Reyting: 2026-yilning eng ommabop sun’iy intellekt vositalari
«ChatGPT» reytingda mutlaq yetakchilikni saqlab turibdi. Oyiga 5,3 milliard tashrif jalb qilayotgan mazkur tarmoq o‘zidan keyingi 14 ta yirik loyihaning umumiy ko‘rsatkichidan ham o‘zib ketgan.

«ChatGPT» ishga tushirilganiga hali to‘rt yil ham to‘lmasdan, sun’iy intellekt (SI) vositalari internetdagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan manzillarga aylanib ulgurdi. Biroq, ushbu bozorda yangidan-yangi loyihalar uzluksiz ishga tushirilayotganiga qaramay, asosiy veb-trafik hamon eng yirik o‘yinchilar qo‘lida to‘planib qolmoqda.
«AITools.xyz» tomonidan «SEMrush» va «Ahrefs» ma’lumotlari asosida tayyorlangan ushbu tahlil 2026 yil iyun oyidagi oylik veb-tashriflar bo‘yicha dunyodagi eng ommabop 15 ta sun’iy intellekt vositasi reytingini aks ettiradi.
Qayd etish lozimki, bu raqamlar faqat veb-saytlarga qilingan tashriflarni qamrab olgan bo‘lib, mobil ilova va API orqali foydalanish statistikasi bunga kiritilmagan.
Reyting | SI vositasi | Mamlakat | Oylik veb-tashriflar (2026 yil iyun) |
1 | ChatGPT | AQSH | 5,320,000,000 |
2 | Gemini | AQSH | 1,140,000,000 |
3 | Claude | AQSH | 967,910,000 |
4 | Canva | Avstraliya | 759,760,000 |
5 | Google Translate | AQSH | 343,020,000 |
6 | DeepSeek | Xitoy | 318,810,000 |
7 | Grok | AQSH | 189,890,000 |
8 | JanitorAI | AQSH | 173,170,000 |
9 | Character AI | AQSH | 165,460,000 |
10 | Perplexity | AQSH | 140,700,000 |
11 | Magnific (Freepik) | Ispaniya | 116,840,000 |
12 | Notion | AQSH | 110,640,000 |
13 | Zoom | AQSH | 96,240,000 |
14 | Microsoft Copilot | AQSH | 92,720,000 |
15 | Suno | AQSH | 81,840,000 |
«ChatGPT» o‘zidan keyingi 14 ta loyihani qo‘shib hisoblaganda ham ko‘proq trafik jalb qilmoqda
2026 yilning iyun oyi yakunlariga ko‘ra, global tarmoqda eng ko‘p foydalanilgan sun’iy intellekt platformalari statistikasida AQSH mahsuloti bo‘lgan «ChatGPT» mutlaq rekord bilan peshqadamlik qilmoqda. Mazkur platformaga bir oy ichida 5 milliard 320 million marta tashrif buyurilgan.
Reytingdagi yetakchi 15 ta vositaga yo‘naltirilgan umumiy veb-trafikning taxminan 53 foizi aynan «ChatGPT» hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa uning eng yaqin raqobatchilaridan naqadar katta farq bilan oldinda ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Kuchli uchlikdan 1 milliard 140 million tashrif bilan «Gemini» hamda qariyb 968 million ko‘rsatkichga ega «Claude» ham joy olgan.
Amerikaning mutlaq ustunligi va global raqobatchilar
Reytingda okean orti davlatining yaqqol ustunligi ko‘zga tashlanadi — yetakchi 15 ta vositadan 12 tasi AQSH kompaniyalariga tegishli. Bu esa sun’iy intellekt bozoridagi asosiy ulush hamon Qo‘shma Shtatlar hissasida qolayotganini tasdiqlaydi.
Shunday bo‘lsa-da, global raqobatda boshqa davlatlarning ham muvaffaqiyatli loyihalari o‘z o‘rnini topib bormoqda. AQSH monopoliyasidan mustasno bo‘lgan loyihalar quyidagilar:
· «Canva» (Avstraliya): O‘zini sun’iy intellekt imkoniyatlari asosida qayta qurgan va dizayn yaratishda ommalashgan ushbu platforma 760 million tashrif bilan 4-o‘rinni band etgan.
· «DeepSeek» (Xitoy): 319 million tashrif bilan 6-o‘rinni egallab turibdi.
· «Magnific» (Ispaniya): «Freepik» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan, tasvirlar sifatini oshiruvchi mazkur vosita 117 million tashrif bilan 11-o‘rindan joy olgan.
Bundan tashqari, kundalik ish jarayonlariga singib ketgan va sun’iy intellekt bilan boyitilgan ««Google Translate», «Notion», «Zoom» va «Microsoft Copilot» kabi vositalar ham eng ko‘p foydalaniladigan dasturlar qatoridan mustahkam joy olgan.
Personajlar bilan muloqot — yangi trend
Virtual personajlar bilan suhbat qurish trafikning yana bir e’tiborga molik manbai hisoblanadi. «JanitorAI» (173 million) va «Character AI» (165 million) loyihalari birgalikda oyiga taxminan 339 million tashrifni o‘zida jamlamoqda. Bu, hatto, «Perplexity» va «Microsoft Copilot»ning umumiy ko‘rsatkichidan ham yuqori. Bunday tendensiya personajlarga asoslangan neyrotarmoqlarni universal yordamchilardan keyingi eng yirik yo‘nalishlardan biriga aylantirmoqda.
«Google» ortda qolmoqda
«Google» mazkur reytingda ikkita loyihasi bilan ishtirok etayotgan yagona kompaniya hisoblanadi. Uning «Gemini» platformasi 1,1 milliard, ««Google Translate» xizmati esa yana 343 million tashrifni o‘ziga jalb etgan. Shunga qaramay, ularning ikkalasi birgalikda ham «ChatGPT» trafigining hatto uchdan bir qismiga yeta olmaydi.
Dunyodagi eng yetakchi qidiruv tizimi, eng ommabop brauzer va mobil operatsion tizim egasi bo‘lgan korporatsiya uchun bu o‘ta katta tafovutdir. «Microsoft» ham xuddi shunday muammoga duch kelmoqda — uning «Copilot» loyihasi bor-yo‘g‘i 93 million veb-tashrifni qayd etgan, xolos.
«ChatGPT» foydalanuvchilar orasida birinchilardan bo‘lib ommalashgani tufayli muhim ustunlikka ega bo‘ldi. U ishga tushganiga hali bir yil ham to‘lmasdan — 2024 yil boshidayoq dunyoning eng ko‘p tashrif buyuriladigan saytlari safidan joy olgan edi.
Ayni paytda «OpenAI», «Google», «xAI» va «Anthropic» kompaniyalari eng aqlli sun’iy intellekt modellari uchun raqobatda muntazam ravishda o‘rin almashib turgan bo‘lsa-da, bu yutuqlar veb-trafik ko‘rsatkichlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z aksini topmayapti.

