Logo

Qurilish sohasida ishlovchilar uchun soatlik eng kam ish haqi oshiriladi

Bugun 09:452 daqiqa

Qurilish sohasi bo‘yicha yangi prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Unda pudrat va loyihalash tashkilotlarini rag‘batlantirish, qurilish xodimlari uchun soatlik eng kam ish haqini oshirish hamda uni barcha hududlarda yagona miqdorga keltirish nazarda tutilmoqda.

Qurilish sohasida ishlovchilar uchun soatlik eng kam ish haqi oshiriladi © vaqt.uz

Prezident farmoni bilan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish choralari tasdiqlandi. Hujjatga ko‘ra, qurilish sohasida mehnat qilayotgan xodimlarning soatlik eng kam ish haqini oshirish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi.

Buning uchun qurilish sohasi bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Unda pudrat va loyihalash tashkilotlari faoliyatini rag‘batlantirish bilan birga, qurilish xodimlari uchun soatlik eng kam ish haqi miqdorini oshirish nazarda tutilgan.

Shuningdek, mazkur to‘lov miqdorini barcha hududlar uchun tenglashtirish rejalashtirilmoqda. Bu qurilish sohasida ish haqi bo‘yicha hududlar o‘rtasidagi farqni kamaytirishga qaratilgan.

Qaror loyihasida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlarining smeta qiymatida pudrat tashkilotlarining rejali foydasi miqdorini 7 foizgacha belgilash taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, loyihalash ishlarini moliyalashtirish hajmini obyektning murakkablik darajasi va o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Muhandislik kommunikatsiya infratuzilmasi uchun yig‘imlar bo‘yicha avans to‘lovi ham o‘zgaradi. Uni amaldagi 20 foizdan 5 foizga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu qurilish loyihalarini amalga oshirishda pudrat tashkilotlarining moliyaviy yukini kamaytirishi mumkin.

Qaror qachon tayyor bo‘ladi?

Prezident qarori loyihasi 2027 yil yanvar oyida tayyor bo‘lishi kerak. Hujjatni ishlab chiqish va belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun bir qator mas’ullar belgilangan.

Ular qatorida bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov hamda iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Samandar Sadullayev bor.

Teglar

Mavzuga oid