Sentyabrda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim tuzildi
O‘zbekistonda sentabr oyida eskrou hisobvaraqlari orqali ko‘chmas mulk va avtomobillar savdosi bo‘yicha bitimlar soni o‘tgan oyga nisbatan 3,8 foizga oshdi. Hududlar kesimida eng ko‘p bitim Toshkent shahrida qayd etilgan.
© Getty Imagеs2026-yil sentabr oyida O‘zbekistonda eskrou hisobvaraqlari orqali ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisi bo‘yicha 34 659 ta bitim rasmiylashtirildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Hisobot davrida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha 16 711 ta bitim qayd etildi. Bu avgust oyiga nisbatan 1 126 taga yoki 7,2 foizga ko‘pdir. Transport vositalari oldi-sotdisi bo‘yicha esa sentabr oyida 17 948 ta bitim rasmiylashtirildi.
Toshkent yetakchilik qilmoqda
Hududlar kesimida eng ko‘p bitim Toshkent shahrida qayd etildi — 10 711 ta. Bu mamlakat bo‘yicha rasmiylashtirilgan barcha bitimlarning 30,9 foizini tashkil qiladi.
Keyingi o‘rinni Farg‘ona viloyati egalladi. Hududda sentabr oyida 3 363 ta bitim rasmiylashtirilgan. Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 3 131 tani, Namangan viloyatida esa 2 404 tani tashkil etdi.
Ushbu raqamlar eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshirilgan bitimlarning salmoqli qismi poytaxt hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatadi. Qolgan hududlarning umumiy ulushi 69,1 foizga teng bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avgustda eskrou hisobvaraqlari orqali 33 392 ta bitim rasmiylashtirilgan edi. Ularning qariyb yarmi transport vositalari oldi-sotdisiga to‘g‘ri kelgan.





