Shavkat Mirziyoyev Bokuda Aleksandr Vuchich bilan uchrashdi
Uchrashuvda savdo, mashinasozlik, farmatsevtika va gumanitar hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
© Foto: president.uzBugun, 18-may kuni Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘p qirrali O‘zbekiston – Serbiya munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirishning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.
Asosiy e’tibor tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mashinasozlik, qayta ishlash, kimyo va elektrotexnika sanoati, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi hamda turizm kabi sohalarda kooperatsiya dasturini ishlab chiqish masalalariga qaratildi.
Gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, rektorlarning birinchi forumi hamda Kino va madaniyat kunlarini o‘zaro o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Yetakchilar xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini muhokama qildilar.





