Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining sun’iy intellekt yaratish bo‘yicha maxfiy loyihasi barbod bo‘ldi
Xakerlar Rossiya maxsus xizmatlari odamlarni va internetni avtomatik kuzatish maqsadida taqiqlangan G‘arb texnologiyalari yordamida sun’iy intellekt yaratmoqchi bo‘lganini fosh qildi. Biroq mazkur maxfiy loyiha yollangan dasturchilarning malakasi va tajribasi yetmagani sababli oxiriga yetmay, butunlay barbod bo‘lgan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xodimlari uchun kundalik ish jarayonlarini osonlashtiruvchi va maxsus sun’iy intellektga asoslangan yopiq tizim yaratish loyihasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Bu haqda xakerlar tomonidan qo‘lga kiritilgan maxfiy hujjatlarga tayanib, «Vajnыye istorii» nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2025 yilning dekabr oyida anonim xakerlar Qozon shahridagi «Mikord» kompaniyasining serverlarini buzib kirgan va olingan hujjatlarni huquq himoyachilariga topshirgan. Aynan shu hujjatlar orqali FXXning ommaviy axborot vositalaridagi xabarlarni o‘zlarining yopiq ma’lumotlar bazasi bilan birlashtiruvchi «Pauk» nomli loyihasi ustida ish olib borilgani fosh bo‘ldi.
Bu loyihani ishlab chiqish 2024 yilning bahorida boshlanib, unga FXXning Axborotni himoya qilish markazi buyurtmachilik qilgan.
«Pauk» tizimi qanday ishlashi kerak edi?
Ushbu yangi tizimning asosiy vazifasi FXXning Ikkinchi xizmati, ya’ni Konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish va terrorizmga qarshi kurashish xizmati xodimlarining ishini avtomatlashtirishdan iborat bo‘lgan. Maxsus dastur internet tarmog‘idagi barcha kerakli yangiliklarni mustaqil ravishda to‘plab, ularni ichki portalga joylashtirishi lozim edi. Shundan so‘ng, navbatchi xodim bu xabarlardan rahbariyat uchun kunlik hisobotlarni shakllantirishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, tizimga biriktirilgan sun’iy intellekt yordamchisi nafaqat ochiq yangiliklar, balki FXXning yopiq bazalaridagi ma’lumotnomalar va operativ hujjatlar bo‘yicha ham qidiruv olib borishi kerak edi.
Tizim yordamida maxsus xizmat xodimlari muayyan shaxslarning ism-sharifi, tug‘ilgan sanasi, yashash joyi, telefon raqami va avtomobili haqidagi ma’lumotlarni osongina topishi rejalashtirilgan. Hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, FXX asosan muxolifat vakillarini kuzatish, migrantlarga nisbatan bosimlar va xorijdagi norozilik aksiyalari kabi mavzularni doimiy ravishda kuzatib boradi. Bu jarayonda ular uchun eng asosiy ma’lumot manbasi sifatida mustaqil nashrlar, xususan, «Aktivatika», «OVD-Info» va «Meduza» kabi loyihalar, shuningdek, turli anonim «Telegram» kanallar xizmat qilgan.
Sanksiyalarga qaramay G‘arb texnologiyalaridan foydalanish
Ushbu o‘ta maxfiy loyihani amalga oshirishda dasturchilar asosan G‘arb texnologiyalari va xizmatlariga murojaat qilishgan. Masalan, loyihaning dizayni va foydalanuvchi interfeysini yaratishda Amerikaning «Figma» servisidan foydalanilgan bo‘lsa, maxfiy ma’lumotlarni qayta ishlash jarayoni AQSH dasturchilariga tegishli bo‘lgan «LlamaIndex» tizimi orqali amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, tizimning asosi hisoblangan sun’iy intellekt vazifasini Rossiya hududida ekstremistik tashkilot deb topilgan va faoliyati taqiqlangan «Meta» kompaniyasining «Llama 2» til modeli bajarishi ko‘zda tutilgan edi. Shu bilan birga, butun ma’lumotlar bazasini saqlash va boshqarish uchun Rossiya bozorini tark etib, o‘z faoliyatini butunlay to‘xtatgan «MongoDB» platformasi tanlangan.
Ammo bu rejalarning hech biri amalga oshmadi. Loyihaning birinchi bosqichi 2025 yilning kuzida yakunlanishi kerak edi, lekin qariyb bir yarim yillik urinishlardan so‘ng ushbu ish to‘xtatildi. Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, bunga «Mikord» kompaniyasi dasturchilarida sun’iy intellekt va katta til modellari bilan ishlash bo‘yicha yetarli tajriba va malaka yo‘qligi sabab bo‘lgan. Oqibatda FSBning sun’iy intellektga asoslangan maxfiy yordamchi yaratish loyihasi butunlay yopilgan.





