Logo

Shaxmat donalarining o‘rni almashdi. Kim qayerga ishga o‘tdi?

Bugun 20:485 daqiqa

Prezident maslahatchisi Sardor Umrzoqov ishdan olinib, boshqa lavozimga qo‘yildi. Lavozimi oshgan Kattaxonova Standfordga ketmaydigan bo‘ldi. O‘zbek siyosatida navbatdagi «rokirovka» qanday kechgani haqida Vaqt.uz materialida tanishing.

O‘zbekistonda navbatdagi ish kunida yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Bu o‘zgarishlar asosan 5 nafar kadr bilan bog‘liq va ular orasida sizga tanish chehralar ham yo‘q emas. Kim qayerga ishga o‘tdi yoki qayerdagi kursisidan olindi deyayotgan bo‘lsangiz kerak. Bu gal o‘zbek siyosatidagi oxirgi tayinlovlar va ularga ishonib topshirilgan ishlar haqida bafurja so‘z yuritamiz.

Prezident Mirziyoyevning farmoni bilan Sardor Umrzoqov prezidentning strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi. Negaki ushbu lavozim tugatildi. Biroq Umrzoqovga yangi vazifa topshirildi. Endilikda ishga kirishadigan bu safargi lavozimi oldingisidan unchalik ham farq qilavermaydi. Ya’ni u Prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori bo‘ldi. Soha bir, yo‘nalish bir, faqat lavozim nomida farqlilik bor, xolos.

Esingizda bo‘lsa, 2023-yilning avgust oyida Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi tugatilganidan so‘ng ham o‘sha kungacha unga «bosh» bo‘lib kelgan Sardor Umrzoqovga boshqa joydan ish berishgandi. O‘zi Umrzoqov qayerlarda kim bo‘lib ishlagan? Bir esga olsak.

Sardor Umrzoqov 1977-yil 23-noyabrda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bakalavrni va Britaniyaning Reading universitetida magistraturani o‘qigan.

2007-yildan e’tiboran 7 yil davomida Umrzoqov Moliya vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘i o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari, Toshkent shahar G‘aznachiligi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. U 2014–2017-yillarda «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi boshqaruvi raisining maslahatchisi, 2017–2018-yillarda rais o‘rinbosari bo‘lgan. Uyushma qayta tashkil etilib, «O‘zcharmsanoat»ga aylantirilgach, 2018–2019-yillarda unga raislik qilgan.

Sardor Umrzoqov 2019-yil 28-yanvarda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bo‘ldi va biroz vaqt o‘tib, 2022-yilning 16-iyul kuni Prezident Administratsiyasi rahbarligiga ishga o‘tkazilgan. Ammo yana bir yil o‘tishi bilanoq, 2023-yilning avgust oyida uning lavozimi yana boshqasiga almashtirildi. Chunki Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi tugatildi. U Yangi O‘zbekistondagi eng qudratli, cheksiz imkoniyatlarga ega tuzilma bo‘lgan va doimiy e’tibor markazida edi. 2020-yildan 2025-yilgacha o‘tgan 5 yil davomida 5-marta o‘zgarishga yuz tutgan Prezident Admiministratsiyasini ushbu vaqt ichida Zaynilobiddin Nizomiddinov, Sardor Umrzoqov va Aziz Mag‘rupov boshqardi. Tugatilgan bu tashkilot 2025-yil iyulda yana qayta tuzilib, boshqaruvda navbat prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaga berildi.

Bu vaqt ichida, aniqrog‘i 2 yil Umrzoqov prezident Mirziyoyevga maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahat berib turdi. Saida Mirzioyeva qatorida o‘tgan yil yozda Umrzoqov ham yangi ishga o‘tkazildi. Galdagi vazifa ham davlat rahbariga maslahatchilik qilish edi, faqat O‘zbekistonni strategik rivojlantirish bo‘yicha. Bu yoz ham keldi va har yozda bo‘lib kelayotganidek 10-iyul kuni Umrzoqov yana bir tayinlovga yuz tutdi. Bugundanoq Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori bo‘lib ishga kirishgan va Umrzoqov o‘tirgan kursida shu kungacha Abdulla Abduqodirov edi. Lekin prezidentning joriy yil 12 -maydagi farmoni bilan direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib faoliyat yuritib kelgan Abduqodirov direktorlik kursisida bor yo‘g‘i 2 oycha o‘tirdi, xolos. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, u ham boshqa ishga olingan. Ammo unga qayerdan ish teggani haqidagi ma’lumot hozircha ochiq emas.

Abduqodirov kim?

Iqtisodiyot fanlari doktori, iqtisodiyot sohasida ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassis bo‘lmish Abdulla Abduqodirov oxirgi yillarda investitsiyalar va strategik rivojlanish yo‘nalishida faoliyat yuritib kelmoqda. Bungacha u Moliya vazirligida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan, jumladan vazir o‘rinbosari va vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, Davlat mulk qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, Qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish va takomillashtirish markazi bosh direktori bo‘lgan. Faoliyati davomida xususiy sektor va bank tizimida ham ishlagan, xususan ABN AMRO bankining O‘zbekistondagi filialida boshqaruv raisi o‘rinbosari, «InfinBank» kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lgan.

2020–2022-yillarda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri maslahatchisi bo‘lib ishlagan. 2022-yilning dekabridan agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 

Abduqodirov qayerga ishga o‘tkazilgani yoki umuman davlat ishida qoldimi yoki yo‘q, ma’lumot berilmadi.

Shaxmatda har bir donaning o‘z vazifasi bo‘lgani kabi davlat boshqaruvida ham kadrlarning mas’uliyatli ishi mavjud. Har bir rahbar xodim o‘z vazifasini sidqidildan, mas’uliyat bilan bajarsa, boshqaruv tizimi izchil va samarali ishlaydi. Tizimdagi har bir bo‘g‘in o‘z funksiyalarini to‘g‘ri bajarsa, natijada jamiyat taraqqiyoti, xalq farovonligi va davlat mustahkamligi ta’minlanadi.

Tayinlovlar kunida, navbatdagi o‘zgarish Muzaffar Komilov bilan bo‘ldi. U prezidentning diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisiga aylandi. U bu ishda mart oyidan beri ish yuritib kelayotgandi. Komilovning avvalgi lavozimining vazifasi ham bugun egallagan lavozimi bajaradigan ishlar bilan deyarli o‘xshash. Umuman olganda, uning biografiyasi aynan din masalalari bilan kechgan. Qolaversa, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetlarida prorektor lavozimlarida ish olib borgan.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Komilov 2018-yil 18-aprel sanasidan boshlab Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, 2021-yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori bo‘lgan. 2022-yil 2-feral kunidan boshlab Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod qilingandi va Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga qo‘yildi. Hozirgi tayinlovning mart oyidagisdan farqli jihati yo‘q. Shunchaki yana bir bor tasdiqlandi, xolos. Prezident matbuot xizmati yozgan xabardan shu anglashiladi.

Stanfordga o‘qishga kirgan Kattaxonova

Ishdan olinganlar qaorida bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ham bor. Abduqodirov singari unga ham qaysi tashkilotdan ish berilgani ochiqlanmadi. Vaqtida Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi ham bo‘lgan Mahkamova 2022-yil 1-martdan buyon bosh vazirga o‘rinbosar edi.

Ammo uning vorisi aniq, Standfordga o‘qishga kirgan va yangi tayinlov sabab Amerikaga ketmaydigan Dilnoza Kattaxanova. U bungacha Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan edi. Ushbu lavozim o‘zgarishi davlat rahbarining 30-iyun kungi yoshlar bilan uchrashuvda hukumatdagi turli lavozimlarga yosh kadrlarning olib kelinishi siyosati davom etishi haqidagi fikrlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasiga ega, Garvard universitetining Jon Kennedi nomidagi davlat boshqaruvi maktabining magistrlik dasturi tinglovchisi bo‘lgan Dilnoza Kattaxanova, tahririyatimizning Yoshlar ishlari agentligidagi manbasiga ko‘ra, shu kunlarda AQSHdagi xususiy Stanford universitetiga o‘qishga ham kirgan edi. Ammo tayinlovdan keyin endi u Kaliforniyaga ketmaydi.

Hali aprelda prezidentining madaniyat bo‘yicha vakili bo‘lgan G‘iyosiddin Rajabov yozga kelib boshqa ishga o‘tgan va shu sabab u bu ishni davom ettirmaydi. Uning o‘rnini Hasan Solixov egallaydi. U bungacha Kreativ industriya parki direktori lavozimida ishlab kelgan.

Xullas mamlakatning yuqori lavozimlaridagi bugungi o‘zgarishlar shular. O‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ishlariga muvaffaqiyat tilagan holda, mamlakat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shishiga umid qilamiz.

Teglar

Mavzuga oid

Shaxmat donalarining o‘rni almashdi. Kim qayerga ishga o‘tdi? | Vaqt.uz