Raqobat qo‘mitasi ayrim turoperatorlarini javobgarlikka tortdi

20.02.2026 | 12:552 daqiqa

Ular Umra tadbirini tashkil etishga oid reklama qonunchiligini buzishda ayblanib, moliyaviy jarimaga tortildi.

Raqobat qo‘mitasi ayrim turoperatorlarini javobgarlikka tortdi

Raqobat qo‘mitasi ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida joylashtirilgan materiallarni «Reklama to‘g‘risida»gi Qonun talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganib, umra tadbirini tashkil etishga oid bir qator qonunbuzilishlarni aniqladi. Natijada ayrim turoperatorlar va ijtimoiy tarmoq sahifalari ma’murlariga nisbatan moliyaviy va ma’muriy choralar ko‘rilgan.

Tahlillar davomida Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan «Sharofiddin Travel» va «Fayz Tour Travel» MCHJlarga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu turoperatorlar litsenziya hujjatlari mavjud bo‘lmagan holda umra tadbirini tashkil etish bo‘yicha reklama joylashtirgan.

Qonun talablarini buzganlik holatlari yuzasidan belgi tartibda tekshiruv o‘tkazilib, yakunda moliyaviy jarimalar qo‘llanildi. Qo‘mita bunday holatlar iste’molchilarni chalg‘itish va noqonuniy tadbirkorlikka sharoit yaratishini ta’kidladi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri hududiy boshqarmalari tomonidan jami 12 ta («Marmaristour.uz», «rozumbetovjurabek», «uzmobile_aviakassa», «Samarqanddan Umra ziyorati» Instagram sahifasi, «Umra Ziyorati», «Fazliddin Umra jamiyati», «Muborak safar», «Qo'qimboyliklar», «Saudiyaga sayohat», «Umra rasmiy», «Aviakassa721», «Nursafar») Telegram va Instagram kanallarida joylashtirilgan reklamalar o‘rganilgan. Ularda ham litsenziyasiz faoliyatni targ‘ib qilish holatlari aniqlangan.

Natijada mazkur kanallar ma’murlari va mas’ul shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Qo‘mita qonunchilik talablariga zid reklama materiallarini joylashtirish holatlari bo‘yicha nazorat ishlari davom ettirilishini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid