Shavkat Mirziyoyev ertaga Ozarboyjonga boradi
Tashrif davomida O‘zbekiston yetakchisi bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
© Foto: president.uzO‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 14-15-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
O‘zbekiston yetakchisi Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etadi.
Ozarboyjon raisligida o‘tkaziladigan forum kun tartibidan Osiyo qit’asida ishonch, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash hamda Kengashning institutsional rivojlanishini yanada takomillashtirishga oid dolzarb masalalar o‘rin olgan.
Transport bog‘liqligini rivojlantirish, raqamlashtirish, barqaror iqtisodiy o‘sish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.
Ishtirokchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Boku deklaratsiyasi hamda Tashkilotning roli va samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.
Sammit doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Ta’kidlash joiz, OHICHK Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro forum hisoblanadi. Hozirgi vaqtda Kengash qit’a hududi va aholisining qariyb 90 foizini tashkil etuvchi 28 ta davlatni birlashtirgan.