Logo

Sobiq murabbiy O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsizligida Kannavaroni aybladi

Bugun 16:152 daqiqa

Milliy terma jamoaning rossiyalik sobiq murabbiyi Valeriy Nepomnyashi Jahon chempionatida O‘zbekiston termasini Temur Kapadze boshqarishi kerak bo‘lganligini, Fabio Kanavvaro esa futbolchilarning salohiyatini to‘g‘ri baholay olmaganini aytdi.

Sobiq murabbiy O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsizligida Kannavaroni aybladi © TASS

O‘zbekiston terma jamoasining sobiq murabbiyi Valeriy Nepomnyashi Rossiya nashriga intervyu berdi. Unda sobiq murabbiy O‘zbekiston terma jamoasining mundialdagi muvaffaqiyatsizligiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Balki men buni aytishim mutlaqo o‘rinli emasdir, lekin menimcha, Timur Kapadze jamoani boshqarishi kerak edi. Menimcha, Kannavaro o‘yinchilarning darajasini to‘g‘ri baholay olmadi va o‘yinlar uchun to‘g‘ri taktikani tanlamadi. U o‘yinchilarni o‘z qarashlariga moslashtirish o‘rniga, ularning eng yaxshi fazilatlaridan foydalanishi kerak edi. Ular bilan uzoq vaqtdan beri ishlagan Kapadze ularning imkoniyatlarini yaxshiroq biladi. Birinchi o‘yinda jamoa juda ehtiyotkorlik bilan o‘ynadi, ikkinchisida esa, aksincha, juda beparvo va tavakkaliga o‘ynadi», - dedi Nepomnyashi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston terma jamoasi Kolumbiyaga qarshi o‘yinda ilk golni o‘tkazib yuborganiga qaramay, ikkinchi bo‘limda maydonda teng kurash ko‘rsatgan edi. Portugaliyaga qarshi o‘yinda esa raqiblarning ikkita tezkor goli o‘yin ssenariysini tubdan o‘zgartirib yubordi. Himoya chizig‘idagi xatolar terma jamoaning o‘yinida konsentratsiyaning yo‘qolishiga olib keldi.

 «Uchinchi o‘yinda vaziyat biroz yaxshilandi, ammo raqib unchalik kuchli emas edi. Men O‘zbekiston uchinchi o‘rinda keyingi bosqichga chiqishi kerak deb o‘ylagandim. Biz bilgan o‘yinchilar juda yaxshi o‘ynashdi. Portugaliya yoki Kolumbiya bilan teng sharoitlarda o‘ynashga urinish mutlaqo noto‘g‘ri edi» - deya qo‘shimcha qildi terma jamoa sobiq murabbiyi.

Nepomnyashi 2006 yilda O‘zbekiston terma jamoasiga murabbiy sifatida olib kelingan edi. Rossiyalik mutaxassis qo‘l ostida terma jamoa jami 6 ta uchrashuvda maydonga tushgan va 3 ta g‘alaba 2 ta durang va bitta mag‘lubiyat qayd etgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning mundialga chiqishida dastlab Srechko Katanes, keyinchalik esa Temur Kapadze muhim rol o‘ynadi. Biroq UFA 2025 yilning oktabr oyida italiyalik sobiq futbolchi Fabio Kannavaroni murabbiy etib tayinladi.

Kanavvaro boshchiligidagi terma jamoa Jahon chempionatining barcha o‘yinlarida mag‘lub bo‘ldi. Jamoa 3 ta o‘yinda 2 ta gol urdi, 11 ta gol o‘tkazib yubordi.

Teglar

Mavzuga oid