
«SpaceX», «OpenAI», «Anthropic»: 2026 yilda kutilgan eng yirik besh IPO
Birlamchi joylashtirishlar bozori so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik texnologik listinglar to‘lqiniga tayyorlanmoqda.

2026 yilda IPO bozori kuchli ko‘tarilishni boshdan kechirishi mumkin: birjaga aerokosmik kompaniya «SpaceX» hamda ommabop chat-botlar ishlab chiquvchi ikkita kompaniya — «OpenAI» va «Anthropic» chiqishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shu bilan birga, «SpaceX» va «OpenAI»ning joylashtirilishi tarixdagi eng yirik IPO maqomi uchun raqobatlashishi mumkin. Barcha kompaniyalar hozircha IPO’ga tayyorgarlikning turli bosqichlarida turibdi, muddatlar va parametrlar esa bozor kon’yunkturasi hamda biznes o‘sishi sur’atlariga bog‘liq bo‘ladi.
«SpaceX»
Dunyodagi eng qimmat aerokosmik kompaniya 2026 yilning o‘rtalarida yoki ikkinchi yarmida birjaga chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda va 30 mlrd dollardan ortiq mablag‘ jalb etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda dekabr oyi boshida «Bloomberg» manbalari xabar bergan, keyinchalik «SpaceX» rahbari Ilon Mask bu ma’lumotni «aniq» deb atagan.
Ushbu joylashtirish tarixdagi eng yirigiga aylanishi mumkin. U 2019 yilda IPO orqali 29 mlrd dollar jalb etgan «Saudi Aramco» rekordini ortda qoldirishi ehtimoldan xoli emas. Agentlik yozishicha, IPO natijasida «SpaceX»ning bozor qiymati 1,5 trln dollarga yetishi mumkin. Bu kompaniyaning so‘nggi bahosidan deyarli ikki barobar yuqori.
Birjada jalb etiladigan mablag‘larning bir qismi sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘i «Starlink» uchun kosmosda data-markazlar qurishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgani ham ma’lum qilingan.
Voqealarni bashorat qilish platformasi Polymarket ishtirokchilari «SpaceX»ning 2026 yilda IPO o‘tkazish ehtimolini 81 foiz deb baholamoqda, deb yozadi Benzinga. Hatto kompaniyaning kelajakdagi tikeri bo‘yicha ham stavkalar qilinmoqda. Eng ommabop variantlar — $X, $SEX va $SX.
«OpenAI»
«ChatGPT» ishlab chiquvchisi bo‘lgan «OpenAI» 2025 yil davomida eng qimmat nodavlat kompaniya maqomi uchun «SpaceX» bilan raqobat qilgan holda, birjaga chiqish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. «Reuters» manbalariga ko‘ra, joylashtirish chog‘ida «OpenAI»ning ehtimoliy bahosi 1 trln dollargacha yetishi mumkin. Bu esa uni ommaviy bozorlar tarixidagi eng qimmat debyutantlardan biriga aylantiradi.
Taqqoslash uchun: dekabr oyi o‘rtasida «The Wall Street Journal» manbalari «OpenAI»ning navbatdagi investitsiya raundiga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar bergan edi. Ushbu raund kompaniyani 830 mlrd dollargacha baholashi mumkinligi qayd etilgan edi.
«Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, «OpenAI» regulyatorlarga hujjatlarni 2026 yilning ikkinchi yarmida taqdim etishi mumkin. Nashr qayd etishicha, kompaniyaning moliya direktori Sara Frayer yaqin atrofidagilarga listingni 2027 yilga mo‘ljallayotganini aytgan. Biroq ayrim maslahatchilar birjaga chiqish muddati ertaroq — 2026 yil oxiriga yaqin bo‘lishi mumkinligini ham istisno etmayapti. Dastlabki muhokamalar doirasida «OpenAI» diapazonning quyi chegarasi bo‘yicha taxminan 60 mlrd dollar jalb etish variantini ko‘rib chiqqan.
«Anthropic»
«Claude» chat-boti ishlab chiquvchisi va «OpenAI»ning raqobatchisi hisoblangan «Anthropic» 2026 yilda IPO o‘tkazish bo‘yicha dastlabki muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda dekabr oyi boshida «Financial Times» o‘z manbalariga tayanib xabar qilgandi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, startap qo‘shimcha xususiy moliyalashtirish raundi o‘tkazish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Ehtimoliy listingning aniq parametrlari hozircha ochiqlanmagan. Ma’lumki, sentabr oyida «Anthropic» seriya F raundi doirasida 13 mlrd dollar jalb qilgan, shundan so‘ng kompaniya bahosi 183 mlrd dollarga yetgan.
Kompaniya hamkorlar doirasini faol kengaytirmoqda. Xususan, «Google» bilan 1 mlnta ixtisoslashgan TPU protsessori va 1 GWdan ortiq hisoblash quvvatlaridan foydalanish bo‘yicha kelishuv imzolangan. Shuningdek, «Claude» «IBM»ning korporativ sun’iy intellekt mahsulotlariga integratsiya qilingan va «Microsoft» bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
«Kraken»
Dunyodagi eng yirik kriptovalyuta birjalaridan biri hisoblangan Kraken ham listing o‘tkazish imkoniyatini o‘rganmoqda. CNBC ma’lumotlariga ko‘ra, platforma 2026 yilning birinchi choragida IPO o‘tkazish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Kelajakdagi joylashtirish parametrlari — hajm va narx diapazoni hozircha aniqlanmagan.
«Reuters»ning xabar berishicha, 2025 yil noyabrida «Kraken» biznesini 20 mlrd dollarga baholagan holda 800 mln dollar jalb qilgan. Olingan mablag‘lar xalqaro bozorlarda ishtirokni kengaytirish va to‘lov xizmatlarini rivojlantirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Hozirda «Kraken» qo‘shilish va qo‘shimcha xaridlar orqali biznesini faol kengaytirmoqda. Xususan, may oyida u chakana fyucherslar savdosi platformasi «NinjaTrader»ni 1,5 mlrd dollarga sotib olgan. Oktyabr oyida esa «IG Group»dan fyuchers birjasi «Small Exchange»ni 100 mln dollarga xarid qilgan.
«Discord»
Asosan geymerlarga mo‘ljallangan muloqot ilovasi yaratuvchisi «Discord» bir necha yildan beri IPO’ga ehtimoliy nomzodlar qatorida tilga olib kelinmoqda. Kompaniyaning birjaga chiqishi haqidagi mish-mishlar kamida 2022 yildan buyon aylanib yuradi.
2025 yil mart oyida «Bloomberg» «Discord» investitsiya banklari bilan ehtimoliy joylashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlarni boshlagani va hatto o‘sha yilning o‘zida birjaga chiqishni istisno etmayotganini xabar qilgan edi. Shu bilan birga, muddatlar surilishi mumkinligi ham qayd etilgan.
Oktyabr oyida esa «Morningstar» «Discord» IPO’siga oid kutilmalarni yana bir bor eslatgan, biroq aniq sana keltirmagan. Shundan beri listingga tayyorgarlik bo‘yicha yangi tasdiqlangan ma’lumotlar paydo bo‘lmadi.
2015 yilda asos solingan «Discord»ning oxirgi ommaviy ma’lum bo‘lgan bahosi 2021 yildagi investitsiya raundi yakunlariga ko‘ra taxminan 15 mlrd dollarni tashkil etgan. Kompaniya vakili avvalroq «Discord» o‘zining kelajak rejalariga nisbatan yuqori qiziqishni anglashini, biroq listing haqidagi mish-mishlarga izoh bermasligini, asosiy e’tibor esa mahsulotni rivojlantirish va biznes barqarorligiga qaratilganini ta’kidlagan.


