Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Qo‘mita «Maktab bozorlari»da narxlar asossiz oshirilgan holatlarga duch kelgan fuqarolar 1159 yagona ishonch raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini ma’lum qildi.
© Ijtimoiy tarmoqlarRaqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida savdoni amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari hamda sotuvchilarni bozorlarda sotilayotgan mahsulotlar narxlarini asossiz oshirmaslikka chaqirdi.
Bugungi kunda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish doirasida respublikamiz hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo komplekslarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilgan.
O‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rayotgan ota-onalar va o‘quvchilar mazkur mavsumiy savdo nuqtalariga zarur o‘quv-yozuv qurollari, darsliklar, maktab formalari va boshqa o‘quv anjomlarini sifatli hamda hamyonbop narxlarda xarid qilish uchun tashrif buyuradi.
Shu sababli, savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholining sifatli va hamyonbop mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qo‘llab-quvvatlash muhim hisoblanadi.
Xaridorlarga muhim tavsiya
Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi ota-onalar va o‘quvchilarga xarid jarayonida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlariga e’tibor qaratishlarini tavsiya etdi.
Tadbirkorlik subyektlariga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlarning sifati, narxlarning asosliligi, iste’molchilarga zarur axborotlarning taqdim etilishi hamda savdo jarayonida iste’molchilar huquqlariga rioya etilishi shartligini eslatib o‘tildi.
«Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda belgilangan qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqiradi», — deyiladi qo‘mita xabarida.
Shu bilan birga, qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narx barqarorligini ta’minlash borasida monitoring ishlari olib borilishini ma’lum qilindi.





