Rossiya iqtisodiyoti «xavfli muvozanat»ga kirdi — Fortune
Tahlilchilarga ko‘ra, neft daromadlarining keskin pasayishi va budjet bosimi Rossiya iqtisodiyotini yozga borib jiddiy moliyaviy sinovdan o‘tkazishi mumkin.

To‘rt yil muqaddam Vladimir Putin Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin uyushtirish buyrug‘ini berganidan so‘ng joriy etilgan xalqaro sanksiyalar tufayli Rossiya iqtisodiyoti asta-sekin «xavfli muvozanat» holatiga kirdi.
«Fortune» nashrining yozishicha, mamlakat iqtisodiy tizimi hozircha qulayotgani yo‘q, ammo u o‘z kelajagini izchil ravishda yemiradigan mexanizmga aylangan. Carnegie Russia Eurasia Center ilmiy xodimi, Rossiya Markaziy bankining sobiq maslahatchisi Aleksandra Prokopenko bu holatni «negativ muvozanat» deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisod «o‘zini saqlab turibdi, ammo shu bilan birga kelajak asoslarini yemirmoqda».
Iqtisodiy o‘sish amalda to‘xtagan, g‘arb sanksiyalari fonida neft daromadlari ikki barobarga qisqargan. Budjet taqchilligi esa davlat zaxiralarini tez sur’atda sarflamoqda. Natijada mamlakatda ikki xil iqtisod shakllangan: biri — Kreml ustuvor deb hisoblagan harbiy sektor, ikkinchisi — qolgan barcha tarmoqlar.
Harbiy renta modeli
Hozirgi tizim «harbiy renta» deb atalishi mumkin. Davlat mudofaa korxonalariga budjet transfertlari ajratadi, bu esa ish haqi va qisman iqtisodiy faollikni saqlab turishga xizmat qiladi. Biroq bu mablag‘lar tank, bronetexnika va boshqa qurol ishlab chiqarishga sarflanmoqda. Bunday aktivlar keyinchalik yo‘q qilinadi yoki shikastlanadi va uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish uchun baza yaratmaydi.
Shuningdek, harbiy safarbarlikka sarflangan mablag‘lar fuqarolik sektori samaradorligini oshirmaydi. «Center for Strategic and International Studies» baholashlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlarining umumiy yo‘qotishlari 1,2 million kishiga yetgan, shundan 325 ming nafari halok bo‘lgan. Prokopenko bu jarayonni «organizm mushaklarini energiya uchun yoqmoqda» deb ta’riflagan.
Moliyaviy bosim
Markaziy bank asosiy stavkalarni pasaytirganiga qaramay, tizimli muammolar monetar yoki fiskal choralar bilan hal etilmayapti. Davlat qarzi bo‘yicha foiz to‘lovlari joriy yilda ta’lim va sog‘liqni saqlashga ajratilgan umumiy xarajatlardan oshib ketishi kutilmoqda.
«The Washington Post» ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya amaldorlari yozga borib moliyaviy inqiroz xavfi borligi haqida ogohlantirgan. Yanvar oyida neft daromadlari o‘tgan yilga nisbatan 50 foizga tushgan. Moskvadagi tadbirkorlardan biri inflatsiya kuchayishi fonida inqiroz «uch-to‘rt oy» ichida yuzaga kelishi mumkinligini bildirgan. Restoranlar yopilmoqda, xodimlar qisqartirilmoqda, aholi kredit yukini ko‘tarishda qiynalmoqda. Bu esa bank tizimi uchun ham qo‘shimcha xatar yaratadi.





