«Soliq» ilovasida 204 ming kishi «shubhali» deb topildi

Bugun 22:032 daqiqa

Soliq qo‘mitasi bu qaror ortidagi sabablarga izoh berdi.

«Soliq» ilovasida 204 ming kishi «shubhali» deb topildi © Soliq.uz ilovasi

Soliq qo‘mitasi so‘nggi kunlarda «Soliq» mobil ilovasida ko‘plab fuqarolarga «shubhali foydalanuvchi» maqomi berilgani yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bu chora ijtimoiy keshbek tizimidan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish maqsadida ko‘rilmoqda.

Qayd etilishicha, davlat tomonidan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida to‘qqiz turdagi mahsulot va xizmatlar uchun 1 foiz keshbek o‘rniga, xarid summasidan to‘langan QQS qaytarish belgilangan. Unga go‘sht mahsulotlari, tuxum, o‘simlik yog‘i, un, shakar, dori vositalari va tibbiy xizmatlar kiradi.

Biroq qo‘mita ma’lum qilishicha, ayrim shaxslar va tadbirkorlar ushbu tizimdan noqonuniy manfaat ko‘rish maqsadida foydalanishga uringan.

35 milliard so‘mlik sxema fosh etildi

Soliq qo‘mitasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘tkazgan tekshiruvlar natijasida Andijon viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan «Soliq» mobil ilovasi orqali 35,1 milliard so‘m mablag‘ni keshbek ko‘rinishida talon-toroj qilish holati aniqlangan.

Shuningdek, tekshiruv davomida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»dagi fuqarolarga mahsulot va xizmatlar sotgan 649 ta korxona faoliyati ham o‘rganilmoqda.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur korxonalar 2025–2026 yillarda onlayn nazorat-kassa texnikasi orqali 36,8 trillion so‘mlik operatsiyalarni rasmiylashtirgan va 771,1 ming nafar fuqaroga 347,9 milliard so‘m keshbek to‘langan.

102 milliard so‘mlik to‘lov to‘xtatildi

Tekshiruvlar natijasida 204,1 ming nafar fuqaro «shubhali xaridorlar reyestri»ga kiritilgan.

Natijada ushbu shaxslarga 2026 yil aprel oyi uchun hisoblangan 102,5 milliard so‘mlik ijtimoiy keshbek mablag‘larini qaytarish vaqtincha to‘xtatilgan.

Teglar

Mavzuga oid