«Subsidiyalash kamayadi degan narsa yo‘q» — poytaxt transporti xarajatlarining 60 foizdan ortig‘i budjetdan qoplanadi
Toshkentda yo‘l haqi oshirilganiga qaramay, jamoat transporti xarajatlarining asosiy qismi davlat budjeti hisobidan qoplanishda davom etadi. Hozirda poytaxtda bir yo‘lovchini tashish tannarxi 5 ming 580 so‘mni tashkil etmoqda.

Bugun, 16-oktabr kuni Transport vazirligi tomonidan jamoat transportini rivojlantirish borasidagi islohotlar samaradorligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Vaqt.uz muxbiri Toshkentda yo‘l haqi oshirilgani, jamoatchilik muhokamasi natijalari ochiq e’lon qilinmagani va narx oshishi davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘larga qanday ta’sir qilishi haqida savol berdi.
Yo‘l haqi oshdi, endi subsidiyalash kamayadimi?

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarovning aytishicha, amaldagi tizimda subsidiyalash mexanizmi mavjud emas. Uning tushuntirishicha, hozir tashuvchilarga bosib o‘tilgan har bir kilometr va ko‘rsatilgan xizmat uchun haq to‘lanadi. Yo‘lovchilardan tushgan mablag‘lar jamg‘armaga yo‘naltiriladi, tushum xarajatlarni qoplashga yetmasa, qolgan qismi davlat budjetidan ajratiladi.
«Bu yilni oladigan bo‘lsak, 2 trillionga yaqin so‘m ajratilgan. Ya’ni shu avtobuslarga to‘lovlarni berish uchun. Bu 2 trillionning ma’lum qismi Toshkentga, ma’lum qismi hududlardagi tashuvchilarga beriladi. Har bir bosgan kilometri uchun, xizmati uchun pul to‘lab beramiz. Yo‘lovchidan tushgan pul esa jamg‘armaga tushadi», — dedi Omarov.
Uning ta’kidlashicha, yo‘l haqi oshirilgani davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar kamayishini anglatmaydi. Aksincha, kelgusi yilda ham avtobuslar xarid qilish va yo‘nalishlar sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Xarajatlarning yo‘lovchilar to‘lovlari bilan qoplanmagan qismi budjet hisobidan moliyalashtiriladi.
«Yetmagan qismini davlat budjeti tomonidan qoplab berilaveradi. Shuning uchun subsidiyalash kamayadi degan narsa yo‘q», — dedi vazir o‘rinbosari.
Toshkentda transport xarajatlari 2,7 trln so‘mga yetishi kutilmoqda

Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramovning ma’lum qilishicha, 2025 yilda poytaxtda jamoat transporti tashuvchilariga to‘lovlar uchun 1,8 trillion so‘m ajratilgan. Shundan yo‘lovchilardan tushgan mablag‘ 600 milliard so‘mni tashkil etgan. Ya’ni xarajatlarning taxminan uchdan bir qismi yo‘lovchilar to‘lovlari hisobidan qoplangan.
Hozirgi kunda Toshkentda bir yo‘lovchini tashish tannarxi 5 580 so‘mni tashkil etadi. Kelgusi yilda yana 500 ta avtobus olib kelish, yo‘nalishlarni ko‘paytirish va avtobuslar oralig‘idagi vaqtni qisqartirish rejalashtirilgan. Bu esa transport tizimi xarajatlarining oshishiga olib keladi.
«2025 yilni oladigan bo‘lsak, bizda o‘sha subsidiyalash demaymiz-ku, o‘sha belgilangan hisobotlar bo‘yicha 1,8 trillion pul ajratilgan edi Toshkent shahriga. Shundan yo‘lovchidan tushadigan pul bu 600 milliardni tashkil qiladi. Ya’ni uchdan bir qismi yo‘lovchi tomonidan qoplab beriladi. Hozirgi kunga kelib, Toshkent shahridagi bir yo‘lovchini tashish tannarxi 5 580 so‘mni tashkil qiladi», — dedi Ikramov.
Uning aytishicha, kelgusi yil uchun jamoat transporti xarajatlari 2,7 trillion so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda. Yo‘l haqi 2 500 so‘m hisobidan olinsa, yo‘lovchilardan tushadigan tushum 1 trillion so‘mni tashkil etadi.
«Hozirgi kunda Toshkent shahriga yana 500 ta avtobus olib kelishni rejalashtirganmiz keyingi yilga. Bu bilan biz xarajatni oshirishni reja qilganmiz, ya’ni o‘sha intervallarni kamaytiramiz hamda bizning budjetimiz hozirgi kunda prognozlarimiz 2,7 trillion so‘mni tashkil qiladi. Ya’ni xarajatlarimiz 2,7 trillion. Shundan agar 2 500 so‘m deb hisoblaydigan bo‘lsak, bizdagi tushum 1 trillionni tashkil etadi. Hozirda mana ko‘rinib turibdiki, budjetga tushadigan o‘sha yuklama ham 1,7 trillionni tashkil qiladi. Ya’ni yo‘lovchi tomonidan qoplab berilgani 1 trillion bo‘lsa, 1,7 trillionni budjet tomonidan qoplab beriladi. 60 foizdan ortiq baribir budjet tomonidan qoplab berilyapti», — dedi Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i.
Demak, keltirilgan prognozlarga ko‘ra, yo‘lovchilar to‘lovlari jamoat transporti xarajatlarining qariyb 37 foizini qoplaydi. Qolgan 63 foizdan ortig‘i esa davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz jamoat transportida yo‘l haqi oktabr oyidan 47 foizga oshirilganidan keyin rasmiylar jamoatchilik muhokamasi natijalari bo‘yicha mas’ul tashkilotlar aniq axborot bermagani haqida yozgan edi.
Teglar






