini olish uchun arizalar tegishli hujjatlar (kadastr, elektr ta’minoti shartnomalari, uskunalar ro‘yxati va b.) bilan birgalikda elektron tarzda topshiriladi hamda 30 kalendar kun ichida bepul ko‘rib chiqiladi. Ekspert komissiyasining ijobiy xulosasidan so‘ng, direksiya 5 ish kuni ichida kompaniyani ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Qazib olingan kriptovalyutani milliy kripto-birjalar yoki xorijiy platformalar orqali sotish va ayirboshlash mumkin. Bunda tushum majburiy tarzda bank hisobraqamiga o‘tkazilishi, xorijiy platformalarda esa xaridorlarning shaxsini tasdiqlash (KYC) jarayoni o‘tkazilishi lozim. Zona rezidentlari direksiyaga har oyda belgilangan miqdorda ajratmalar to‘lab boradi.

Loyiha yuzasidan fikr va takliflar 3-iyunga qadar qabul qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid